Fotofakt: Tosh boʻlsa-da, baribir, onadir ul, onadir
“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. “Xotira maydoni”. Mustaqillik yillarida mamlakatimizning barcha shaharlari, tuman va viloyatlari markazlarida bunyod etilgan ushbu maskanlar bugungi kunda xalqimizning oʻtganlarni yod etib, ularning xotirasiga ehtirom koʻrsatadigan aziz va muqaddas qadamjoga aylangani bor gap.
Ayni paytda mazkur maydonlar betakror meʼmoriy yechimlari, landshafti bilan shahar va hududlar markazlariga oʻzgacha chiroy, koʻrkamlik ham baxsh etib turibdi. Xususan, bunga joriy yilda Guliston shahrida oʻzbekona ayvonlar asosida qayta qurilgan “Xotira maydoni”ni misol keltirish mumkin. Hozir shu atrofdagi “Nikoh saroyi”dan chiqqan kelin-kuyovlarning maydonni ziyorat qilishi, undagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gullar qoʻyishi urfga aylangan. Oqshom sayrga chiqqanlarning eng sevimli joyi ham mana shu maydon. Ammo, Xovos tumani Gulbahor mahallasidagi “Xotira maydoni” va “Motamsaro ona” yodgorligining bugungi ahvoliga aslo bunday taʼrif berib boʻlmaydi.
Gulbahor-Xovos tumanining sobiq markazi. Hudud markazi Xovos shaharchasiga koʻchirilganiga esa koʻp yillar oʻtdi. Bugun shaharchada koʻrkam binolar bunyod etilib, obodonlashtirish ishlari kiroyi bajarilmoqda. Lekin mana necha yillarki eski markazdagi “Xotira maydoni”ning taqdiri aro yoʻlda qolgandek, goʻyo. Ehtimol, “Motamsaro ona” haykalini hozirgi markazga koʻchirish koʻzda tutilgandir. Ammo nima boʻlganda ham, xalqimizning oʻtganlar xotirasiga ehtirom koʻrsatishi uchun bunyod etilgan maskanning bunday abgor holatda turishi, eng achinarlisi, farzandi dogʻida motamga choʻmgan va hamon uni kutayotgan ona ramzining yantoqzor va xarobalar orasida qolib ketganligi kishi qalbida achinish uygʻotmay qolmaydi. Zero, toshdan yasalgan boʻlsa-da, unda har birimiz uchun oʻrnini hech kim va hech narsa bosolmaydigan onalarimiz ramzi bor, azizlar.
...Haykal poyida unga tikilar ekanman, ”Motamsaro ona” qiyofasidagi mung yanada ortgandek boʻldi, goʻyo. Axir tosh boʻlsa-da, baribir, onadir ul, onadir...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring