Goʻsht qimmat: bu narxlar osmondan tushmagan

Botir Madiyorov/“Xalq soʻzi”. Vodiyning eng olis qishloqlarining birida istiqomat qiluvchi bir oila tahririyatimizga murojaat yoʻllab, shu kunlarda goʻsht narxi keskin koʻtarilib ketgani, goʻsht qachon arzon boʻlishini bilib berishimizni soʻradi. Goʻsht narxining koʻtarilish sabablarini aniqlash uchun Fargʻona viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi masʼullari, soha mutaxassislari, fermer, qassob va oʻz xonadonida chorva mollari boquvchi tadbirkorlar oldiga bordik.
Hozir turli savdo doʻkonlarida mol goʻshti 100 ming soʻmdan 135 ming soʻmgacha sotilmoqda. Kimdadir shuncha pul bor, boshqalarda-chi? Bu arzonmi? Ilgari qishloqlarga borsangiz, deyarli, ikkita xonadonning birida chorva mollariga koʻzingiz tushardi. Shu oilalar goʻshtni bozordan sotib olmasdi, hozir aksincha... Bozorlardagi savdo rastalarida har kimning qurbiga yarasha goʻshtlar terib qoʻyilgan: imkoni borga lahm, yoʻqqa suyaklar, yogʻlar... Supermarketdagi goʻshtlarning koʻrinishi goʻshtga oʻxshaydi, ammo taʼmi yoʻq. Oʻz tomorqalarida sigir, echki-qoʻy boqayotganlar nega “toza” goʻsht mahsulotlarini dehqon bozorlariga olib kelishni toʻxtatib qoʻydi?
Fargʻona misolida aytadigan boʻlsak, joriy yilning yanvar oyi holatiga koʻra viloyatda qoramol bosh soni 1 mln 100 ming bosh, qoʻy-echki 952 ming 312 bosh, parranda bosh soni 8 mln 961 mingtani tashkil etadi. Atigi bir yil oldingiga qaraganda qoramollar 12 ming 128 boshga, qoʻylar 20 ming boshga koʻpaygan xolos. Goʻsht ishlab chiqarish hajmi yildan yilga oʻrtacha 4-5 foizga oʻsishiga erishilmoqda. Aholini goʻshtga boʻlgan ehtiyojini qoplashda dehqon xoʻjaliklari yetakchi oʻringa ega. Bugungi kunda ushbu ehtiyojning 91 foizini shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari egalari taʼminlaydi. Fargʻonada chorvachilik yoʻnalishida 262 mlrd soʻmlik 133 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytda viloyatda naslchilik yoʻnalishida 270 ta fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, joriy yilda yana 135 ta chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligiga ana shunday maqom berilishi maqsad qilingan.
Mol oxuriga tashlaydigan yem qimmat
— Xaridor oʻz puliga “toza” va arzon goʻsht sotib olgisi keladi, — deydi Fargʻona viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Ubaydullo Tursunov. — Goʻsht narxi keskin koʻtarilishiga bir necha sabablar bor. Birinchi navbatda, omixta yem yetishmasligi, borining ham narxi yuqori. Oʻzingiz chamalab koʻring, bugungi kunda 1 kg kunjara narxi 6-6,5 ming soʻm, bugʻdoy yormasi 3,3-3,4 ming soʻm, 1 kg makka doni 4,5-6 ming soʻmgacha... Elektr energiyasi va yoqilgʻi moylash mahsulotlari narxining oshishi, qoʻshni respublikalardan chorva hayvonlarini import qilishda vaqtinchalik cheklov qoʻyilganligi, chorvachilik xoʻjaliklariga yer maydonlari ajratishda uning unumdorligi va chorva hayvonlari nasldorligiga jiddiy eʼtibor qaratilmayotgani ham narxning keskin koʻtarilishiga sabab boʻlmoqda.
Yozyovonda goʻsht 100-125 ming soʻmgacha...
Bu borada tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Rahmatjon Mamajonovning fikri:
Tumanda 33 ta qassobxona, 2 ta qushxona mavjud. Tuman hududi 8 ta uchastkaga ajratilib, har biriga alohida mutaxassis biriktirilgan. Shu bilan birga, 3 nafar sanitar shifokor hududlar kesimida doimiy ravishda ish olib boradi. Yozyovon Markaziy Fargʻona hududida joylashgani uchun atrofdan koʻp mol-qoʻy keladi. Kasal mollar sotilmasligi uchun har bozor 4 nafar mutaxassislarimiz bilan monitoring ishlarini olib boramiz. Shu tariqa har bir mol-qoʻyning sogʻligi tekshiruvdan oʻtkazilgach, keyin sotishga ruxsat beriladi. Tumanimizda goʻshtning narxi nisbatan barqaror boʻlib, mol goʻshtining kilosi 100-125 ming soʻmgacha sotilmoqda.
Hozirgi kunda Yozyovon tumanida chorvachilik yoʻnalishidagi 33 ta fermer xoʻjaligida 4,5 ming hamda aholi xonadonlarida 38,5 ming bosh qoramol boqilyapti. 4 ta naslchilik fermer xoʻjaligi tashkil etilib, sunʼiy urugʻlantirish orqali chorva bosh sonini koʻpaytirish, Yevropadan naslli mollar olib kelishga harakat qilinmoqda. Ozuqa bazasi uchun goʻsht-sut yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga 1 ming 65 gektar yer maydoni ajratilgan.
Oltiariqlik chorvador Lutfullo Oxunov fikri:
Ilgari 80 foiz aholining hech boʻlmasa bittadan sogʻin sigiri boʻlardi. Sut-qatiq, goʻsht mahsulotlari tomorqasidan chiqardi. Hozir oddiy chorvadorda goʻshtni bozorda “aylantirish” uchun na transport, na suyish uchun qoʻshimcha pul toʻlash imkoni mavjud. Savdogarlar dalasiga borib chorvasini koʻtarasiga savdo qilishadi, shu goʻshtlar sotilganda ancha qimmatga tushadi. Mahallada aksariyat oilalar mol boqmay qoʻygani uchun sutga ham haftalab navbatda turishadi. Chunki xonadonda mol boqish juda qiyin boʻlib ketdi. Omixta yem, kunjara, shoʻrxa, makkajoʻxori silosi juda qimmat. Aniqrogʻi, bitta molning yemishi uchun kuniga oʻrtacha 30 ming soʻm xarajat qilinadi. Mol bozorida yangi tugʻilgan naslli buzoqcha 15 million soʻm. Goʻshtga topshirish uchun uni kamida ikki yil boqish kerak. Qassoblar molni nasiyaga olib ketib, pulini bir-ikki oyda beradi. Afsuski, oʻtgan yili chorva mollari oʻrtasida yuqumli kasallik tarqalib, koʻpi nobud boʻldi. Uy sharoitida 30 boshgacha qoramol boqishga sharoitim bor. Ammo yem-xashak muammosi tufayli koʻp mol boqolmayapman. Agar sogʻin sigirdan har yili bitta buzoqcha ololmasangiz, suti sogʻilmasa, uni boqish oila byudjeti uchun faqat zarar keltiradi.
Kamida bitta sogʻin sigir boʻlardi...
Mindon qishlogʻidagi qassob Zokirjon Rahmonberdiyevning fikri:
Qishloqlarga borib mol, qoʻy sotib olaman. Bir qarashdayoq bu qancha foyda keltirishini koʻzim bilan chamalayman. Bu mollar biror joydan oʻgʻirlanganmi yoki yoʻqligi, qayerda oʻsgani va hokazolar haqida maʼlumot toʻplayman. Veterinariya shifokorlari uni tirik holda tekshiradi. Hozir doʻkonimda bir kilogramm mol goʻshtini 130 ming soʻm, qoʻy goʻshtini 135 ming soʻmdan sotmoqdaman. Goʻsht narxining tez koʻtarilayotgani va barqaror boʻlmayotgani uning savdosiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Chorva ozuqasi yetishtirish uchun yer ijarasi, suv taʼminoti, texnika xizmati kabi yumushlar ham qimmat. Shu sababli mol boqish, yem-xashak yetishtirishdan koʻra, tayyorini olgan maʼqul. Bunday tushuncha odamlarni biroz dangasa qilib qoʻydi. Narx oshib ketishida ushbu sabab ham muhim omil boʻlmoqda.
Bogʻdodlik veterinariya vrachi Rasuljon Muhammadjonovning fikri:
Shu sohada 50-yillik tajribaga egaman. Koʻpincha olgʻir savdogarlar hech qanday tekshiruvsiz goʻshtni bozorda sotayotganini koʻrib, surishtiruvlar olib borganman. Bu hayvon qanday kasallikdan vafot etgan yoki qay holatda soʻyilgan? Goʻshtdan namuna olib tekshirgan paytlarim ham boʻlgan. Agar chorvadorlarning oʻzi “Dehqon bozorlari”da oʻz mahsulotlarini sotishga kirishsa, goʻsht narxi darhol tushadi. Chunki qishloqlarda mol, qoʻy boqayotganlar koʻp. Farzandlarim boshqarayotgan “Istiqlol” naslchilik fermer xoʻjaligida goʻsht va sut yoʻnalishida 80 bosh qoramol boqiladi. Ozuqa bazasi uchun mazkur xoʻjalikka dasht hududidan 13 gektar yer maydoni ajratilgan. Hozirda tannarxni kamaytirish maqsadida chorva fermamizga quyosh batareyalari oʻrnatyapmiz.
Yana bir muammo. Novvos boqish xarajati oshib ketgani uchun qassoblar tomonidan sigir, gʻunajin soʻyish holatlari koʻpaydi. Xuddi ekologiya sohasida boʻlgani kabi chorvachilikda ham ana shu ogʻriqli masalani jiddiy nazoratga olish lozim. Chunki chorva bosh sonini koʻpaytirish bir-ikki yillik ish emas, bu uzoq yillar talab qiladigan jarayon. Shu bois chetdan mol olib kelish orqali muammoni hal qilish qiyin. Mahalliy sharoitda bu boradagi monitoring ishlarini tizimga yoʻlga qoʻyish orqali muammoni ijobiy hal qilish imkoni yetarli.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-yanvarda “Chorvachilik va parrandachilikni qoʻllab-quvvatlash, sohada yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorning ijrosi yuzasidan viloyatdagi paxta va gʻalla yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklari negizida Fransiya taraqqiyot agentligi krediti hisobidan ikkilamchi (“Xalq banki”da) hisob raqami ochish hamda goʻsht yoʻnalishida har bir tumanda Fransiya tajribasi asosida kamida 5 tadan 30-50 bosh qoramol boqishga moʻljallangan yangi loyihalarni shakllantirish hamda ijrosini taʼminlashga kirishildi. Umid qilamizki, yana qishloqlarimizda parrandalar bilan birga, chorvachilik bilan shugʻullanayotgan oilalar soni koʻpayadi. Axir, biz yaqin-yaqingacha magazindan qadoqlangan goʻshtni xarid qilishni oʻzimizga ep koʻrmasdik, har bir qishloqning oʻz qassobi va ekologik toza goʻshti boʻlardi. Nahotki, hozir qishloqlarimizda “toza” goʻsht va halol pul topishning imkoniyati boʻlmasa...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring