Xalqlarni birlashtirgan madaniy meros

21:12 22 Noyabr 2025 Siyosat
120 0

Azaldan turli sivilizatsiyalar chorrahasi boʻlib kelgan Markaziy Osiyo mintaqasi boy va koʻp qirrali madaniy-maʼrifiy merosi bilan jahon hamjamiyatida alohida oʻrin tutadi. Asrlar davomida bu hududda yirik imperiyalar, havas qilsa arzigulik shaharlar va bebaho meʼmoriy obidalar vujudga kelgan. Qadimdan umumiy madaniy va ilmiy tamaddun shakllangan bu zaminda yashagan xalqlar oʻzaro aloqa, ilm va tajriba almashinuvi orqali ulkan taraqqiyotga erishgan. Mintaqadagi hamjihatlik bir necha tarixiy davrlarda, ayniqsa, yorqin namoyon boʻlgan.

Ana shu davrlarda buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan tengsiz madaniy meros namunalari insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Bugungi globallashuv jarayonlari kuchaygan bir sharoitda mintaqa mamlakatlarining birdamligi, umumiy madaniy-maʼrifiy anʼanalarini tiklash va kelajak avlodlarga yetkazish, shuningdek, birgalikdagi taraqqiyot yoʻllarini belgilash borgan sari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasida taʼkidlaganidek, “Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga oʻtyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor boʻlib xizmat qilayotgan oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda. Bu — oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi natijasidir”.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi arafasida, 13 — 15-noyabr kunlari “Markaziy Osiyo: umumiy madaniy-maʼrifiy meros, umumiy kelajak” xalqaro kongressining oʻtkazilgani hamkorlikni mustahkamlash va kelajak avlodlar uchun barqaror rivojlanishga erishish yoʻlida qoʻyilgan muhim qadamdir.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan mazkur yirik anjumanda mamlakatimizdan, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistondan yuzlab ilm-fan, taʼlim, madaniyat, din, adabiyot va sanʼat namoyandalari qatnashdi. Uch kun davomida 30 dan ortiq tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari, shuʼba yigʻilishlari, koʻrgazmalar, namoyishlar, taqdimotlar oʻtkazildi.

Anjuman avvalida mehmonlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishib chiqishdi. Shundan soʻng Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga tabrigi oʻqib eshittirildi.

Kongress xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ilmiy va madaniy muassasalar vakillarini, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjondan kelgan olimlar va sanʼat arboblarini birlashtirdi. Muloqotlar jarayonida ahillik va inoqlik, oʻzaro mehr-oqibat kabi qadriyatlar ushbu bir-biriga qardosh millatlarning qon-qoniga singib ketgani koʻzga yaqqol tashlanib turdi. Shuni taʼkidlash lozimki, mamlakatlarimizning tarixi, tili, anʼanalari bir-biriga juda yaqin boʻlib, oʻzaro hamkorlik umumiy madaniy identifikatsiyani mustahkamlaydi, bir-birini tushunishni osonlashtiradi, mintaqaning tashqi taʼsirlarga chidamliligini oshiradi.

Anjumanning yalpi yigʻilishlarida davlat idoralari, ilmiy muassasalar va madaniyat arboblari oʻrtasida muloqotlar tashkil etildi. Ularda umumiy tarixiy merosni asrash, zamonaviy hamkorlik shakllarini izlash, maʼnaviyat gʻoyalarini mustahkamlash, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlari mintaqaviy madaniy makonni rivojlantirish, qoʻshma festivallar va koʻrgazmalar uyushtirish, moddiy va nomoddiy merosni jahon miqyosida targʻib qilish boʻyicha tashabbuslarini taqdim etdi.

Diniy soha vakillari ishtirokida esa islomning maʼrifiy missiyasi, yoshlarni bagʻrikenglik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, zamon talablariga mos diniy taʼlim tizimini takomillashtirish masalalari oʻrtaga tashlandi.

Fanlar akademiyalari prezidentlari uchrashuvida ilmiy hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, qadimiy qoʻlyozmalarni oʻrganish va arxeologiya hamda tarix sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Milliy muzeylar rahbarlari ishtirokida muzey faoliyatini raqamlashtirish, ekspozitsiya yaratishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va professional tajriba almashish tashabbuslari muhokama qilindi.

Milliy kinoagentliklar rahbarlari bilan boʻlib oʻtgan muhokamalarda kino sanʼatini rivojlantirish, buyuk tarixiy shaxsiyatlar va madaniy meros haqida qoʻshma filmlar yaratish hamda yosh rejissyorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Muhokamalar asnosida koʻtarilgan masalalardan shuni xulosa qilish mumkinki, har bir mamlakatda alohida kafedra, markaz, laboratoriyalar bor, ammo ushbu resurslar birlashtirilganda, umumiy tadqiqot platformalari, ilmiy maʼlumotlar almashinuvi, qoʻshma grantlar va qoʻshma ekspeditsiyalar, arxeologik ishlar yoʻlga qoʻyilsa, bu mintaqaning intellektual kapitalini bir necha barobarga oshiradi. Hamkorlikda adabiyot, sanʼat, til va merosni saqlash hamda targʻib qilish, qoʻshma muzey loyihalari, umumiy madaniy festivallar Markaziy Osiyoning madaniy qudratini jahonga yoyadi.

15-noyabr kuni davlatlar rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Prezidentlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan taʼsis qilingan xalqaro mukofot adabiyot, madaniyat, sanʼat, fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar sohalarida katta yutuqlarga erishgan yurtimiz va xorijiy ijodkorlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan. Yetakchilar huzurida laureatlarga mukofot statuetkasi, diplom hamda 10 ming dollarlik pul mukofoti topshirildi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, bu davlatlarning oʻzaro hamkorligi, madaniy va maʼrifiy hamjihatligi nafaqat mintaqaning oʻzida, balki butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 80 milliondan ortiq nufusga ega boʻlgan mintaqa xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik rishtalarining tobora mustahkamlanib borayotgani, avvalo, Prezidentimizning keng koʻlamli tashabbusi, saʼy-harakatlari natijasidir.

“Markaziy Osiyo: umumiy madaniy-maʼrifiy meros, umumiy kelajak” xalqaro kongressi ishtirokchilari fikr-mulohazalari ham soʻzimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Soʻz — anjuman ishtirokchilariga

Muhammad Dovud XAYYOM,

Tojikiston Milliy akademiyasi vitse-prezidenti,

falsafa fanlari doktori:

— Bugun mamlakatlarimiz rahbarlari tomonidan tashkil etilayotgan hamkorlik platformasi ilm-fan, taʼlim, siyosat, iqtisodiyot va madaniyat rivojiga ulkan hissa qoʻshmoqda. Biz tojik, oʻzbek va Markaziy Osiyoning boshqa xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirish uchun bu hamkorlikni mustahkamlashimiz darkor. Prezidentlarimizning siyosiy irodasi bizni hamjihatlikka, ming yillik ilmiy, madaniy va tarixiy yutuqlarimizni asrab-avaylashga chaqiruvchi yoʻl-yoʻriq boʻlib xizmat qilmoqda. Zero, oʻz madaniyatini yoʻqotmagan xalqlar jahon maydonida oʻz oʻrnini ham saqlab qola oladi.

Kerim TOHIROV,

Ozarbayjon Milliy kutubxonasi direktori:

— Nufuzli forum menda katta taassurot qoldirdi. Biz, yozma madaniyat posbonlari uchun mintaqaning maʼnaviy meros masalalariga qanchalik jiddiy va jonkuyarlik bilan yondashayotganini koʻrish quvonarlidir. Muhokamalar chogʻida qoʻlyozmalarimiz, arxivlarimiz, kitob fondlarimiz boyligi nafaqat ilmiy manba, balki bugungi kunda ham davom etayotgan xalqlar oʻrtasidagi muloqotning muhim qismi ekaniga guvoh boʻldik.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman: u butun qurultoyga oʻzgacha tus berdi. Mamlakat yetakchisining soʻzlari nafaqat oʻtmishni oʻrganish, balki mintaqaning intellektual merosidan ham kelgusi hamkorlik va taraqqiyot poydevori sifatida foydalanishga chaqirdi. Ushbu xabar ishtirokchilarni birlashtirib, munozaralarga chinakam intellektual kuch bagʻishladi. Ishonchim komilki, kongress madaniy va ilmiy muassasalarimiz oʻrtasida hamkorlik va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Dosay KENJATOY,

Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq — turk xalqaro universiteti professori:

— Ushbu kongress umumiy tarixiy va madaniy merosimizni anglashda muhim platforma boʻldi. Unda mintaqa xalqlarining maʼnaviy merosi nafaqat oʻtmish xotirasi, balki zamonaviy taʼlim makonini shakllantirishning qudratli manbasi ekani yaqqol koʻrindi. Ishonchim komilki, ilmiy muloqot va qoʻshma tashabbuslarni kuchaytirish va tadqiqotlarni chuqurlashtirish bu boylikni kelajak avlodlarga yetkazish imkonini beradi.

Sanibek IMONALIYEV,

Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmasi raisi:

— Oʻzbekiston Prezidentining xalqlar oʻrtasidagi totuvlikni mustahkamlash zarurligi haqidagi tashabbuslarini chuqur qadrlayman. Biz, Qirgʻiziston adiblari tinchlikni faqat bilim va maʼrifat ruhi qoʻllab-quvvatlashiga aminmiz. Buyuk mutafakkirlarimiz asrlar davomida donishmandlik manbai boʻlib xizmat qilib kelgan va bu nurni yosh avlodga yetkazish bizning umumiy vazifamizdir. Xalqlarimiz oʻrtasidagi maʼnaviy koʻpriklar har qanday siyosiy sharoitdan ham mustahkam ekani allaqachon tasdiqlangan.

Charimurat YAZMURODOV,

Turkmaniston Rassomlar uyushmasi raisi:

— Menimcha, kongress mavzusi — maʼnaviyat, maʼrifat va madaniy birlik turkman sanʼatida oʻz ifodasini topgan gʻoyalarga juda mos keladi. Oʻylaymanki, Oʻzbekistonning umumiy merosimizni xalqaro miqyosda targʻib qilish tashabbusi qoʻshma loyihalar va ijodiy almashinuvlar uchun ajoyib istiqbollarni ochadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrigida muhim bir ibora oʻz ifodasini topgan: qiyin zamonda dunyo bilim, madaniyat va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotga, ayniqsa, muhtoj. Men bu yondashuvga toʻliq qoʻshilaman, chunki sanʼat odamlarni birlashtiruvchi va tinchlikni saqlashga yordam beradigan kuchlardan biri boʻlishi mumkin. Kongress mamlakatlarimiz umumiy merosimizning buyukligiga tayangan holda birgalikda olgʻa intilishga tayyor ekanini namoyish etdi.

Firdavs ABDUXOLIQOV,

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?