Filippindagi kuchli zilzilada 69 kishi halok boʻldi

12:44 01 Oktyabr 2025 Dunyo
285 0

Filippinning markaziy qismida 6,9 magnitudali kuchli zilzila sodir boʻldi. DW nashrining yozishicha, hodisa oqibatida kamida 69 kishi halok boʻldi, 140 dan ortiq odam jarohat oldi.

Taʼkidlanishicha, yer silkinishining epitsentri Sebu viloyatidagi Bogo shahri yaqinida, yer qaʼrining 5 kilometr chuqurligida qayd etilgan. Tabiiy ofat 30-sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:59 da yuz bergan.

Zilzila oqibatida bir qator bino va inshootlar, jumladan, ikki cherkov hamda sport majmuasi zarar koʻrgan. Elektr taʼminotining uzilishi aholida vahima uygʻotgan. Ijtimoiy tarmoqlarda vayron boʻlgan inshootlar va odamlarning qochish jarayonlari aks etgan videolar tarqalmoqda.

Qutqaruvchilar tosh koʻchkilari va vayronalar ostida qolganlarni izlash ishlarini davom ettirmoqda. Rasmiylar halok boʻlganlar soni ortishi mumkinligini aytmoqda.

Mamlakat prezidenti Ferdinand Markos marhumlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarga yordam koʻrsatilishini maʼlum qildi.

Zilzila ortidan Filippin vulkanologiya va seysmologiya instituti qisqa muddatli sunami xavfi haqida ogohlantirish bergan, biroq kuchli toʻlqinlar qayd etilmagani uchun ogohlantirish bekor qilingan. Mutaxassislar yaqin kunlarda kuchli aftershoklar boʻlishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Filippin Tinch okeanidagi “Olov halqasi” hududida joylashgan boʻlib, dunyoda eng koʻp tabiiy ofatlar kuzatiladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер