Fargʻonada tomorqachilik va gulchilik samarali yoʻlga qoʻyilmoqda

13:19 07 Yanvar 2026 Jamiyat
199 0

Fargʻona shahridagi eng yirik mahallalardan biri boʻlgan “Beshbola” mahalla fuqarolar yigʻini ahli azaldan tomorqachilikdagi mirishkorligi bilan tanilgan. Bu, avvalo, mahalla hududining viloyat markaziy dehqon bozoriga yaqin joylashgani bilan bogʻliq. Shuningdek, mahallaning bir qismi Quva tumaniga tutashib ketishi natijasida quvalik dehqonlar tajribasi ham beshbolaliklar faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.

Ayni paytda mahalladagi 1 253 ta xonadonda 5 100 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Aholi tasarrufida jami 29,4 gektar tomorqa yer maydoni mavjud boʻlib, pomidor, bodring, achchiq va bulgʻor qalampiri, turli koʻkatlar hamda limon yetishtirishda beshbolaliklarga teng keladiganlar kam.

— Bugungi kunda gulchilikni jadal rivojlantirish maqsadida qoʻshni Quva tumani mirishkorlari bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan, — deydi “Beshbola” MFY raisi Rasuljon Saydaliyev. — Shu asosda gulchilik kooperatsiyalari tashkil etildi, bir va koʻp yillik atirgullar parvarishlanmoqda. Turli gullar, koʻchat va qalamchalar mahalliy bozorlar bilan bir qatorda xorijga ham eksport qilinmoqda. Yaqin istiqbolda gulchilik plantatsiyalarida agroturizmni rivojlantirish ham rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, mahallada qoʻziqorin va sitrus mevalar yetishtirish koʻlami ham tobora kengayib bormoqda. Bu borada yosh tomorqachilarga tajribali tadbirkorlar biriktirilgani eʼtiborga molik.

Xususan, Farhodjon Haydarov oʻz tomorqasidagi 2 sotix yer maydonida issiqxona barpo etib, limon yetishtirib kelmoqda. Ayni paytda issiqxonada 30 tup limon koʻchati mavjud boʻlib, yiliga oʻrtacha 1,5–2 tonna hosil olinadi. Qish mavsumida limonning bir kilosi bozorda 30–35 ming soʻmdan sotilayotgani oila uchun barqaror daromad manbaiga aylangan.

Oila sohibi taʼkidlashicha, qish oylarida yetishtirilgan limonlar maxsus omborda 12 daraja iliq haroratda saqlanib, yangi hosilga qadar oʻz sifatini yoʻqotmaydi. Issiqxonada suvni tejash va hosildorlikni oshirish maqsadida tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan. Shuningdek, limon koʻchatlari kasalliklardan asrash uchun muntazam agrotexnik parvarishdan oʻtkaziladi.

Qoʻshimcha daromad manbai sifatida oʻtgan yil dekabr oyi oxirida limon koʻchatlari orasiga qizil lavlagi ekilgan boʻlib, uning hosili mart oyida yigʻib olinadi. Ismaloq, kashnich va sarimsoqpiyoz yetishtirish ham xonadon aʼzolari uchun muhim qoʻshimcha daromad hisoblanadi.

Yaqinda mazkur oilaga 60 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu mablagʻ evaziga muzlatgichli meva-sabzavot saqlash ombori qurish rejalashtirilgan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?