Hokim “Kelajak soati” darsida qatnashdi

12:10 02 Sentyabr 2025 Jamiyat
94 0

Buxoro shahridagi 17-umumtaʼlim maktabi yurtimizdagi boy tarix va anʼanalarga ega yetakchi taʼlim dargohlaridan sanaladi. Unda ikki ming nafar atrofida oʻgʻil-qiz tahsil olmoqda. Oʻtgan oʻquv yilida bu yerda davlatimiz tomonidan ajratilgan 13 milliard 600 million soʻm mablagʻ evaziga 990 oʻrinli, besh qavatli yangi oʻquv binosi qurilib foydalanishga topshirilgandi.

Zamonaviy jihozlangan sinfxonalar, laboratoriya xonalari, axborot-resurs hamda kovorking markazi, monobloklar, chigalyozdi mashgʻulotlar maydonchasi – bularning barchasi oʻquvchilarning chuqur bilim olishlari, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarida qoʻl kelmoqda.

“Bilimlar kuni”da viloyat hokimi Botir Zaripov yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan maktabda tashkil etilgan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostidagi tantanali tadbirda ishtirok etdi. U maktab jamoasi, oʻquvchilar, ota-onalar, jamoatchilik vakillarini istiqlol ayyomi bilan qutlab, mamlakatimiz, jumladan, viloyatda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari xususida toʻxtaldi. Maktabga ilk qadam qoʻyayotgan bolajonlarga 12 turdagi oʻquv qurollaridan iborat “Prezident sovgʻasi”ni topshirdi. “Kelajak soati” darsida ishtirok etib, oʻquvchilar hamda pedagoglar bilan suhbatlashdi.

Aytish joizki, yangi oʻquv yilida viloyat boʻyicha 37 ming nafardan ziyod jajji oʻgʻil-qiz maktablarning 1-sinflariga qabul qilindi.

Istam IBROHIMOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?