Endi telefonlaringiz 10 barobar tezroq toʻladi – Tadqiqot
Olimlar 10 baravar tez zaryadlanadigan yangi turdagi batareyani ishlab chiqdi. Bu texnologiya hozirgi kundagi deyarli barcha portativ qurilmalarda ishlatiladigan litiy-ion batareyalarning muhim muammolarini bartaraf etishi mumkin.
Maʼlumki, litiy-ion batareyalari soʻnggi yillarda smartfon, planshet, noutbuk, quloqchin va boshqa koʻplab qurilmalarda keng qoʻllanilib, inson hayotini ancha yengillashtirdi. Ammo bu batareyalarning kamchiligi ham yetarli: ular vaqt oʻtishi bilan tez ishdan chiqadi, notoʻgʻri ishlab chiqarilgan holatlarda esa portlash va yongʻin xavfi yuqori boʻladi. Eng asosiysi, litiy-ion batareyalarini toʻliq zaryad qilish uzoq vaqt talab etadi.
Maʼlum qilinishicha, Rossiyaning Sankt-Peterburg universiteti tadqiqotchilari yangi turdagi batareyani sinovdan oʻtkazishdi. Ularning taʼkidlashicha, bu batareyalar litiy-ion akkumulyatorlariga nisbatan 10 baravar tezroq zaryadlanadi.
“Biz ishlab chiqqan polimer asosidagi batareyani soniyalar ichida, anʼanaviy lityiy-ion batareyalariga nisbatan qariyb 10 baravar tez zaryadlash mumkin. Bu eksperimentlar orqali allaqachon isbotlandi”, — deydi elektro-kimyochi olim Oleg Levin.
Yangi texnologiyaning asosi — nitroksil asosidagi redoks-polimer boʻlib, u zaryadlanish va zaryadsizlanish vaqtida elektronlar almashuvini taʼminlaydi. Bu holatda, olimlar nikel-salen deb nomlanuvchi metallopolimer asosida ishlashgan. Ushbu material tarkibidagi nikel va salen zanjirlari molekulyar darajada elektron oʻtkazuvchanligini kuchaytiradi.
Tadqiqot mualliflari tushuntirishicha, nitroksil asosidagi polimerlarda elektronlar faqatgina yonma-yon joylashgan markazlar oʻrtasida “sakrash” orqali harakat qiladi, bu esa mikroskopik darajada tez boʻlsada, umumiy oʻtkazuvchanlik past boʻlishiga olib keladi. Nikel va salen kombinatsiyasi bu muammoni hal qilib, moddada barqaror va samarali zaryad toʻplash imkonini yaratadi.
Bundan tashqari, yangi batareya past haroratda ham yaxshi ishlaydi, bu esa litiy-ion akkumulyatorlariga xos boʻlmagan afzallikdir. Ammo yangi qurilma hali ham litiy-ion batareyalariga qaraganda sigʻim jihatdan 30–40 foiz pastroq koʻrsatkichga ega.
“Biz ayni damda zaryad va zaryadsizlanish tezligini saqlagan holda sigʻimni oshirish ustida ishlayapmiz”, — deydi Levin.
Tadqiqotchilar fikricha, kelajakda nitroksil asosidagi polimerlar yuqori sigʻimli va xavfsiz energiya manbai sifatida keng qoʻllanilishi mumkin. Eng muhimi, bu batareyalar tarkibida atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan metallar kamroq. Masalan, nikel miqdori juda oz boʻlib, hozirgi litiy-ion batareyalariga qaraganda ekologik jihatdan ancha xavfsiz hisoblanadi.
Shunday qilib, agar olimlar yangi texnologiyani toʻliq takomillashtirishsa, portativ qurilmalarni soniyalar ichida xavfsiz va ekologik toza tarzda zaryad qilish mumkin boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qisqa fursatga toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi
- Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring