Insoniyatga oyna tutuvchi spektakl

03:12 26 Mart 2023 Madaniyat
1531 0

Foto: Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”

“Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasida shveysariyalik dramaturg Maks Frish pyesasi asosida sahnalashtirilgan “Biderman va oʻt qoʻyuvchilar” spektaklining premyerasi boʻlib oʻtdi. Pyesaning asosiy gʻoyasi jamiyatdagi shaxslarning yuziga oyna tutish, ularni ogohlikka chaqirishga qaratilgan. Spektakl badiiy rahbari – Bobur Yoʻldoshev, adabiy maslahatchi – Nigora Umarova, rassom – Dono Gʻaniyeva, liboslar boʻyicha rassom – Sevara Zunnunova, rejissyor yordamchisi – Salomat Zarifboyev, chiroqlar boʻyicha rassom – Husanboy Mamasharipov.

Foto: Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”

Maks Frish ijodida oʻzini oʻzi “fosh etish” – avtobiografik tamoyil ustunlik qiladi. Koʻpincha janr talablaridan yiroq, tayin yechimga ham ega emasdek koʻringan bu asarlar, aslida mazmun-mohiyatning salmogʻi, psixologik yondashuvning teranligi bilan tomoshabinni oʻziga jalb etadi.

Foto: Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”

Asar butun jamiyatni qoʻrquvga solayotgan oʻt qoʻyuvchilar shahar markazida yashaydigan xudbin domlaning uyiga uni maqtay-maqtay joylashib olishidan boshlanadi. Domla oʻzini hamma narsani bilaman, deb oʻylagan chogʻda oʻt qoʻyuvchilar uning uyidan turib butun shaharni yoqishga tayyorlanishadi. Qizigʻi spektakl boshidan soʻnggigacha domla ularning oʻt qoʻyuvchilar ekanligini tushunib tursa-da, beparvo tarzda muomalada boʻladi.

Foto: Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”

— Spektakl mavzusi oʻta dolzarb, — deydi bosh rol ijrochisi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Farhod Abdullayev. — Xalqimizda bir gap bor, “tushungan tushunadi” degan. Spektakl ogohlik haqida. Hammani ham uyingizga kirgizavermang, bepisand boʻlmang, befarq boʻlmang demoqchi asarda. Mening qahramonimga keladigan boʻlsak, qahramonim juda ustamonman, oʻt qoʻyuvchilarni ham oʻzgartiraman, deb oʻylaydi. Ularning maqtoviga uchib, oʻt qoʻyuvchilarni uyiga qanday qoʻyganini bilmay qoladi. Qahramon shunchalik xudbinki, oʻla-oʻlgunicha ular uning uyini portlatmasligiga ishonadi. Agar oʻz yurtini oʻylaydigan odam boʻlganida, bir ogʻiz boshqalarga aytardi. U esa mening uyim portlamasa boʻldi, axir ularni mehmon qilyapman, uyimdan joy beryapman, deb oʻz fikrida qolaveradi. Aslida mening qahramonim kabi xudbin odamlar oramizda bisyor. Faqat koʻpchiligi buni tan olgisi kelmaydi.

Foto: Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”

Domla bagʻritosh va qoʻpol. U yaqin doʻstlaridan birini oʻz joniga qasd qilishigacha olib kelgan. Uni koʻp yillik benuqson xizmatidan soʻng ishdan boʻshatgan, lekin oʻzini xushmuomala, odamlarni oʻziga jalb qila oladigan shaxs deb biladi. Uni yoʻldan ozdirgan narsa ham aslida shu edi.

Foto: Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”

— Bu spektakl ilk marotaba yetmish yil oldin qoʻyilgan boʻlsa ham mavzu dolzarb va oʻzining ahamiyatini yoʻqotmagan, — deydi taniqli sanʼatshunos Nigora Umarova. — Biz “Diydor” studiyasining ijodiy jamoasi har doim xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyganmiz. Bu spektaklni sahnalashtirish uchun tojikistonlik rejissyor Barzu Abdurazzoqovni taklif etdik. Pyesa oʻz navbatida insonlarni ogohlikka daʼvat qiluvchi, hammaga ham ishonavermaslikka chaqiruvchi asar hisoblanadi. Inson qanchalik ogoh boʻlsa, oʻzining atrofidagilarga ham shunchalik foyda boʻladi.

Foto: Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”

Spektaklda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Farhod Abdullayev, Yulduz Rajabova, Xurshida Arabshoyeva, Joʻrabek Arziyev, Iroda Qosimova, Anvar Hamroqulov, Zafarbek Qutlimurodovlar rol ijro etgan.

Foto: Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”

Akram Xamraqulov, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?