Hassos va hokisor ijodkorning bebaho merosi

17:53 24 Noyabr 2021 Jamiyat
931 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona azaldan chinakam iqtidorli, ulkan qalb egalari boʻlgan ijodkor farzandlari bilan milliy adabiyotimizda alohida oʻrin tutib keladi. Oʻzbekiston xalq shoiri, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Oxunjon Hakimov tom maʼnoda xalqimiz hurmatiga sazovor boʻlgan ijodkor edi. Shu bois ustoz ijodkor bugun oramizda yoʻq boʻlsa-da, boy ijodiy merosi orqali xalqimizning ardogʻida oʻzining ikkinchi umrini yashamoqda.

Fargʻona viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimi tashabbusi bilan oʻtkazilgan Oʻzbekiston xalq shoiri va jurnalist Oxunjon Hakimov xotira kechasida hassos va hokisor ijodkorning betakror ijodiy merosi, insoniy fazilatlari yodga olindi.

Fargʻona tumanining Avval qishlogʻida shoirning zilol suvli ariqlari zarif qoʻshiqlar kuylab oqadigan, gilos, shaftoli, oʻrik mevalari sharbatga toʻlgan mevazor bogʻida maroqli suhbat boʻlib oʻtdi. Quvonarlisi, shoir bir umr yashab oʻtgan koʻchaga hamyurtlar taklifi bilan yaqinda Oxunjon Hakimov nomi berildi. Taniqli ijodkorlar ishtirokida shu kuni shoir yashab oʻtgan xonadonga oʻrnatilgan “Bu uyda jurnalist, Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov yashagan” lavhasi gulduros qarsaklar ostida ochildi. Ustoz ijodkorlar, shoirning qadrdon shogirdlari, mahalla ahli yana bir bor elu yurt maʼrifati, manfaati yoʻlida sidqidildan qilingan mehnat aslo unutilmasligini taʼkidladilar.

Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida boʻlib oʻtgan xotira kechasida Oxunjon Hakimovning qariyb 30 yillik jurnalistik faoliyati, tahliliy-tanqidiy mavzudagi maqolalari, felyetonlari, publitsistikasi, sheʼriyati, dramalari, hajviyalari, nasriy asarlaridagi oʻziga xos uslublar, adolat va haqiqat uchun kurashda eʼtiqodda sobitligi singari fazilatlari xususida soʻz yuritildi. Oddiy va samimiy hayot tarzi, kamtarligi, oilaparvarligi barchamiz uchun ibrat namunasi ekanligi aytib oʻtildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер