Innovatsion rivojlanish vazirligiga Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari tashrif buyurdi

12:09 23 Dekabr 2022 Siyosat
608 0

Foto: Халқ сўзи

2022-yil 22-dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligiga Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari rahbarlari va Tashqi ishlar vazirligi vakillari tashrif buyurdi.

Tashrif avvalida elchilar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2023-yil moliyalashtirilgan va tijoratlashtirilgan loyihalar hamda innovatsion ishlanmalar natijalari bilan tanishtirildi. Jumladan, oʻzbekistonlik olimlar yaratgan koronavirusga qarshi yeyish mumkin boʻlgan “pomidor” va “sut” vaksinalari, farmatsevtika mahsulotlari, qishloq xoʻjaligida keng ishlatiladigan biologik qoʻshimchalar va texnikalar, shaharsozlikda foydalaniladigan aqlli “svetofor” va boshqa koʻpgina ishlanmalar elchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Oʻz navbatida, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ushbu ishlanmalar uchun yangi bozorlarni kengaytirish va ushbu startaplarni rivojlantirish uchun investitsiyalarni jalb qilishda elchixonalarning koʻmagi kerakligini bildirib oʻtdi.

Shu bilan birga, Ibrohim Abdurahmonov Innovatsion rivojlanish vazirligining 2022-yildagi faoliyati natijalari, 2022-2026-yillar uchun belgilangan innovatsion rivojlanish strategiyasi bilan tashrif buyurgan mehmonlarni tanishtirdi. Shuningdek, davlatlar kesimida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar haqida maʼlumot berdi.

Oʻz oʻrnida vazir xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun bir qator takliflarni bildirib oʻtdi. Xususan, xorijiy mamlakatlar bilan qoʻshma ilmiy, innovatsion va startap loyihalar tanlovlarini hamda Oʻzbekistonlik yosh olim va tadqiqotchilarni xorijiy mamlakatlarning ilgʻor laboratoriya va ilmiy markazlarida stajirovkalarini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi eng ilgʻor va noyob laboratoriyalar roʻyxatini shakllantirish va ular bilan servis xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha hamkorlik va chet elda faoliyat koʻrsatayotgan vatandosh yosh olimlar, startaplar vakillari bilan doimiy aloqalarni oʻrnatish ham koʻzda tutilmoqda.

Ibrohim Abdurahmonov ustuvor xalqaro reytinglarda mamlakatimiz oʻrnini yuksaltirish va innovatsion ekotizimni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchi jalb qilish masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi.

Shu bilan birga tashrif davomida ilgʻor xorijiy mamlakatlarning innovatsion ekotizimni yaratishdagi tajribasini oʻrganish, Oʻzbekistonga innovatsion texnologiyalar transferini amalga oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirishga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar, tarmoq tashkilotlarining rahbar va mutaxassislarning sohadagi malakasini oshirish boʻyicha treninglarni tashkil etish, qishloq xoʻjaligi uchun yangi texnologiyalar, qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli ekin navlarini olib kelish kabi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?