“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan jami 11 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr va issiqlik energiyasining asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi.
Shuning uchun, aholi va boshqa isteʼmolchilarning elektr va issiqlik energiyasiga oʻsib borayotgan talabini qondirish, ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlashda faoliyat koʻrsatayotgan joriy quvvatlarni eng zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangi energosamarador quvvatlarni ishga tushirish “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ oldida turgan ustuvor vazifa hisoblanadi. Bu borada issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish mamlakatimiz Prezidentining bir qator qaror va farmoyishlari bilan belgilab berilgan boʻlib, ayni vaqtda ularda koʻrsatilgan vazifalar jadal surʼatlarda amalga oshirib borilmoqda. Ushbu yoʻnalishda faoliyatimiz Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, mahalliy banklar va xalqaro moliya institutlari — Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Xitoy banklari tomonidan faol ravishda qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Ayni paytda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan umumiy qiymati 3,2 mlrd. AQSH dollarga teng boʻlgan jami 11 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelinmoqda. 11 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida mamlakat aholisi qoʻshimcha 2,3 GVt elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.
Barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan ushbu loyihalar ijrosi doirasida 2024-yilda 616,9 mln. dollarni oʻzlashtirish belgilangan.
2024-yil yanvar-sentyabr yakunlari boʻyicha mazkur loyihalar doirasida 358,72 mln. dollar oʻzlashtirildi, reja 354,0 mln. dollar, shunda bajarilishi 101,3 foiz, bu 2023-yilga nisbatan 155,2 foizga koʻp.
Maʼlumot uchun, 2023-yil yanvar-sentyabr oylarida 231,1 mln. AQSH dollari oʻzlashtirilgan.
Joriy yil aprel oyida Toshkent issiqlik elektr markazida umumiy quvvati 32 MVt boʻlgan 2 ta gaz turbina qurilmasini qurish investitsiya loyihasi yakuniga yetkazildi.
Shu bilan birga, yil yakuniga qadar Toshkent shahrining issiqlik taʼminoti soʻnggi nuqtalarida joylashgan 6 ta mahallalarda kogeneratsiya loyihalarini amalga oshirish loyihasi doirasida Olmazor va Sergeli tumanlarida kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish boʻyicha, mahalliy kompaniya sifatida “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ va xorijiy, jumladan, AQSHning “General Electric”, Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation”, “Itochu”, Janubiy Koreyaning “Hyundai”, Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial S.A.”, Turkiyaning “Iltekno”, “Tasyapi Insaat Taahhut Sanayi Ve Ticaret A.S.”, “Sekerci Endustriael Ic Ve Ticaret” hamda Xitoy Xalq Respublikasining “CNTIC”, “CMEC” (China Machinery Engineering Corporation), “State Grid” kabi yirik kompaniyalari bilan samarali hamkorlik qilmoqda.
Shuningdek, 2024-2025-yillar kuz-qish mavsumida aholining elektr va issiqlik energiyasiga boʻlgan talabini qondirish va mavsumni betalafot oʻtkazish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kelayotgan mavsumga tayyorgarlik doirasida tizim korxonalarida reja asosida jami 53 ta, shu jumladan, 14 ta energoblok, 28 ta qozon qurilmasi, 7 ta bugʻ-gaz qurilmasi, 1 ta turboagregat va 3 ta gaz-turbina qurilmasida taʼmirlash ishlari amalga oshirildi va belgilangan ishlar ortigʻi bilan bajarildi.
Qoʻshimcha sifatida, elektr stansiyalardagi tezkor guruhlar tomonidan kamchiliklar aniqlangan 11 ta energoqurilmada mukammal va joriy taʼmirlash ishlari olib borildi.
Taʼmirlash va sozlash ishlari natijasida mavjud elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 291 MVt va issiqlik ishlab chiqarish samaradorligi
235 tonna soatga oshirilishiga erishildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 10 ta issiqlik markazidagi 60 ta qozon agregatidan 15 tasida mukammal, 45 tasida joriy taʼmirlash ishlari olib borildi.
Navbatdagi kuz-qish mavsumi davrida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 26,8 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi va 9,2 mln. Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun 6,2 mlrd. kub metr tabiiy gaz, 2,8 mln. tonna koʻmir va 100,0 mln. kubmetr yer osti gazi sarflanishi rejalashtirilgan. Zarur holatlarda zaxira yoqilgʻisi sifatida mazut ishlatiladi.
Taʼmir ishlarining sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida ushbu jarayonlarda elektr stansiyalari mutaxassislari qatorida “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ, “Oʻzenergosozlash” MCHJning malakali mutaxassislari hamda AQSHning “General Electric”, Yaponiyaning “Mitsubishi” va Janubiy Koreyaning “Hyundai” kompaniyasi vakillari ishtirok etishdi.
Ayni paytda barcha elektr stansiyalari va markazlarida navbatchilik asosida energoqurilmalarning uzluksiz ishlashi jarayonini muvofiqlashtiruvchi maxsus tezkor shtablar faoliyati shakllantirilgan. Quz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish uchun ular tarkibiga 2 mingdan ortiq malakali mutaxassis hamda 112 ta maxsus texnika biriktirilgan. Rahbar va masʼul mutaxassislardan iborat 10 ta tunu kun faoliyat olib boruvchi navbatchilik guruhlari ishi yoʻlga qoʻyilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring