Endilikda yerlarni ikkilamchi ijaraga berish mumkin
“Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardan va oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (OʻRQ–639, 29.09.2020 y). Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qonun bilan Yer kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish mumkin.
Bunda, ushbu toifadagi yerlar 1 yilgacha muddatga ikkilamchi ijaraga beriladi.
Investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yoki oʻrmon fondi yerlarini ikkilamchi ijaraga berish taraflarning kelishuviga koʻra, lekin yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasining muddatidan ilgari bekor qilinishi ikkilamchi ijara shartnomasining ham bekor qilinishiga sabab boʻladi (shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa).
Yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish taraflarning kelishuviga koʻra, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Ikkilamchi ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasi oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas.
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalari qishloq xoʻjalik ekinlarini oraliq ekish uchun 1 yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin.
“Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, dehqon xoʻjaliklari oʻziga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalarini yoki uning bir qismini qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish maqsadida vaqtincha foydalanishga berishi mumkin.
Bunda, yer uchastkasidan vaqtincha foydalanish tartibi taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring