Islom moliyasi: xalqaro tajriba, amaliyotdagi muammolar va kelajakdagi kutilmalar

17:13 13 Yanvar 2026 Iqtisodiyot
439 0

Globallashuv jarayonlari chuqurlashgan sari jahon moliya tizimi murakkab va koʻp qirrali shakllarga ega boʻlib bormoqda. Bu konteksta islom moliyasi oʻziga xos xususiyatlari bilan alohida oʻrin tutadi. 2024-yilda global islom moliyasi aktivlari 3,88 trillion dollarni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 14,9 foizga oʻsganligi bu sohaning dinamik rivojlanishidan dalolat beradi. Mutaxassislarning prognozlariga koʻra, 2029-yilga kelib aktivlar hajmi 9,7 trillion dollarga yetishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Bunday oʻsish surʼatlari islom moliyasini nafaqat musulmon mamlakatlar, balki butun jahon iqtisodiyoti uchun muhim moliyaviy vositaga aylantirishi kutilmoqda.

Yangilangan “Oʻzbekiston—2030” strategiyasi loyihasi doirasida mamlakatimizda 2030-yilga borib islomiy moliyaning huquqiy asoslarini yaratish hamda kamida 3 ta tijorat bankida islomiy moliya xizmatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Loyihaga koʻra, dastlab 2027-yilda Oʻzbekistondagi bitta bankda islomiy mahsulotlar joriy etiladi, 2029-2030-yillarda esa ularning soni uchtaga yetkaziladi. Ushbu tashabbuslar tijorat banklari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Buning uchun Markaziy bank masʼul etib belgilangan.

2024-yil dekabrida Oʻzbekiston Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga aʼzo boʻlgandi. Mazkur tashkilotga aʼzolik boshqa mamlakatlar tajribasini oʻrganish va Oʻzbekistonda islomiy moliya institutlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish sohasida ilgʻor xalqaro tajribani joriy etish imkonini beradi. Shuningdek, 2025-yilning noyabr oyida Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini bosqichma-bosqich joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi. Mamlakatimizda islom moliyasi joriy etilishi natijasida qariyb 10 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilinishi, 100 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda.

Islom moliyasi nima?

Islom moliyasi – bu islom huquqiy tizimi (fiqh) va shariat qoidalariga asoslangan moliyaviy faoliyat shaklidir. Uning asosiy xususiyati ribo, yaʼni foiz olish va berishning butunlay taqiqlanganligidir. Bu taqiq nafaqat individual darajada, balki butun moliyaviy tizim uchun asosiy tamoyil hisoblanadi. Islom moliyasining ikkinchi muhim prinsipi mavhumlik va noaniqlikning taqiqlanishidir. Har qanday moliyaviy tranzaksiya aniq shartlar asosida, har ikki tomon uchun tushunarli va shaffof tarzda amalga oshirilishi kerak. Bu prinsip spekulyativ operatsiyalar va noaniq shartlarga asoslangan bitimlarni cheklaydi. Uchinchisi – maysir yaʼni qimor yoki tasodifiy foyda olishga asoslangan faoliyatning taqiqlanishidir. Bu prinsip moliyaviy tizimda real iqtisodiyotga asoslanmagan, faqat narxlar farqidan foyda olishga qaratilgan operatsiyalarni oldini oladi.

Ushbu uchta asosiy taqiqdan tashqari, islom moliyasi risk almashish, adolat va tenglik kabi tamoyillarga ham asoslanadi. Anʼanaviy bank tizimida kredit oluvchi butun foiz miqdorini toʻlash majburiyatini oladi, hatto uning biznesi muvaffaqiyatsiz boʻlsa ham. Islom moliyasida esa moliyaviy muassasa bilan mijoz birgalikda riskni oladi – agar biznes yaxshi ketgan boʻlsa, foyda boʻlinadi; agar zarar boʻlsa, zarar ham boʻlinadi. Bu yondashuv iqtisodiyot subyektlari oʻrtasida adolatli munosabatlarni mustahkamlaydi.

Islomiy moliya tizimi qanday ishlaydi?

Islom moliyasida anʼanaviy foizga asoslangan kreditlash oʻrniga bir qator maxsus moliyaviy instrumentlar qoʻllaniladi. Murabaha – bu eng keng tarqalgan instrument boʻlib, unda moliyaviy muassasa maʼlum bir aktivni sotib olib, mijozga belgilangan ustama haqi evaziga sotadi. Masalan, agar avtomobil 20 ming dollar turadi va murabaha stavkasi 5 foiz boʻlsa, mijoz 21 ming dollar toʻlaydi – 20 ming asosiy qarz, 1 ming esa savdo ustamasi sifatida. Bu instrument murakkabligi kamligi va tushunarliligi tufayli keng qoʻllaniladi.

Ijara – bu lizing shaklidagi instrument boʻlib, unda moliyaviy muassasa aktivni sotib oladi va mijozga ijara toʻlovlari evaziga foydalanishga beradi. Ijaraga olingan aktivning oxirida mijoz uni sotib olish huquqiga ega boʻlishi mumkin. Bu instrument asosan koʻchmas mulk, avtomashina va uskunalar moliyalashtirish uchun ishlatiladi. Anʼanaviy ipoteka oʻrniga ishlatiladigan ijara shakllari gʻarb mamlakatlarida ham keng tarqalgan.

Mudaraba va musharaka – bu sheriklik asosidagi moliyaviy shakllardir. Mudarabada moliyaviy muassasa kapital beradi, mijoz esa oʻz mehnatini qoʻshadi; foyda oldindan belgilangan nisbatda boʻlinadi, zarar esa faqat kapital beruvchiga tegadi. Musharakada esa ikkala tomon ham kapital qoʻshadi va foyda ham, zarar ham ulushlar nisbatida boʻlinadi. Bu instrumentlar tadbirkorlik faoliyati va yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun ideal hisoblanadi.

Sukuk – bu islomiy obligatsiyalar boʻlib, anʼanaviy korporativ obligatsiyalardan farqli oʻlaroq, ular real aktivlarga asoslanadi. Sukuk chiqaruvchi maʼlum bir aktiv yoki aktivlar portfelini xarid qilish uchun mablagʻ yigʻadi va investor bu aktivlardan keladigan daromad ulushini oladi. Sukuklar soʻnggi yillarda ayniqsa tez rivojlanmoqda – ular davlat va korporativ moliyalashtirish uchun muhim vositaga aylangan.

Kuchli tomonlari va afzalliklari

Islom moliyasining eng muhim afzalliklaridan biri uning real iqtisodiyotga asoslanishidir. Anʼanaviy bank tizimida pul oʻz-oʻzi uchun qiymat yaratadi – foiz olish uchun pul berish kifoya. Islom moliyasida esa har qanday moliyaviy operatsiya real aktiv yoki xizmatga bogʻlanishi kerak. Bu yondashuv moliyaviy tizimni real iqtisodiyotdan uzib qoʻyish xavfini kamaytiradi va sarmoyaning produktiv foydalanishini taʼminlaydi.

Inqirozlarga chidamlilik – islom moliyasining yana bir muhim afzalligidir. 2008-yilgi global moliyaviy inqiroz islomiy moliya institutlariga nisbatan kam zarar yetkazdi, chunki ular ipoteka va murakkab instrumentlarda ishtirok etmagan. Spekulyativ faoliyatning taqiqlanishi va risk almashish prinsipi tufayli islomiy moliya tizimi barqarorroq hisoblanadi. IFSB maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda global moliyaviy tizim 14,9 foiz oʻsish koʻrsatgan boʻlsa, islom moliyasi sektori ham bu oʻsishga hissa qoʻshgan.

Ijtimoiy masʼuliyat va axloqiy investitsiyalar islom moliyasining yana bir kuchli tomonidir. Islomiy moliya institutlari axloqsiz deb hisoblangan sohalarga – alkogol, tamaki, qurol-yarogʻ, qimor va boshqa shu kabi sohalarga investitsiya qilishdan qochadilar. Bundan tashqari, zakot va sadaqa kabi ijtimoiy toʻlovlar islom moliyasi tizimiga integratsiya qilinishi mumkin, bu esa ijtimoiy farovonlikni oshirishga xizmat qiladi. Bu yondashuv ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda ijtimoiy infratuzilmani moliyalashtirish uchun jozibador hisoblanadi.

Zaif tomonlar va qiyinchiliklar

Barcha afzalliklariga qaramay, islom moliyasi bir qator muammolar va cheklovlarga ham duch keladi.

Birinchi muammo – murakkab hujjatlashtirish jarayonlari mavjud. Har bir tranzaksiya shariat kengashlari tomonidan tasdiqlanishi kerak, bu esa operatsion xarajatlarni oshiradi va tranzaksiya vaqtini uzaytiradi. Anʼanaviy bankda bir necha kunda rasmiylashtiriladigan kredit islomiy bankda bir necha hafta davom etishi mumkin.

Ikkinchi muammo – Likvidlikni boshqarish vositalarining cheklanganligidir. Anʼanaviy bank tizimida pul bozori instrumentlari, ishlab chiqarish vositasi va qisqa muddatli qarz vositalari keng tarqalgan. Islom moliyasida esa bu vositalar shariat talablariga javob berishi kerak, bu esa ularning sonini va hajmini cheklaydi. Natijada, islomiy banklar likvidlik muammolarini hal qilishda koʻproq qiyinchilik sezadilar.

Uchinchi muammo – Standartlashtirish va turli yurisdiksiyalardagi farqlardir. Har bir mamlakat va hatto har bir islomiy moliya institutining shariat kengashlari baʼzi masalalarda turlicha qarashlarga ega boʻlishi mumkin. Bu xalqaro operatsiyalarni murakkablashtiradi va investorlar uchun qoʻshimcha risklar yaratadi. Malayziya, BAA va Saudiya Arabistoni kabi rivojlangan islomiy moliya bozorlari oʻrtasida ham muayyan farqlar mavjud.

Toʻrtinchi muammo – Boshlangʻich bosqichda operatsion xarajatlar yuqori boʻladi. Yangi islomiy moliya institutini tashkil etish uchun malakali kadrlar, shariat kengashlari va maxsus infratuzilma kerak. Oʻzbekiston kabi bozorga yangi kirayotgan mamlakatlarda bu xarajatlar ayniqsa sezilarli boʻladi. Shuningdek, aholi va biznes vakillari uchun islom moliyasi tamoyillarini tushuntirish va tarqatish uchun katta marketing xarajatlari talab etiladi.

Oʻzbekistonda islom moliyasini rivojlantirishdagi muammo va toʻsiqlar

Birinchi muammo – soliq kodeksidagi toʻsiqlar bor. Murabaha va boshqa islomiy instrumentlar boʻyicha operatsiyalar uchun qoʻshimcha qiymat soligʻi (QQS) va boshqa soliqlar anʼanaviy kreditlashdan farqli tarzda hisoblanishi mumkin. Bu esa islomiy moliya xizmatlarini anʼanaviy bank xizmatlaridan qimmatroq qilishi mumkin.

Ikkinchi muammo – malakali kadrlar yetishmovchiligi. Islomiy moliya tamoyillarini tushunadigan va amaliyotda qoʻllay oladigan mutaxassislar kam. Shariat kengashlari aʼzolari, islomiy moliya maslahatchilari va murabaha operatsiyalarini boshqaruvchi mutaxassislar tayyorlash uchun maxsus taʼlim dasturlari kerak, hozircha Oʻzbekistonda bunday ixtisoslashgan taʼlim dasturlari kam.

Uchinchi muammo – aholi va biznesning yetarli darajada xabardor boʻlmasligi. Koʻpchilik islomiy moliya va anʼanaviy moliya oʻrtasidagi farqlarni bilmaydi. Baʼzilar islomiy moliyani faqat diniy majburiyat deb oʻylaydi, uning iqtisodiy afzalliklarini tushunmaydi. Boshqalar esa uni murakkab va qimmat deb hisoblaydi. Bu toʻsiqlarni yengish uchun katta targʻibot va taʼlim ishlarini olib borish kerak.

Toʻrtinchi muammo – infrastruktura va texnik tizimlar yetishmaydi. Islomiy moliya uchun maxsus hisob kitob tizimlari, shariatga muvofiq clearing ( toʻlov tafsilotlari) va settlement (mablagʻlarni yakuniy oʻtkazmalari) tizimlari hamda likvidlik boshqaruv vositalari kerak. Mavjud bank infratuzilmasini islomiy tamoyillarga moslashtirish vaqt va mablagʻ talab qiladi.

Quyida islomiy moliya sohasida eng yuqori natijalarga erishgan davlatlar tajribasini oʻrganib chiqamiz.

Malayziya modeli

Malayziya jahonda islomiy moliyani eng muvaffaqiyatli rivojlantirgan davlat hisoblanadi. 1983-yilda birinchi islom banki tashkil etilganidan buyon Malayziya toʻliq ekotizim yaratdi – islomiy banklar, takaful (islomiy sugʻurta), sukuk bozori va Islamic Financial Services Board kabi xalqaro tashkilotlar. Malayziya tajribasining asosiy yutugʻi – kuchli davlat regulyatori va standartlashtirilgan qonunchilik bazasidir. Malayziya hukumati islomiy moliyani rivojlantirish uchun maxsus zona –“Islamic Financial Services BoardIslamic”ni tashkil etdi. Bu zona xorijiy islomiy moliya institutlari uchun qulay sharoitlar yaratdi va mamlakatni xalqaro islomiy moliya markaziga aylantirdi. Malayziya sukuk bozori dunyodagi eng katta va likvid bozorlardan biriga aylandi, davlat va korporativ sukuklar keng tarqalgan. Oʻzbekiston uchun Malayziya tajribasidan bir necha darslar olish mumkin. Birinchidan, davlat siyosati va qonunchilik asosiy muvaffaqiyat omilidir. Ikkinchidan, xalqaro hamkorlik va investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimdir. Uchinchidan, taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasiga katta eʼtibor berish kerak. Toʻrtinchidan, sukuk bozorini rivojlantirish iqtisodiyot uchun muhim manba boʻlishi mumkin.

Buyuk Britaniya modeli

Buyuk Britaniya – musulmon boʻlmagan davlatlarda islomiy moliyani eng muvaffaqiyatli rivojlantirgan mamlakat. 2003-yilda birinchi islomiy bank (The Islamic Bank of Britain) ochilganidan buyon London xalqaro islomiy moliya markaziga aylandi. Buyuk Britaniya tajribasining asosiy xususiyati “level playing field” yaʼni teng raqobat maydoni prinsipi – islomiy banklar anʼanaviy banklar bilan bir xil qoidalar asosida faoliyat yuritadi. Buyuk Britaniya hukumati islomiy moliyani rivojlantirish uchun maxsus qadamlar tashladi. Davlat obligatsiyalari (gilts) sukuk shaklida chiqarildi. Bu esa investor uchun ishonchli aktiv yaratdi. Shuningdek, soliq qonunchiligiga islomiy moliyaga oid oʻzgartirishlar kiritildi, bu banklar uchun teng sharoitlar yaratdi. “London City” islomiy moliya markazida yuzlab mutaxassislar ishlaydi va yirik xalqaro banklar islomiy boʻlimlarni ochgan. Oʻzbekiston uchun Buyuk Britaniya tajribasi muhim darslar beradi. Xususan, islomiy moliyani rivojlantirish uchun mamlakatda musulmon aholi koʻp boʻlishi shart emas – professional xizmatlar va qulay regulyator muhit yetarli. Shuningdek, davlatning oʻz obligatsiyalarini sukuk shaklida chiqarishi bozor ishonchini oshiradi.

Markaziy Osiyo tajribasi

Qozogʻiston Markaziy Osiyoda islomiy moliyani rivojlantirishda yetakchi oʻrin tutadi. Mamlakatda “Al Hilal” islomiy banki va boshqa islomiy moliya institutlari faoliyat koʻrsatmoqda. 2017-yilda “Astana International Financial Centre” tashkil etilgan boʻlib, unda islomiy moliya yoʻnalishi alohida oʻrin tutadi. “Fitch Ratings” prognozlariga koʻra, Qozogʻiston Markaziy Osiyoda islomiy moliya aktivlari oʻsishida yetakchi boʻlib qoladi.

Qirgʻiziston ham islomiy moliyaga qiziqish bildirmoqda. Mamlakatda bir necha islomiy bank va mikromoliya tashkiloti faoliyat koʻrsatmoqda. 2024-yil oxiriga kelib Markaziy Osiyoda islomiy moliya mahsulotlari hajmi 500 million dollardan oshgan. Qirgʻizistondagi “Eco Islamic” Bank kabi loyihalar islomiy moliyaning ekologik va ijtimoiy yoʻnalishlarini rivojlantirmoqda.

Oʻzbekiston qoʻshnilarining tajribasidan ham foydalanishi mumkin. Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi muvaffaqiyatlar va xatolar Oʻzbekiston uchun muhim darslar beradi. Xususan, qonunchilik bazasini toʻgʻri tuzish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va kadrlar tayyorlashga eʼtibor berish muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi.

Kelajakdagi kutilmalar qanday?

Islom moliyasi – bu nafaqat diniy ehtiyojlarga javob beruvchi moliyaviy tizim, balki iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish muhim vositasi hamdir. Global islom moliyasi aktivlari 2024-yilda 3,88 trillion dollarga yetdi va 2028-yilga borib 7,5 trillion dollargacha oʻsishi prognoz qilinmoqda. Bu oʻsish surʼatlari islom moliyasining jahon iqtisodiyotidagi oʻrni ortib borayotganini koʻrsatadi. Oʻzbekiston uchun islom moliyasi bir qator imkoniyatlar ochadi. Birinchidan, bank xizmatlaridan foydalanmaydigan aholi qismini moliyaviy xizmatlar bilan qoplash mumkin. Ikkinchidan, kichik va oʻrta biznes uchun moliyaviy manbalar kengayadi. Uchinchidan, MDH mamlakatlari va Koʻrfaz davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanadi. Toʻrtinchidan, infratuzilma va ijtimoiy sohalar uchun sukuk chiqarish imkoniyati paydo boʻladi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, islom moliyasi har qanday muammoni hal qiluvchi “sehrli tayoqcha” emas. Uning ham kamchiliklari va qiyinchiliklari bor – murakkab hujjatlashtirish, yuqori operatsion xarajatlar va standartlashtirish muammolari. Biroq toʻgʻri yondashuv, professional kadrlar va qulay regulyator muhit bilan bu muammolar oʻz yechimini topishi mumkin. Oʻzbekistonda islom moliyasini muvaffaqiyatli joriy etish uchun davlat siyosati, xalqaro hamkorlik va aholi xabardorligini oshirish zarur. Yakuniy xulosa sifatida aytish mumkinki, islom moliyasi Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun yangi iqtisodiy drayver boʻlish salohiyatiga ega. Mamlakatimizning geografik joylashuvi, demografik tuzilmasi, iqtisodiy islohotlar va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari islomiy moliyani rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratadi. Asosiy masʼuliyat hukumat, bank sektori va jamoatchilik zimmasida – ularning hamkorligi va irodasi bu sohaning muvaffaqiyatini belgilaydi.

Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?