Insoniyat uchun eng xavfli qurol ishlatilgan kunga 80-yil toʻldi

17:05 06 Avgust 2025 Dunyo
230 0

Foto: Arxiv foto

1945-yilning 6-avgust – insoniyat tarixiga qora harflar bilan yozilgan kun. Aynan shu sanada Amerika Qoʻshma Shtatlarining 33-prezidenti Garri Trumen buyrugʻi bilan Yaponiyaning Xirosima shahriga atom bombasi tashlandi. Bu necha yuz ming yillik insoniyat tarixida koʻrgan eng xavfli qurol edi.



​Rasmiy hisob-kitoblarga koʻra, AQSHning bu harakati oqibatida 200 mingdan ziyod yapon fuqarolari halok boʻlgan.

AQSH nega bunday qildi?

1945-yil yozida Ikkinchi jahon urushi Germaniyaning taslim boʻlishi bilan Yevropada yakunlangan boʻlsa-da, Tinch okeani mintaqasida Yaponiya hanuz kuchli qarshilik koʻrsatayotgan edi. AQSH uchun bu urushni tezroq yakunlash siyosiy, harbiy va iqtisodiy jihatdan nihoyatda muhim ahamiyat kasb etardi.

Yaponiya 1930-yillardan boshlab Koreya, Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyoda agressiv harbiy harakatlar olib borayotgan edi. Ayniqsa, 1937-yildagi Xitoy-Yaponiya urushi davridagi Nankin qirgʻini kabi voqealar AQSH jamoatchiligida gʻazab uygʻotgan va Yaponiyani urushdan toʻxtatish zarurati tobora oshib borayotgandi.

Shu sharoitda insoniyat tarixidagi eng ogʻir qarorlardan biri qabul qilindi — atom bombasi ilk bor jangovar maqsadda foydalanilishi kerak deb topildi.

“Manxetten loyihasi” – dahshatli qurolning boshlanishi

Atom bombasi AQSH, Britaniya va Kanada olimlari hamkorligida yaratilgan “Manxetten loyihasi” natijasida paydo boʻlgan. 1945-yilning iyulida AQSHdagi Nevada choʻlida atom bombasi ilk bor muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi. Bu sinovdan soʻng qurol real jangovar foydalanish uchun tayyor deb baholandi.

Diplomatik ogohlantirish – Potsdam deklaratsiyasi

26-iyulda AQSH, Britaniya va Xitoy tomonidan Yaponiyaga “Potsdam deklaratsiyasi” yuborildi. Unda agar Yaponiya zudlik bilan taslim boʻlmasa, “tez va toʻliq halokat”ga uchraydi, deya ogohlantirildi.

Yaponiya bu bayonotga rasman javob bermadi. Bu holat rad javobi sifatida talqin qilindi va AQSH yakuniy qarorni qabul qildi.

Voqea sodir boʻlgan kun

1945-yil 6-avgust, dushanba soat 08:15. AQSHning B-29 rusumli bombardimonchi samolyoti “Enola Gay”, boshqaruvda polkovnik Pol Tibbets, Tinian orolidagi harbiy bazadan osmonga koʻtariladi.

Bir necha soatlik parvozdan soʻng, Xirosima shahriga 600 metr balandlikdan “Little Boy” deb nomlangan uran asosidagi atom bombasi tashlandi.

Xirosima strategik va harbiy sanoat markazi hisoblangan. Shahar tanlanishida uning relyefi va bombaning portlash kuchi aniqlanishi uchun “ideal joy” boʻlishi ham inobatga olingan.

Portlash va undan keyingi yongʻinlar oqibatida oʻsha kunning oʻzida 70-80 ming kishi halok boʻldi. Yil yakuniga borib bu raqamlar 140 mingga, bir necha yillardan keyin esa 200 ming kishiga yetdi. Qurbonlarning katta qismini ayollar, bolalar va keksalar tashkil qilgan. Yuzlab odamlar keyinchalik radiatsiya sababli saraton, genetik kasalliklar va nogironlikdan aziyat cheka boshladi.

Ikkinchi bomba: Nagasaki

AQSH Xirosimadagi portlashdan uch kun oʻtib, 1945-yilning 9-avgustida Yaponiyaning yana bir shahri — Nagasakiga ikkinchi atom bombasini tashladi. Bu bomba “Fat Man” deb nomlangan edi. Oʻsha kuni 70 ming nafardan ortiq inson halok boʻldi.

Urush nihoyasi

1945-yil 15-avgustda Yaponiya imperatori Xiroxito radio orqali xalqiga murojaat qilib, urush toʻxtatilganini eʼlon qildi. 2-sentyabr kuni esa rasman kapitulyatsiya hujjati imzolandi. Shu tariqa Ikkinchi jahon urushi yakunga yetdi.

Xalqaro munosabat va bahslar

AQSHning bu harakati oʻsha davrda urushni yakunlashda muhim rol oʻynagan deb baholandi. Rasmiy pozitsiyaga koʻra, atom bombasi yuz minglab amerikalik askarning hayotini saqlab qolgan va Yaponiya imperiyasini tezroq taslim boʻlishga majbur etgan.

Ammo keyinchalik bu qaror xalqaro huquq, axloqiy mezonlar va insonparvarlik nuqtayi nazaridan eng bahsli masalalardan biriga aylandi. Koʻplab tarixchilar va huquqshunoslar bu harakatni insoniyatga qarshi jinoyat, tinch aholiga nisbatan ommaviy qirgʻin sifatida baholagan.

Ogʻir saboq

Tarix eng yaxshi ustoz deganlari kabi bu voqea orqali atom bombasi insoniyatga qanday dahshatli oqibatlar keltirishi mumkinligini butun dunyo oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Birgina bomba nafaqat minglab begunoh insonlarni hayotdan olib ketdi, balki butun shaharlarni yer bilan yakson qildi, avlodlar salomatligiga ham tuzatib boʻlmas darajada zarar yetkazdi.

Bu hodisa insoniyatni ilmiy yutuqlarning yovuz niyatlarda qoʻllanilishi qanday fojialarga olib kelishini chuqur anglashga majbur etdi. Bir soʻz bilan aytganda atom bombasi tarixi – bu ogʻir saboq, dunyo esa bu saboqdan toʻgʻri xulosa chiqarishi kerak.

Bugun esa bu fojia zamonaviy dunyoga ham ogohlantiruvchi ishora boʻlib qolmoqda. Yadro qurollari zaxirasi tobora kengayib borayotgan bir paytda, insoniyat yana shunday fojiaga yoʻl qoʻymasligi uchun tarixdan saboq olishi zarur. Urushda hech qachon haqiqiy gʻolib boʻlmaydi.

Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер