“Faqat shoiringga yetishmaydi soʻz, faqat musavvirga yetmaydi boʻyoq...”
Bugun — taniqli shoir va adib, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Abdusaid Koʻchimov tavallud topgan kun.
Ijodkorning “Mening Oʻzbekistonim”, “Toshburgut”, “Mening yulduzim”, “Chanoq”, “Halqa”, “Ikki bahor”, “Umid daraxtlari”, “Qiyofa”, “Yosuman”, “Baland togʻlar”, “Koʻzlarimning qarogʻidasan”, “Muhabbat bogʻlari”, “El suv ichgan daryolar”, “Saylanma”, “Safar” nomli publitsistik, sheʼriy va nasriy kitoblari oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan.
Yoniq soʻz va koʻngil bilan yashab, fidoyi mehnati, yurtsevarligi tufayli koʻpchilikning eʼtirofiga sazovor boʻlib kelayotgan ijodkorning sermazmun maqolalari, dilbar sheʼrlari, hikoyalarini oʻqir ekansiz, koʻnglingizga yorugʻlik inadi.
Istardikki, zavqu shavq, ijodkorlik ruhiyati Abdusaid Koʻchimovni hech qachon tark etmasin.
VATAN
Boshingda osmonu, qoshingda quyosh,
Tasviring chizolmay musavvir halak.
Shoir soʻz axtarib qotiradi bosh,
Buloqday qaynaydi oshufta yurak.
Parivash jamolin qiladi koʻz-koʻz,
Bagʻringda barq urgan har gul, har qiyoq.
Faqat shoiringga yetishmaydi soʻz,
Faqat musavvirga yetmaydi boʻyoq.
TANTI OʻZBEK
Saxovatli saxiy kuzdek
Saodatli eldir oʻzbek,
Buqaboʻyin — man-manlarga
Parvo qilmas janda-boʻzdek.
Jahondagi biron millat,
El-ulusdan yoʻqdir kami.
Yulduzlardek boqiy qudrat —
Ajdodlarin qutlugʻ shaʼni.
Bobolarin qancha xalqlar
Bizniki, deb talashadi.
Bunday sharaf — shoyon taxtlar
Oʻzbekka xoʻp yarashadi.
Azal-abad sochar yogʻdu
“Avesto”dek boʻstonlari.
Jasoratga jasur koʻzgu
“Alpomish”bek dostonlari.
Doʻstlariga mehri quyosh,
Doʻstlariga qurbon joni.
Pashsha kabi ezar, bebosh
Allop-qallob, bevafoni.
Havas bilan boqar dunyo
Togʻday koʻrkam savlatiga.
Dur mahliyo, nur mahliyo
Oʻzbekiston davlatiga.
Ne-ne fotih, ne-ne xoqon
Sinab achchiq omadini,
Ega olmay tutdi motam
Oʻzbekning alp qomatini.
MIRZO ULUGʻBEK HAYKALI QOSHIDA
Yulduzlarni sanash mumkindir balkim,
Hisoblash mumkindir sayyoralarni.
Sanab sanogʻiga yetolmas hech kim
Oʻzbek zamindagi allomalarni.
Mana, ming yillarkim hayratda bashar
Beruniy, Navoiy, Kubrolarimga.
Yana ming asrlar taʼzimga shoshar
Mirzo Ulugʻbekdek daholarimga.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring