FAO Oʻzbekistonda brutsellyozga qarshi kurashdagi eng ilgʻor tajribalarni joriy qilmoqda
Yaqinda BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda brutsellyozga qarshi kurash boʻyicha trening tashkil etildi. Unda FAOning brutsellyoz boʻyicha xalqaro eksperti, doktor Xose Blasko nutq soʻzladi. Treningda 50 nafarga yaqin qatnashchi, shu jumladan, epidemiologlar, laboratoriya xodimlari va Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimlari hamda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining professor-oʻqituvchilari ishtirok etishdi.
Tadbir FAOning “Markaziy Osiyoda hayvonlarning dolzarb kasalliklari boʻyicha tarmoq yaratish” texnik hamkorlik dasturi doirasida tashkil etilgan boʻlib, unda beshta qabul qiluvchi mamlakat — Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonda hayvonlarning dolzarb kasalliklari boʻyicha mintaqaviy tarmoqni yaratish maqsad qilingan. Mazkur tarmoqni yaratishda brutsellyoz kasalligining hayvonlar kasalliklari orasida birinchi boʻlib tanlanishining sababi, bu kasallikka qarshi kurash Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasida muhim oʻrinni egallaydi, bundan tashqari brutsellyoz aholining eng kambagʻal qatlamlariga sezilarli ijtimoiy-iqtisodiy taʼsir koʻrsatishi bilan ham muhim.
Hayvonlar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha mintaqaviy tarmoq doirasida axborot va tajriba almashish, laboratoriya, dala, profilaktika / nazorat, operatsiya, aloqa va boshqa amaliyotlarni standartlashtirish, boʻshliqlar, kamchiliklar va ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash, shuningdek, taʼlim va salohiyatni oshirish boʻyicha birgalikda saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Hayvonlar salomatligi inson salomatligi va sogʻlom atrof-muhit bilan chambarchas bogʻliq. Odamlar, atrof-muhit va hayvonlarning yashash muhiti oʻrtasidagi munosabatlar ayniqsa rivojlanayotgan mintaqalarda juda yaqin. Chorva mahsuldorligining oʻzgarishi yangi patogenlarning paydo boʻlishi, ularning rivojlanishi va hayvonlardan odamlarga global miqyosda tarqalishiga olib kelishi mumkin. FAO hayvonlar salomatligini muhofaza qilish chorvachilikning barqarorligini taʼminlashning asosiy sharti deb hisoblaydi.
«Kasalliklar tarqalishining oʻzgaruvchan sharoitlari bilan bogʻliq murakkab muammolarni hal qilish uchun kompleks yondashuv talab qilinadi – «hamma uchun bitta sogʻlik». Bunday yondashuvda agroekologik qarshilik, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va oziq-ovqat zanjirlari xavfsizligiga koʻproq eʼtibor qaratiladi», - deydi FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Umarov.
Trening davomida doktor Xose Blasko «Kichik kavsh qaytaruvchi hayvonlar va qoramollarda brutsellyozni nazorat qilish dasturining sharhi: Ispaniya tajribasi» hamda “Kavsh qaytaruvchi uy hayvonlari orasida brutsellyozga qarshi kurashish va uni bartaraf etishning texnik jihatlari: jihozlar va strategiya” mavzulari boʻyicha prezentatsiyalarni namoyish qildi. Shuningdek, FAO eksperti oʻzining Oʻzbekistondagi tashrifi davomida konyuʼnktiv usulda emlashni amaliyotda namoyish qilish uchun Toshkent viloyatidagi kichik kavsh qaytaruvchi hayvonlar va qoramollarni parvarish qilishga ixtisoslashgan xoʻjaliklarga ham tashrif buyurdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring