DXX ikki hududda 33,4 ming dona psixotrop moddalar savdosiga chek qoʻydi (+video)

10:33 02 Mart 2026 Jamiyat
161 0

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “Xavfsizlik” Telegram-kanali.

Unda aytilishicha, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi, 1996-yilda tugʻilgan shaxs va uning 1999-yilda tugʻilgan samarqandlik tanishi poytaxt hududida toʻxtatilib tekshirilganda, ularning yonida 8 ming 400 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.

Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, ular vaqtinchalik ombor sifatida foydalanib kelayotgan Chilonzor tumanidagi xonadondan ham 12 ming 600 dona “Regapen” va 10 ming dona turli xildagi, ishlab chiqarish firmasi aniq boʻlmagan, qoʻlbola usulda tayyorlangan dori vositalari, dorilarni qadoqlashda foydalaniladigan 500 dona idishlar va qalbaki dorilarning qadoqlariga tegishli qaydlarni yozishga moʻljallangan markerlovchi mini-printer qurilmasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Shu kabi yana bir holat, DXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.

Unga koʻra, 1994-yilda tugʻilgan shaxs 6 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 600 ming soʻmga sotgan vaqtida qoʻlga olingan. Tezkor tadbir davom ettirilib, unga bu turdagi dori vositalarini yetkazib berib turgan, Namangan shahrida yashovchi, 1987-yilda tugʻilgan muqaddam sudlangan fuqaro ham poytaxt hududida ushlangan. Uning “Treker” rusumli avtotransport vositasidan 12 ming 400 dona “Zardeks” va 14 dona “Regapen” dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер