Ekokritika va bolalar adabiyoti: ekologik ongni shakllantirish masalalari

13:25 19 Dekabr 2025 Ilm-fan
57 0

Bugun tabiat haqida soʻz ochilar ekan, daraxtlar-u hayvonlar emas, insonning oʻzi – uning vijdoni, qarashlari va tanlovlari muhokama markaziga chiqmoqda. Chunki ekologik inqiroz deb atalayotgan hodisa aslida tabiatning emas, inson tafakkurining inqirozidir. Inson tabiatni qanday koʻrdi, qanday tushundi va qanday munosabatda boʻldi – bugungi ekologik muammolar aynan shu savollarga berilgan javoblarning natijasidir. Shu bois ekologik ongni shakllantirish masalasi texnik yechimlardan koʻra chuqurroq, madaniy va maʼnaviy yondashuvni talab qiladi. Bu jarayon esa eng avvalo bolalikdan, bola dunyoni qanday idrok etishidan boshlanadi.

Bolalar adabiyoti ana shu nozik nuqtada beqiyos kuchga ega. Bola tabiatni birinchi marta ilmiy taʼrif orqali emas, ertakdagi oʻrmon, hikoyadagi qush, sheʼrdagi yomgʻir orqali tanib boradi. U daraxtni “resurs” sifatida emas, soyasi bor, panoh beradigan, baʼzan esa dardini ichiga yutib turgan mavjudot sifatida his qiladi. Aynan shu hissiy aloqa ekologik ongning eng muhim poydevorini yaratadi. Chunki tabiatni his qilgan bola uning vayron qilinishiga befarq boʻla olmaydi.

Ekokritika metodologiyasi bolalar adabiyotiga ana shu chuqur nigoh bilan qarashni taklif etadi. Ushbu yondashuvda badiiy matn estetik hodisa doirasidan chiqib, inson va tabiat munosabatlarini aks ettiruvchi konseptual maʼnaviy matn sifatida talqin etiladi. Ekokritik tahlil badiiy asarda tabiat qanday tasvirlangani, u voqealar rivojida qanday rol oʻynagani, qahramonlarning tabiatga munosabati qanday oqibatlarga olib kelganini koʻrsatib beradi. Bu jarayonda tabiat fon emas, balki faol ishtirokchi sifatida namoyon boʻladi.

Ayniqsa, bolalar adabiyotida antroposentrik va ekosentrik qarashlarni ajratib koʻrsatish muhim ahamiyat kasb etadi. Agar asarda tabiat faqat inson ehtiyojlarini qondirish uchun mavjuddek tasvirlansa, bola ongida “tabiat menga xizmat qiladi” degan yashirin tasavvur shakllanadi. Ekokritik yondashuv esa bolani boshqa yoʻlga boshlaydi: inson tabiatning egasi emas, balki uning bir boʻlagi. Bu qarash bolada masʼuliyat hissini buyruq orqali emas, ichki ehtiyoj orqali uygʻotadi.

Bolalar adabiyotini oʻqitishda tabiatni shunchaki jonlantirish bilan cheklanib qolmaslik lozim. Ekokritik metodologiya tabiatni mustaqil subyekt sifatida koʻrishni talab etadi. Daryoning qurishi shunchaki manzara emas; oʻrmonning kesilishi faqat manzaraning oʻzgarishi emas – bu butun hayot tartibining buzilishidir. Agar oʻqituvchi buni matn orqali bola ongiga yetkaza olsa, adabiyot darsi hayot darsiga aylanadi. Mazkur yondashuv ekologik muammolarni insondan tashqaridagi hodisa sifatida emas, balki uning ichki dunyosi, qarashlari va kundalik tanlovlari bilan bevosita bogʻliq jarayon sifatida talqin etadi. Ekokritika bu nuqtada insonni tabiatdan ajratib qoʻymaydi; aksincha, uni tabiat bilan bir makonda yashayotgan, har bir harakati bilan muhitga taʼsir koʻrsatayotgan tirik mavjudot sifatida koʻrsatadi. Badiiy asarda qahramonning beparvoligi yoki ochkoʻzligi, yoxud aksincha, ehtiyotkorligi va mehr bilan yoʻgʻrilgan xatti-harakati voqealar oqimida qanday iz qoldirayotgani tahlil qilinar ekan, oʻquvchi bu holatlarni begona voqea sifatida emas, balki oʻz hayotiga yaqin holatlar sifatida qabul qila boshlaydi. Shu jarayonda bola beixtiyor “men bu vaziyatda qanday yoʻl tutgan boʻlardim?” degan savol bilan yuzlashadi. Bu savol esa ekologik ongning shakllanayotganidan darak beruvchi eng muhim belgidir.

Bugun ekologik muammolarni faqat texnologiya yordamida hal etish mumkin emasligi tobora ayon boʻlib bormoqda. Qonunlar tabiatni himoya qilishi mumkin, ammo uni sevishga unday olmaydi. Bu vazifani adabiyot bajara oladi. Bolalar adabiyotini ekokritika metodologiyasi asosida oʻqitish – bu ekologiyani alohida mavzu sifatida emas, hayotning ajralmas qismi sifatida anglatish demakdir.

Tabiatni asrash masalasi hamisha kelajak haqida qaygʻurish masalasi boʻlib kelgan. Kelajak esa yosh avlod ongida shakllanadi. Agar bola adabiyot orqali tabiatni his qilsa, tushunsa va hurmat qila boshlasa, u katta boʻlganda ekologiyani himoya qilishga majbur boʻlmaydi – u buni tabiiy hol sifatida qabul qiladi va bu uning tabiat bilan munosabatini belgilovchi eng barqaror mezonga aylanadi.

Mehribon Yakubova,

Urganch davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?