Islom Ismoilov: “Maqsadimiz — oʻzbek futboli tarixida yangi sahifa ochish”
Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov FIFAning rasmiy sayti uchun intervyu berdi.
Unda murabbiy jamoaning Osiyo chempionligidan keyingi ishonchi, Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni, mundialdagi raqiblar hamda yosh futbolchilarning psixologik tayyorgarligi haqidagi fikrlarini bildirib oʻtdi.
Osiyo chempionligi siz va jamoangizga qanday ishonch berdi? Bu turnirda asosiy maqsadingiz nima?
— Osiyo chempionligi biz uchun katta sharaf, lekin shu bilan birga katta masʼuliyat ham keldi. Bu gʻalaba oʻyinchilarimizga ishonch bagʻishladi va endilikda biz ikki baravar koʻp mehnat qilyapmiz. Jahon chempionatidagi asosiy maqsadimiz — oʻzimizni jahon sahnasida sinab koʻrish, oʻzbek futboli tarixida yangi sahifa ochish. Biz jamoaviy oʻyin, intizom va gʻayrat orqali yurtimiz nomini munosib himoya qilishni niyat qilganmiz.
2023-yilda Oʻzbekiston U-17 Jahon chempionatida chorak finalga qadar yetib borgan edi. Oʻsha tajribadan qanday saboqlar oldingiz va bu safar nimalarni boshqacha qilmoqchisiz?
— Oʻsha turnirda jamoani boshqargan murabbiy bilan koʻp suhbatlashdim, ularning yutuq va xatolarini tahlil qildik. Har bir oʻyindan xulosa chiqardik. Eng katta saboq — bosim ostida toʻgʻri qaror qabul qilish va oʻyinni nazoratda ushlash boʻldi. Shu bois tayyorgarlikda aynan shu jihatlarga eʼtibor qaratdik. Endi biz faqat kuch bilan emas, balki aql bilan ham oʻynaydigan jamoaga aylandik.
Osiyo darajasidagi oʻyinlar bilan jahon darajasidagi oʻyinlar orasidagi asosiy farq nimada? Shogirdlaringizni bunga qanday tayyorlayapsiz?
— Asosiy farq — oʻyin tezligi va qaror qabul qilish sifatida. Yevropadan, Afrika va Janubiy Amerikadan kelgan raqiblar juda yuqori bosim bilan oʻynashadi, bu esa fikrlash uchun deyarli vaqt qoldirmaydi. Shu sababli mashgʻulotlarda tez fikrlash, vaziyatni toʻgʻri baholash va qaror qabul qilishni oʻrgandik. Oʻyin uslubimizni ham yangiladik — endi biz faqat moslashmaymiz, balki oʻyinni oʻzimiz nazorat qilishga intilamiz.
Oʻzbekiston muxlislari va kelajak avlod futbolchilariga qanday murojaatingiz bor?
— Sizning ishonchingiz bilan biz Osiyo chempioni boʻldik, endi sizning duolaringiz bilan Jahon chempionatiga yoʻl olyapmiz. Bizga ruhiy jihatdan yordam bering, ishonishda davom eting. Yosh futbolchilarga esa shunday deyman: imkoniyat berilsa, uni qadrlang va mehnat bilan himoya qiling. Chunki isteʼdod yoʻlni koʻrsatadi, ammo maqsadga mehnat eltadi. Biz Jahon chempionatiga faqat gʻalaba uchun emas, balki Oʻzbekiston nomini faxr bilan himoya qilish uchun ketyapmiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring