Germaniya Gitlerning qilmishlari uchun polyaklarga tovon toʻlab bermoqchi

13:56 02 Iyul 2024 Dunyo
327 0

POLITICO

Germaniya kansleri Olaf Shols Varshavaga tashrifi chogʻida fashistlar jinoyatidan omon qolgan polshaliklarga tovon puli toʻlanishini eʼlon qilmoqchi.

Taʼkidlanishicha, Germaniya tegishli tibbiy sugʻurtaga ega boʻlmagan va keksalikda qashshoqlikni boshdan kechirgan tirik qolgan polshaliklarga moliyaviy yordam koʻrsatish orqali Polsha bilan munosabatlarni yaxshilamoqchi.

Germaniya Xristian demokratik ittifoqi bosh kotibi Pol Zemyak bu maʼlumotni “Politico” nashrining “Berlin Playbook” podkastida oʻrtoqlashdi.

Sholsning Polshaga tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni tiklash yoʻlidagi muhim qadamdir. Berlin va Varshava oʻrtasidagi munosabatlar Qonun va adolat (PiS) partiyasi boshchiligidagi sobiq Polsha hukumati davrida yomonlashgandi.

PiS hukumati Germaniyadan urush tovonlari uchun 1 trillion yevrodan ortiq talab qilgan, biroq Berlin urushdan keyingi kelishuvlar tufayli buni rad etgandi. Bosh vazir Donald Tusk boshchiligidagi Polshaning amaldagi hukumati tovon toʻlash talablaridan voz kechganini bildirgan. Shunga qaramasdan, tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Polsha xalqining azob-uqubatlarini qoplash uchun “ijobiy yechim” topishga chaqirgandi.

Maʼlumotlarga qaraganda, Germaniya tomonidan nemis natsistlari bergan zarar uchun moliyaviy kompensatsiya, Polshaning sharqiy mudofaasini qoʻllab-quvvatlash va ushbu davlatdagi fashistlarning jinoyatlari uchun Berlinda yodgorlik oʻrnatilishi kutilmoqda.

Ushbu tashrif, shuningdek, 2018-yildan beri Germaniya – Polsha hukumati oʻrtasidagi birinchi yirik uchrashuv boʻlib, Shols idorasidan 10 nafardan ortiq vazirlar ham Varshavaga boradi.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, Ikkinchi Jahon urushi aynan 1939-yil 1-sentyabrda aynan Gitlerning Polshaga hujumi bilan boshlangan va besh millionga yaqin polyaklarning qurbon boʻlishiga olib kelgan edi.

Avvalroq, «Gitlerning eng buyuk xatosi – “Barbarossa operatsiyasi”: SSSR va Germaniya urushidan 20 ta fakt + 20 ta eksklyuziv rasm» maqola orqali Germaniya va ittifoqchilarining SSSRga bostirib kirishi haqida maqola bergandik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?