Fidoyilik koʻrsatayotgan hamkasblarimiz mehnati yuksak eʼtirof etildi — Sherzod Dolimov

15:30 25 Dekabr 2023 Jamiyat
494 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Fargʻona shahridagi Prezident maktabida hamda “Tadbirkorlar uyi” faollar zalida “Ustoz — taʼlim bunyodkori” shiori ostida viloyat oʻqituvchilarining qurultoyi oʻtkazildi.

Dastlab Prezident maktabida tashkil etilgan seminar treninglarda xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan ilgʻor tajribalar asosida yaratilgan darsliklar majmualari asosida oʻqitish uslublari, oʻqish savodxonligi va ona tili fanlari doirasida yangi usullarni qoʻllash, aniq loyihaga asoslangan taʼlim, tizimdagi muammolar va ularning samarali yechimiga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar boʻlib oʻtdi.

Shundan soʻng “Tadbirkorlar uyi” faollar zalida ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan uchrashuvda mamlakatimizda keyingi yillarda taʼlim sohasini isloh etish va jamiyatda oʻqituvchining obroʻsini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar xususida fikr yuritildi.

Yuzma-yuz muloqotlar davomida taʼlim-tarbiya tizimiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan pedagoglarning 4 nafariga “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni topshirildi, 38 nafar faxriy ustozlarga sihatgohlarga bepul yoʻllanmalar taqdim etildi. Shuningdek, sohada faollik koʻrsatayotgan taʼlim muassasalari hamda oʻqituvchilarning bir guruhi faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.

— Bugun sohadagi yutuqlar sarhisob etilib, amalga oshirilishi zarur boʻlgan muhim vazifalar belgilab olindi, — deydi Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Dolimov. — Oʻz navbatida barkamol avlod orzusi yoʻlida fidoyilik koʻrsatayotgan hamkasblarimiz mehnati yuksak eʼtirof etildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?