Harbiylarga yangi uylar topshirildi

17:05 14 Yanvar 2026 Jamiyat
285 0

Soʻnggi yillarda milliy armiyani isloh qilish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy kadrlar tayyorlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda harbiylarga oʻz xizmat vazifalarini bekamu koʻst ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotir.

Joriy yilda Xorazm viloyatining Tuproqqalʼa va Shovot tumanlarida chegarani qoʻriqlash vzvodi harbiylari uchun 40 xonadonga ega yangi xizmat uylari va 20 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi. 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida Xiva tumanidagi chegarani qoʻriqlash vzvodi harbiylari ham yangi xizmat uylariga ega boʻldilar.

Yangi turar joyning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirlarda harbiy-maʼmuriy sektor vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oilalari ishtirok etdilar. Yangi binolar energiyatejamkor konstruksiyalardan foydalangan holda, zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan boʻlib, barcha qulayliklarga ega.

Shuningdek, bayram arafasida Urganch shahridagi al-Xorazmiy shaharchasida barpo etilgan koʻp qavatli uy harbiy xizmatchilarga imtiyozli ipoteka kreditlari asosida taqdim etildi.

-2026-yil oilamiz uchun juda omadli boshlanyapti, — deydi harbiy xizmatchi Bekzod Zaripov. – Vatan himoyachilari bayrami arafasida Urganchning yangi barpo etilgan va kundan kunga chiroy ochib borayotgan hududi – al-Xorazmiy shaharchasida joylashgan yangi xonadonga ega boʻldik. Quvonarli tomoni ushbu shaharchada maktab va bogʻchalar, yoshlar texnoparki boshqa zamonaviy xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud. Harbiylarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor uchun hurmatli Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoniga samimiy minnatdorchilik bildiramiz!

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?