“Gazprom”ning Turkiyadagi yangi gaz taqsimlash markazi qurilmaydigan boʻldi

Rossiyaning yirik gaz korporatsiyasi “Gazprom” Turkiya hududida yangi gaz taqsimlash markazi – gaz habi tashkil etish rejasini bekor qildi. Bu haqda “Bloomberg” agentligi xabar berdi. Agentlik maʼlumotlariga koʻra, bu qaror Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan soʻng Yevropa bozoriga kirish imkoniyatining yoʻqolganini qayta tiklash imkonidan voz kechish boʻldi.
Avvalroq Rossiya hukumati “Shimoliy oqim” gaz quvurlari faoliyati toʻxtatilgani va Ukraina orqali tranzit bekor qilinganidan soʻng, Turkiyada yangi gaz markazi yaratish variantini koʻrib chiqqan edi. Ammo bir necha oy davomida turli imkoniyatlar oʻrganilgach, “Gazprom” bu loyihani amalga oshirish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelgan va faol ishlarni deyarli toʻxtatgan.
“Bloomberg” manbalariga koʻra, ushbu tashabbus aslida “Gazprom”dan chiqqan emas. 2022-yil oktyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu gʻoya haqida ommaviy chiqish qilgan. Unga koʻra, mazkur markaz yiliga 55 milliard kub metr gaz uzatishi mumkin edi.
Bu miqdor “Shimoliy oqim” gaz quvurlarining quvvatiga teng edi. Loyihaning amalga oshirilishi Qora dengiz orqali yangi quvurlar yotqizishni talab qilardi, ammo Putin bu yoʻl Yevropaga gaz yetkazib berishda iqtisodiy jihatdan foydaliroq va ishonchliroq boʻladi, deb hisoblagan.
“Gazprom” menejerlari esa prezident Putinning bu tashabbusni omma oldida ilgari surganidan hayratda qolgan. Shunga qaramay, kompaniyaning eksport bilan shugʻullanuvchi boʻlimi loyihani ishlab chiqishga kirishgan. Dastlab Turkiya tomonidan ham qiziqish boʻlgan va Moskva 2022–2023-yillarda muzokaralar tez orada yakunlanadi, deb taʼkidlagan. Biroq amalda loyiha hech qanday aniq bosqichga oʻta olmadi.
“Bloomberg” maʼlumotlariga koʻra, tafsilotlar aniqlashtirilgan sari “Gazprom”ning loyiha boʻyicha qiziqishi pasaya bordi. Turkiya bu markaz orqali gazni mustaqil sotishni istagan, Rossiya esa faqat yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etishni maʼqullamagan.
Bundan tashqari, Turkiyaning Yevropaga gaz eksporti uchun mavjud boʻlgan quvurlarining oʻtkazish quvvati cheklangan. Ayniqsa, Gretsiya va Bolgariya yoʻnalishidagi quvurlar orqali katta hajmda gaz uzatish imkoniyati yoʻq. Bu esa toʻlaqonli narx belgilovchi gaz habi yaratish istiqbollarini sezilarli darajada pasaytirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring