Ikki yillik sargardonlikdan soʻng tadbirkor yelkasiga shamol tegdi
Yoʻqotilgan vaqt va asabbuzarlik uchun unga kim tovon toʻlaydi?
Tadbirkor Gʻayrat Joʻrayev rahbarligidagi “Navoiy FSK” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2021-yili soliq idoralari tomonidan kattagina miqdorda soliqqa tortildi. Tadbirkor masʼuliyati cheklangan jamiyati hisob-raqamidan yechib olingan bu pullarni gʻayriqonuniy tarzda soliqqa tortilgan deb hisoblab, viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi.
Sababi soliq manbai boʻlgan oʻsha “TEHNOTAK” tosh maydalash (sheben) zavodining bino-inshootlarini tadbirkor qoʻshni Samarqand viloyatining Narpay tumanidagi “Davlatbek Diyorbek Servis” oilaviy korxonasidan sotib olgan. Keyinchalik, Narpay tuman hokimligi huzuridagi foydalanilmayotgan obyektlarni aniqlash boʻyicha ishchi guruh xulosasiga koʻra mazkur bino-inshootlarga nisbatan taʼsirchan soliq mexanizmi qoʻllanilgan. Yaʼni, ishchi guruh bu inshootni nol qiymatda koʻrsatib, goʻyoki foydalanilmayotgan obyekt degan xulosani tegishli idoralarga taqdim etgan. Aslida esa bu inshoot 2021yil 4-yanvar kuni tuzilgan 3-ijara shartnomasiga asosan “NARPAY SHOXISLOMBEK” xususiy korxonasiga ijaraga berilgan.
Xullas, Narpay tuman hokimligi huzuridagi ishchi guruhning birgina xulosasi tufayli Gʻayrat Joʻrayev 872 million 835 000 soʻm miqdoridagi noqonuniy soliqni qaytarish niyatida 2021-yildan buyon kirmagan idora, taqillatmagan eshigi qolmagan, hisob. Hammasidan bir xil – sudga murojaat qilishi yoki javobdan qoniqmasa yuqori idoralarga murojaat qilish huquqi mavjudligi xususida javob kelardi.
Tadbirkor sudga ham murojaat qildi. Xususan, 2022-yilning iyul avgust oylarida Oʻzbekiston savdo sanoat palatasi viloyat boshqarmasining uning manfaatini koʻzlab qilgan Samarqand tumanlararo maʼmuriy sudi va keyinchalik Samarqand viloyat maʼmuriy sudiga qilgan murojaatlariga rad javobini oldi.
— Narpay tuman hokimligi huzuridagi ishchi guruhning bergan xulosasi asossiz ekanligiga qoʻlimda hujjatlar bor edi, – deydi Gʻ. Joʻrayev. — Shuning uchun oxirigacha boraman deb, Navoiy viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildim.
Murojaat asosida adliya boshqarmasi tadbirkor Gʻayrat Joʻrayev manfaatiga koʻra sudga daʼvo arizasi kiritdi. 2023-yilning 10-mart kunida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati Narpay tuman hokimligi huzuridagi ishchi guruhining biz yuqorida qayd etgan xulosasini asossiz, deb topdi. Shundan soʻng adliya boshqarmasi Kattaqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudiga tadbirkordan noqonuniy undirilgan mablagʻni qaytarish uchun daʼvo arizasi kiritdi.
Sud ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrib chiqib, Kattaqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudi adliya himoyasidagi tadbirkorning 872 million 835 000 soʻm miqdoridagi soliqqa tortilishini noqonuniy deb topdi.
Adolat qaror topdi, biroq qonun barchaga barobar boʻlgani holda ikki yil mobaynida quyi pogʻonadagi mutasaddilar uni nega yuzaga chiqarisha olishmadi, degan haqli savol tugʻiladi. Buni shu muammoni hal etmasdan paysalga solib yurgan idoralar rahbarlari chuqurroq oʻylab koʻrishsa, nur ustiga nur boʻlardi.
Shu oʻrinda yana bir gap: tadbirkorda 2 yillik sargardonligi uchun tovon undirish huquqi ham bor. Aksariyat tadbirkorlar oʻzining tinchini oʻylab bu ishni qilmaydi. Aslida hamma muammo shu ishni qilmaslik tufayli kelib chiqayotganini ham unutmaslik kerak.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring