Gazeta — jamiyatning oʻzi bilan oʻzi suhbatidir

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. “Xalq soʻzi” gazetasining 25-aprel sonida chop etilgan “Hokim: men kunimni gazeta oʻqishdan boshlayman” deb nomlangan maqolasi keng jamoatchilikni muhokamaga chorladi. Chunki jurnalistika jamiyatning oynasidir. Qay soha boʻlmasin, kamchilikmi yoki yutuq, u haqiqiy holatini aks ettirishi kerak. Tuman yoki viloyatdagi gazetalarning aksariyati yopilgan, chiqayotganlarining ham tiraji kamayib borayotgan boʻlsa, u qanday “oyna?” Oddiy Fargʻona misolida bugun chop etilayotgan bosma davriy nashrlarning adadi, ijodiy jamoasi hamda iqtisodiy ahvoli achinarli holatda.
— Viloyatimizda 60 dan ziyod bosma davriy nashrlar mavjud, — deydi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Qobiljon Shermatov. — Bular orasida “Beshariq tongi” gazetasi oʻz faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Ayni paytda gazetaning adadi 4 mingdan ortiq. Oʻtgan yili tahririyatning oʻz mablagʻi hisobiga zamonaviy bino qurib bitkazildi. “Buvayda koʻzgusi”, Yozyovonning “Markaziy Fargʻona”, Toshloqning “Toshloq tongi” gazetalari muntazam ravishda chop etilmoqda. Fargʻona, Margʻilon, Quvasoy shahar gazetalari ham adadi oz boʻlsada, doimiy ravishda chiqarilmoqda. Oʻrtacha 150-200 ming aholiga ega tuman yoki shahar uchun ming nusxada chiqadigan gazeta yetmaydi.
Viloyat boshqarmalari, shahar-tuman hokimliklari muassisligida nashr etib kelinayotgan baʼzi davriy nashrlar – gazeta-jurnallarning iqtisodiy ahvoli tang, ijodiy jamoa nochor sharoitda faoliyat koʻrsatmoqda. Ayrim nashrlar muhim sanalar munosabati bilan nomigagina chiqarilsa, baʼzilari yillar mobaynida oʻquvchi qoʻliga yetib bormayapti. Misol uchun, Oltiariqdagi “Davr ovozi” gazetasi anchadan buyon chop etilmayapti. “Qoʻqon sadosi” tahririyatida ham shu muammo bor. Uchkoʻprik, Oʻzbekiston, Furqat singari tumanlar gazetasi tahririyati ham boshidan ogʻir sinovlarni oʻtkazmoqda. Tahririyatlarning moddiy-texnik bazasi, ijodiy jamoasi bilan bogʻliq muammolar barcha gazetalarga xos. Bugun shahar-tuman gazetalarida faoliyat koʻrsatayotgan yosh hamkasblar sonini sanash uchun bukilgan barmoqlaringiz ortib qoladi. Bu sohada oʻqiyotgan yigit-qizlarning aksariyati oliy taʼlimdan soʻng boshqa yoʻnalishlarda ishlashni maqsad qilgan. Viloyat, tumandagi rahbarlarning gazetachilikka munosabati haminqadar. Yuzma-yuz boʻlganda mamlakatning markaziy nashrlari, viloyat gazetasini qoʻying, hatto oʻz tumani yoki shahrida chiqadigan gazeta nomini bilmaydi. Tabiiyki, gazetada chop etiladigan tanqidga munosabati ham shunga yarasha. Yaqinda nufuzli bir idora rahbari gazetalarni skanvord bermasligi uchun oʻqimasligini aytdi. Bunga kulasizmi-kuyasizmi?!
Koʻpchilik matbuotning raqobatchisi borligini aytishadi. Qudratli internet. Ammo gazeta har bir maqola yoki ijod namunasi saralab eʼlon qiladi. Buni birgina “voy effekti” yordamida ham bilish mumkin. Bugun yetti yoshli bola uyida ham internet boʻlsada, “voy, ularni televizordan koʻrsatishdi” yoki “voy, ular haqida gazetada yozishdi” deyishadi. “Voy, ular internetga chiqdi” deyishmaydi-ku! Chunki, internetga hamma chiqish imkoniyatiga ega. Shuning uchun ham internet portallarini ommaviy axborot vositalari deb atash qiyin. Veb-saytlarga xabar joylashtirayotganlar bir nechta blogerlar xolos.
Tadqiqotchilarning fikricha, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqda asosan qisqa vaqt talab qiladigan — 1,5-3 daqiqali mahsulotlar tomoshabop. Chunki bugungi tezkor zamonda inson ruhiyati shunga moslashdi. Oʻz nuqtayi nazari asosida tahlil qilish, jiddiy mulohaza yuritish, xulosa chiqarishga vaqt va hafsala yoʻq. Gazeta yoki kitob oʻqish uchun vaqt, qunt, bilim kerak. Oʻz vaqtida jadid bobolarimizdan birining “Bunchayam hafsalasizlar, birodarlar?” deb hayqirgani bejiz emas. Bosma nashrlar tom maʼnoda, bugungi insonlarning kundalik ibodati, millatning oʻzi bilan oʻzi suhbatidir. Agar xorij bilan mahalliy nashrlarimizni taqqoslasak, ayrim mamlakatlarda bosma matbuot hali ham yuksak maqomga ega. Masalan, Fransiyada yiliga yoshlarning bepul obunasi uchun byudjetdan mablagʻ ajratiladi. Yaponiyada bosma ommaviy axborot vositalari mashhur. U yerda bolalar gadjetlardan emas, balki qogʻozdan oʻqishga majbur. Orzumiz shuki, bizda ham bosma nashrlar har bir xonadonga kirib borsin. Oʻz ish kunini gazeta oʻqishdan boshlashga odatlangan rahbarlar koʻpaysin. Bu hududlarda doimo matbuot rivojiga xizmat qiladi. Viloyat, shahar-tuman gazetalarining obunasi sezilarli darajada koʻtarilsa, sharoiti haminqadar binolarda ishlab yurgan jurnalistlarga qulay sharoitlar yaratilsa, bundan faqat jamiyatimiz yutadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring