Fargʻonada Eron investitsiyasi ishtirokida zamonaviy logistika markazi tashkil etiladi

17:24 27 Avgust 2025 Jamiyat
158 0

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov eronlik investor Xosseini Alini qabul qildi. Yuzma-yuz muloqotda Fargʻona viloyatida logistika markazi hamda Oʻzbekiston – Eron savdo uyini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, bu borada umumiy qiymati 42 million dollar boʻlgan loyiha doirasida viloyatning Quvasoy shahridagi qoʻshni Qirgʻiziston bilan chegaradosh hududda 5 gektar maydonda zamonaviy logistika markazi barpo etiladi. Markazda meva va sabzavotlarni qayta ishlash, eksportga yoʻnaltirish orqali 60 ta yuqori daromadli yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Oʻz navbatida, eronlik tadbirkor Fargʻona shahrida Oʻzbekiston – Eron savdo uyini ochish rejasini ham maʼlum qildi. Unga koʻra, 3 qavatli mazkur inshootda mehmonxona faoliyati yoʻlga qoʻyilib, tadbirkorlar oʻrtasida oʻzaro muloqot maydoni tashkil etiladi. Loyihani amalga oshirish orqali ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda Fargʻonaga eronlik tadbirkorlar investitsiyalarini kengroq miqyosda jalb etish maqsad qilingan.

Samimiy muloqot chogʻida Fargʻona viloyat hokimi bu kabi istiqbolli biznes-loyihalar toʻliq qoʻllab-quvvatlanishi, shu bois bu rejalarni tezroq amalga oshirish va ishga tushirish muhimligini taʼkidladi.

Uchrashuvda ikki tomonlama manfaatli hamkorlik boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?