Gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish zarurati

19:08 14 Fevral 2024 Iqtisodiyot
625 0

Архив сурат

“Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov vodiyda joylashgan va hududlarda yangi qurilayotgan GESlarda boʻlib, mavjud holatlar bilan yaqindan tanishmoqda. Dastlab Ohangaron suv omborida amalga oshirilayotgan taʼmirlash-tiklash, rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish ishlari koʻzdan kechirildi.

Boshqaruv raisi suv ombori hududidagi drenaj tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan vertikal drenaj tizimlarini burgʻulash ishlari bilan yaqindan tanishdi hamda quruvchi va loyihachi tashkilotlari masʼullariga bajarilayotgan ishlarni jadallashtirish boʻyicha bir qator topshiriqlar berdi.

Shuningdek, suv omborini xavfsiz ekspluatatsiya qilish, suv omborini texnik ishonchliligini taʼminlash, sel-toshqin suvlarini talofatsiz oʻtkazish hamda vegetatsiya mavsumiga suv toʻplash boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlar koʻzdan kechirildi. Suv omborida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishildi.

Aytish joizki, Ohangaron suv omborida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 4 370 tup koʻchat ekilgan. Hozirgi kunga qadar jami ekilgan koʻchatlar orasiga 18,0 ming metr tomchilatib, 2 500 metr yomgʻirlatib sugʻorish hamda 2,2 gektar maydonga gidrant usulida sugʻorish ishlari amalga oshirildi.

Shu kunning oʻzida “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov Ohangaron GES qoshidagi kichik GES qurilishi jarayonlari, asosiy qurilish obyektlari bilan yaqindan tanishdi. Ohangaron GES qoshida qurilayotgan kichik GESning loyihaviy quvvati 2,5 MVtga teng.

Keyingi manzil — Namangan viloyati, Pop tumani Ohangaron daryosi boʻyida faoliyat yuritayotgan Qamchiq GESga boʻldi. GESda ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishilib, xodimlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Qamchiq GESga 4 dona gidroagregat oʻrnatilgan boʻlib, oʻrnatilgan quvvati 26,5 MVt, oʻrtacha yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishi – 77,95 mln. kVt. soatni tashkil etadi.

GESga tashrif davomida Boshqaruv raisi tomonidan korxona rahbariyatiga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Andijon viloyatidagi navbatdagi manzil esa Buloqboshi tumanida joylashgan JFK-3 kichik GES qurilishi obyekti boʻldi. A. Sanginov loyihaviy quvvati 6,8 MVt boʻlgan JFK-3 kichik GES obyektidagi qurilish ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.

Boshqaruv raisi tomonidan loyihaning qurilish rejasi mutaxassislar ishtirokida koʻrib chiqildi, reja asosida ishlarni belgilangan muddatlarda bajarish, obyektdagi eng muhim yoʻnalishlarga alohida ahamiyat berish borasida topshiriqlar berildi.

Mamlakatimizda gidroenergetika salohiyatidan oqilona va samarali foydalanish, kichik oqimdagi suvlardan unumli foydalanish, ekologik toza va arzon elektr energiya manbasini ishlab chiqarishga boʻlgan talab oshib bormoqda.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim huquqiy asos boʻldi.

Bugun “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov Andijon tumanining Zavroq mahallasi kanalining birinchi piketida bunyod etilgan, quvvati 200 kVtga teng, yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 mln. кВт.соат boʻlgan Zavroq mikro GESga tashrif buyurdi.

Boshqaruv raisi tomonidan mikro GESning joriy faoliyati, oʻrnatilgan qurilmalar samaradorligi bilan tanishish mobaynida masʼul rahbarlarga zaruriy tavsiyalar hamda topshiriqlar berildi.

Maʼlumot uchun, 2023-yil iyun oyida ishga tushirilgan mazkur mikro GES Andijon tumanining 300 ta xonadonini yoki 1 200 nafar aholisini ekologik toza elektr energiya manbai bilan taʼminlab kelmoqda.

Navbatdagi manzil — Andijon viloyatining Oltinkoʻl tumani boʻldi. Andijon viloyatida joylashgan mikro GESlar va yangi qurilayotgan mikro GESlar bilan tanishish davomida “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov Oltinkoʻl tumani Ulugʻnor kanali PK-60+00 da qurilayotgan mikro GES obyektiga bordi.

Oltinkoʻl tumani “Xoʻja” MFY hududida barpo etilayotgan ushbu mikro GESning quvvati 380 kVt, yillik elektr energiya ishlab chiqarishi 1,91 mln. кВт.соатга teng. Boshqaruv raisi tomonidan qurilish obyektlarida aniqlangan kamchiliklarni tezkor ravishda bartaraf etish, ishni sifatli tashkil etish, quruvchilarga zaruriy shart-sharoitlarni yaratib berish borasida tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер