Milliy matbuot markazida arxiv sohasining 2025-yil yakunlari sarhisob qilindi

17:35 27 Yanvar 2026 Jamiyat
675 0

 

Bugun, 27-yanvar kuni Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etib, mavzu doirasida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Anjuman davomida arxiv sohasini raqamlashtirish, fuqarolarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda davlat nazorati yoʻnalishlarida erishilgan natijalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2025-yilga moʻljallangan rejasi 21 ta koʻrsatkich boʻyicha bajarilgan boʻlib, shundan 20 tasi oshirib bajarilgan.

Hisobot davrida “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan ishlab chiqilgan 3 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari sifatida qabul qilingan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-228-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining “Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 208-son va “Xizmat doirasida foydalanish uchun grifli hujjatlar bilan ishlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 766-son qarorlari qabul qilingani taʼkidlandi.

Maʼlumot berilishicha, 2025-yil davomida davlat arxivlarida 12 591 ta boshqaruv, 1 439 ta shaxsiy tarkib, 77 ta saqlash muddati vaqtincha boʻlgan hujjatlar roʻyxatlarining elektron nusxalari yaratilgan. Shuningdek, 15,2 mln. kadr arxiv hujjatlarining elektron nusxalari tayyorlanib, “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarni yagona saqlovini taʼminlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimiga jami 1,29 mln. ta maʼlumotlar kiritilgan.

Arxiv hujjatlarining elektron nusxalarini vaqtinchalik saqlash va monitoring qilish uchun “Ye-saqlov” axborot tizimi joriy etilgan boʻlib, ushbu tizimga davlat arxivlarining 350 nafar xodimi tomonidan 2026-yil 19-yanvar holatiga 65 mln. kadr arxiv hujjatlari joylashtirilgan.

Shuningdek, “Oʻzarxiv” agentligi va Kadastr agentligining 2025-yil 20-maydagi “Tizimda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarning oldini olish toʻgʻrisida”gi qoʻshma buyrugʻiga muvofiq, “Arxiv ishi” axborot tizimida 700 nafardan ziyod Davlat kadastrlari palatasining hududiy boʻlinmalari masʼul xodimlari roʻyxatdan oʻtkazilgan. Bu orqali yerga oid soʻrovlarga javob berilganda kadastr xodimlari tomonidan ushbu javobning asos hujjatlarini tekshirish imkoniyati yaratilgan.

Shu bilan birga, 123 nafar arxiv xodimining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha bilim va koʻnikmalari oshirilgan. 2025-yilda arxivlarga vazirlik va idoralar, tashkilotlar hamda fuqarolardan jami minglab turdagi hujjatlar qabul qilingan. Shu davrda respublika arxivlariga 557 975 ta mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlar kelib tushgan boʻlib, ularning katta qismi ijobiy hal etilgan.

Davlat arxivlari oʻquvxonalariga 1 565 nafar Oʻzbekiston fuqarolari va 56 nafar chet ellik tadqiqotchilar tashrif buyurgan hamda 86 303 saqlash birligi (s.b.) arxiv hujjatlari foydalanish uchun taqdim etilgan. Bundan tashqari, 355 ta davlat organi va tashkilotlarida arxiv ishi holati boʻyicha davlat nazorati tadbirlari oʻtkazilib, tekshiruvlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlar boʻyicha tegishli choralar koʻrilgan.

Xalqaro hamkorlik doirasida agentlik tomonidan AQSH, Yaponiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya, Chexiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va Qirgʻiz Respublikasidan boʻlgan 71 ta xorijiy tadqiqotchilarga Oʻzbekiston milliy arxivlari, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Fargʻona, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari davlat arxivlari, Qoʻqon shahar davlat arxivi hamda Toshkent shahar Markaziy davlat arxivi oʻquv zallariga tashrif buyurishlari uchun oʻrnatilgan tartibda ruxsat berilgan. Shuningdek, arxiv sohasi vakillarining 11 ta xorijiy davlatga xizmat safarlari tashkil etilgan hamda 7 ta hamkorlik hujjatlari imzolangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?