Har ishning me’yori yaxshi

12:03 12 Mart 2018 Jamiyat
2291 0

Necha yillardan beri bahs-munozara mavzusi bo’lib kelayotgan bir muammo bor: bu — to’y-ma’rakalarimizdir. Nega bu borada aniq bir natijaga erishib bo’lmayapti? Sababi oddiy: milliy qadriyatlarimizga umuman to’g’ri kelmaydigan yangidan-yangi “odat”lar, tadbirlar yil sayin ko’paysa ko’paymoqdaki, aslo kamaymayapti. Eng yomoni, bunday bema’ni odatlar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatayotir, oilalarning mustahkamligiga, odamlarning salomatligiga zarar etkazmoqda.
Aslida xalqimizda to’y-ma’rakalarni qarindosh-urug’, jamoatchilik ishtirokida o’tkazish an’anasi uzoq o’tmishdan beri davom etib keladi. Shu bois ushbu marosimni har jihatdan bekamu ko’st — milliy qadriyatlarimizga, urf-odatlarimizga tayanib, yuksak ma’naviy-badiiy saviyada tashkil qilish bugunning talabidir.
Ayni shu nuqtai nazardan O’zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda Respublika “Nuroniy” jamg’armasi O’zbekiston xalqiga to’y-hashamlar va ma’rakalarni kamxarj hamda tartibli o’tkazish bo’yicha murojaat bilan chiqdi. Qariyalarimizga, mahalla faollariga, din ulamolariga, xotin-qizlarga, qolaversa, yoshlarga yo’llangan mazkur murojaat bugungi kunning eng dolzarb masalasi ko’tarib chiqilgan achchiq haqiqat bo’ldi. Darhaqiqat, ayni paytda ayrim oilaviy tadbirlarda isrofgarchilikka, dabdababozlikka va shuhratparastlikka yo’l qo’yilayotgani sir emas.
To’g’ri, to’ylardagi isrofgarchiliklarning oldini olish borasida o’tgan yillar davomida ko’pgina tadbirlar, tushuntirish hamda targ’ibot ishlari olib borildi. Biroq guruch kurmaksiz bo’lmaganidek, ayrim shaxslar odamlarning g’ashiga tegadigan darajada to’y va marosimlarni me’yoridan oshirib yuborishayotgani ham bor gap. Ming afsuski, ular mahalla bilan hisoblashmay qo’yishdi. Vaholonki, xalqimiz “Maslahatli to’y tarqamas” deya bejiz aytmagan. Bunday odamlar qachonki oilada janjal chiqsa, pul mojarosi, mol-mulk talashish kuzatilsa yoki er-xotin ajralish darajasiga borsagina, mahallaga kelishadi.
Bugun biz ana shunday dabdababozlik, isrofgarchiliklarga chek qo’yishimiz, shuhratparastlikka berilgan to’y egalarini mahallalarda muhokama qilishimiz, ularning salbiy “orzu-havaslari”ga bo’lgan munosabatini tubdan o’zgartirishimiz kerakligi to’g’risida aholi, ayniqsa, keksa avlod vakillari tomonidan juda jo’yali fikrlar bildirilmoqda. Ortiqcha isrofgarchiliklar o’rniga yurtdoshlarimizni musibat etgan xonadonlarga yordam ko’rsatish, etim-esirlar holidan xabar olish, beva-bechoralarga ko’maklashish kabi savobli ishlarga rag’batlantirishimiz, ularning tafakkurini o’zgartirishimiz lozim. “To’y qilaman”, deb qimmatli umrini pul yig’ish bilan o’tkazish o’rniga o’z sog’lig’ini tiklash, farzandlarining bilim olishi uchun sharoit yaratish, oilasida kutubxona tashkil etish, qizlarining sepiga kitoblar sovg’a qilishni o’rgatishimiz afzal emasmi?! Umr bo’yi yiqqan-terganini bir kunlik to’yga sarflashdan nima foyda axir?! Afsuski, joylarda olib borilayotgan tushuntirish ishlariga qaramasdan, borgan sari to’ylarimizga ortiqcha chiqim talab etadigan yangicha “urf-odat”lar, “ommaviy madaniyat”ga xos bemaza qiliqlar kirib kelmoqda.
Har yili respublikamiz bo’yicha 250 — 300 mingta nikoh ro’yxatga olinadi. Shu bilan birga, taassufki, minglab ajralishlar ham qayd etiladi. Birgina poytaxtimizda yiliga o’rta hisobda 18-19 ming atrofida nikoh rasmiylashtiriladi. Biroq eng ko’p nikohdan ajralish holatlari ham aynan Toshkent shahri hisobiga to’g’ri keladi. Xususan, 2016 yilda 18 ming 988 ta nikoh qayd etilgani holda, 4378 ta ajralish yuz bergan. Tasavvur qilayapsizmi: 23 foiz oila barbod bo’layapti! Achinarlisi, ajralishlarning 20 — 25 foiziga aynan to’y-hashamlarimizdagi ortiqcha dabdababozlik, soxta obro’ ketidan quvish kabilar sabab bo’layotir.
Bugungi kunda ayrim hududlarda milliy qadriyatlarimizga mutlaqo zid tarzda “kimo’zar”ga oilaviy tadbirlarni o’tkazayotgan ba’zi kimsalarga ergashib, qarzga botib to’y qilayotgan ota-onalarning ko’payib borayotgani va oqibatda oilaviy tinchi hamda halovatini yo’qotayotgani butun jamoatchilikni tashvishga soladi. Oradan hech qancha vaqt o’tmasdan, sodir bo’layotgan oilaviy mojarolar, ajrimlar, qudalar o’rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu masalaga borib taqaladi.
Tashvishlanarlisi shundaki, ayrim shuhratparast kimsalar to’y-hashamlarni o’tkazish bo’yicha musobaqa o’ynab, turli-tuman yangi “odat”larni “urf”ga kiritmoqda. Poytaxt to’ylarida aynan yoshlar o’rtasida uchrayotgan “kelinnavkar”, “Love story” kabi dahmazalar, qo’sha-qo’sha hashamatli avtomobillar korteji, odamlarning g’ashiga tegadigan, ma’naviyatimizga mutlaqo zid bachkana rasm-rusumlar tobora ko’payib bormoqda. Bunday xo’jako’rsinlik odatlari yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir qilmoqda, ularning bugungi zamon talablari darajasida bilim olish, etuk mutaxassis bo’lib etishish yo’lidagi intilishlarini susaytirayapti. Yoshlar ongida halol mehnatga nisbatan bepisand munosabat, engil-elpi hayot, dabdababozlikka intilish kabi illatlarning shakllanishiga sabab bo’lmoqda. Bundan tashqari, taniqli san’atkorlar kelishiga qarab to’y-tantanalarga baho berish odat tusiga kirdi. Ayrim bazmlarda navbat talashayotgan xonandalarni ko’rib, bunga yana bir bor amin bo’lamiz.
“Har ishning me’yori yaxshi”, deydi donolarimiz. Zero, me’yor tartibga boshlaydi, tartibning hosilasi esa hech qachon yomon bo’lmagan. Binobarin, to’y — quvonchli tadbir. Undan kutilgan maqsad-muddao ham ezgu va xayrlidir. Shunday ekan, to’yni ko’z-ko’z qilish, “kimo’zar”ga musobaqa maydoniga aylantirish ana shu ezgu ishlarni batamom barbod qilishi mumkin. Ushbu masalaga har bir oila, mahalla, keng jamoatchilik ishtirokida echim topish, mayda-chuyda, bachkana odatlarni tag-tomiri bilan yo’qotishga erishishimiz joiz. Bunda biz — xalq vakillari, davlat hamda jamoat tashkilotlari, ziyoli ijodkorlar, kayvonilar ham murosasiz kurashishimiz zarur.
Gavhar ALIMOVA,
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari
qo’mitasi raisi o’rinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер