Dunyoda har 10 ta saraton holatidan qariyb 4 tasini oldini olish mumkin — JSST

17:05 04 Fevral 2026 Dunyo
758 0

Illyustrativ foto

Bugun, 4-fevral — butun dunyoda Saraton kasalligiga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (WHO) va uning Xalqaro saratonni oʻrganish agentligi (IARC) tomonidan eʼlon qilingan yangi global tahlil saraton kasalligi bilan bogʻliq yukni kamaytirishda profilaktikaning ulkan ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi. Tadqiqot natijalariga koʻra, dunyoda har oʻnta saraton holatidan qariyb toʻrttasining oldini olish mumkin.

Tahlillarda oldini olish mumkin boʻlgan 30 ta omil qamrab olingan boʻlib, ular orasida tamaki mahsulotlari, alkogol isteʼmoli, yuqori tana massasi indeksi, jismoniy faollikning pastligi, havo ifloslanishi, ultrabinafsha nurlanish hamda ilk bor toʻqqizta saraton kasalligiga sabab boʻluvchi infeksiya koʻrib chiqilgan. Butunjahon saratonga qarshi kurash kuni arafasida eʼlon qilingan hisobotga koʻra, 2022-yilda aniqlangan barcha yangi saraton holatlarining 37 foizi — taxminan 7,1 million holat — aynan oldini olish mumkin boʻlgan sabablar bilan bogʻliq boʻlgan.

185 ta davlat va 36 turdagi saraton kasalligi boʻyicha maʼlumotlarga tayangan tahlil tamakini eng asosiy oldini olish mumkin boʻlgan omil sifatida koʻrsatgan. U global miqyosda barcha yangi saraton holatlarining 15 foiziga sabab boʻlgan. Keyingi oʻrinlarda infeksiyalar (10 foiz) va alkogol isteʼmoli (3 foiz) qayd etilgan.

Dunyo miqyosida oldini olish mumkin boʻlgan saraton holatlarining qariyb yarmini uch tur — oʻpka, oshqozon va bachadon boʻyni saraton kasalligi tashkil etgan. Oʻpka saratoni kasalligi asosan tamaki chekish va havo ifloslanishi bilan, oshqozon saratoni “Helicobacter pylori” infeksiyasi bilan, bachadon boʻyni saratoni esa deyarli toʻliq inson papilloma virusi (HPV) bilan bogʻliq ekani aniqlangan.

Tadqiqot natijalari erkaklar va ayollar oʻrtasida ham jiddiy farq mavjudligini koʻrsatgan. Erkaklarda yangi saraton holatlarining 45 foizi oldini olish mumkin boʻlgan sabablar hissasiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, ayollarda bu koʻrsatkich 30 foizni tashkil etgan. Erkaklar orasida asosiy xavf omili tamaki boʻlsa, ayollarda infeksiyalar yetakchi oʻrinda qayd etilgan.

Shuningdek, mintaqalar kesimida ham sezilarli tafovutlar mavjud. Ayollar orasida oldini olish mumkin boʻlgan saraton kasalligi ulushi Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Osiyoda 24 foizni, Sahroyi Kabirdan janubdagi Afrikada esa 38 foizni tashkil etgan. Erkaklar orasida eng yuqori koʻrsatkich Sharqiy Osiyoda (57 foiz), eng pasti esa Lotin Amerikasi va Karib havzasida (28 foiz) kuzatilgan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, saraton kasalligiga qarshi samarali kurash kontekstga mos profilaktika siyosatini talab qiladi. Qatʼiy tamaki nazorati, alkogolni cheklash, HPV va V gepatitiga qarshi emlash, havo sifatini yaxshilash, xavfsiz mehnat sharoiti yaratish hamda sogʻlom ovqatlanish, shuningdek, jismoniy faollik muhitini rivojlantirish millionlab odamlarning hayotini asrab qolishi mumkin. Bu nafaqat kasallanishni kamaytiradi, balki uzoq muddatli tibbiy xarajatlarni qisqartiradi va jamiyat salomatligini mustahkamlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?