Inson hayoti, qadr-qimmati hamma narsadan ustun

13:30 08 Oktyabr 2020 Jamiyat
5074 0

Koʻpchilikka yaxshi maʼlum, mamlakatimizda chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomi borasidagi munosabatlarni tartibga solish masalasi muhokamalar markazida boʻlib kelayotgan edi.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Aytish joizki, 38 ta moddadan iborat qonun loyihasida shu kungacha koʻpchilikni qiziqtirib kelayotgan siyosiy boshpana berishdan tortib chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yurtimizdagi asosiy huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari aniq normalarda aks ettirilmoqda.

Toʻgʻri, ilgari ham bu sohada bir qancha qonun va qonunosti hujjatlari mavjud edi. Endi esa bularning hammasi yaxlit qonun shakliga keltirilmoqda. Yaʼni chet el fuqarosi qaysidir davlatga bormoqchi yoki u yerga sarmoya kiritmoqchi boʻlsa oʻzining qonun tomondan qanchalik himoyalanganini bilishni istaydi. Bu qonun chuqur tahlil va muhokamalardan soʻng pishiq, puxta shaklda kuchga kirsa, chet el fuqarolari yurtimizda qaysi harakatlarni amalga oshirish mumkin-u, qaysilari mumkin emasligini yagona hujjatdan bilib olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Yana bir muhim jihat. Qonun loyihasida yuqori malakali mutaxassis, malakali mutaxassis kabi bandlar kiritilib, ularga aniq taʼrif va tavsif berilmoqda. Bu nima degani? Bu xorijda turli sohalarda ishlayotgan oʻzbekistonlik mutaxassislarni Vatanimizga qaytarishga huquqiy asos yaratilayapti deganidir.

Misol uchun, tibbiyot sohasini olaylik. Bugun mohir, oʻz kasbining bilimdoni, malakali shifokorlar rivojlangan davlatlarda faoliyat olib boryapti. Maʼlum davr boʻldiki, koʻplab malakali shifokorlar taʼbir joiz boʻlsa, oltin boshlar xorijga chiqib ketdi. Chunki ularni mehnati munosib ragʻbatlantirilmadi. Buni inkor eta olmaymiz. Lekin yangi Oʻzbekistonning yangi tarixida bu masala barchamiz kutganimizdek, boshqacha koʻrinish oldi.

Prezidentimiz tomonidan chet eldagi mutaxassislarni yurtimizga taklif etish, ularga yashash va ishlash uchun munosib sharoit yaratish, oʻz salohiyatini shu yurt ravnaqi uchun safarbar etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bu islohotlar amalda oʻz samarasini berayotganini tibbiyot sohasida uzoq yillardan buyon ish olib borgan mutaxassis sifatida toʻla ishonch bilan aytishim mumkin.

Xulosa qilib aytganda, ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish va uni yaxlit holda qabul qilish hayot talabidir. Zero, fuqaroligi yoki fuqarosizligidan qatʼiy nazar inson va uning qadr-qimmati, huquq va manfaatlari har qachon, har narsadan ustundir.

Dilbar USMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер