FAO xavfli kimyoviy moddalar bilan ishlovchi xodimlarga himoya vositalari topshirdi

11:06 26 Dekabr 2025 Jamiyat
105 0

Jizzax viloyatidagi zaharli kimyoviy moddalar va boshqa xavfli chiqindilar uchun moʻljallangan maxsus poligon xodimlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Jizzax viloyati hududiy boʻlinmasi xodimlari uchun “Pestitsidlar va boshqa xavfli kimyoviy moddalar bilan ishlashda shaxsiy himoya vositalarining ahamiyati va ulardan toʻgʻri foydalanish” mavzusida oʻquv-seminar tashkil etildi. Mazkur maxsus poligon Milliy qoʻmita tizimidagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi nazorati ostida faoliyat yuritadi.

Oʻquv-seminar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan FAOning “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish boʻyicha texnik koʻmak” loyihasi doirasida oʻtkazildi. Seminar davomida ishtirokchilarga pestitsidlarning toksikologik guruhlari, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan pestitsid turlari, pestitsidlarning inson organizmiga taʼsir etish yoʻllari va sogʻliqqa taʼsiri, shaxsiy himoya vositalarining turlari va ulardan toʻgʻri foydalanish qoidalari, zaharlanish turlari hamda birinchi yordam koʻrsatish choralari haqida maʼlumotlar berildi.

Bundan tashqari, trening doirasida shaxsiy himoya vositalarining har bir elementi boʻyicha amaliy namoyishlar oʻtkazilib, ularni toʻgʻri kiyish va yechish, tozalash hamda texnik xizmat koʻrsatish tartiblari tushuntirildi.

Oʻquv-seminar yakunida loyiha doirasida maxsus poligon xodimlariga moddiy-texnik koʻmak sifatida shaxsiy himoya vositalari toʻplamlari topshirildi. Ushbu toʻplamlar ikki filtrlash tizimiga ega toʻliq yuz niqobi (respirator) va mos almashtiriladigan filtrlar, maxsus himoya poyabzali, rezina etiklar, rezina qoplamali ish qoʻlqoplari, bir martalik yupqa nitril qoʻlqoplar, himoya kaskalari, sinmaydigan himoya koʻzoynaklari, himoya kombinezonlari hamda birinchi yordam qutisini oʻz ichiga oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?