Deputat qabulxonasi muammolar yechimida samarali usul

“Deputat — bu xalq xizmatchisi, barchaga oʻrnak boʻladigan siyosiy bilimi, ongi yuksak, oʻz Vatanini chin dildan sevadigan insondir”. Prezidentimizning yangi saylangan Parlamentimiz vakillari, deputatlar bilan uchrashuvida bildirgan ushbu fikrlari deputatning qanday inson boʻlishining aniq mezoni boʻldi. Qonunchilik palatasi, viloyat yoki tuman kengashi deputati boʻladimi, avvalo, u xalqning manfaatini oʻylaydigan, bir soʻz bilan aytganda xalq dardini oʻz dardi deb biladigan inson boʻlishi lozim. Shu nuqtayi nazardan oʻzini deputatlikka chogʻlagan har bir kishi — “deputat qanday inson boʻlishi kerak, faoliyatini qanday tashkil qilishi kerak, oʻziga ishonch bildirgan saylovchilar bilan ishni qanday tashkil etsa, odamlarni rozi qilish mumkin”, degan oʻylardan bir zum boʻlsada xoli boʻlmasligi kerak.
Taqdir nasib qilib, deputat boʻlib saylanganimdan soʻng, uning yuki va zalvarini oʻzimda his etdim.
Oʻzim saylangan 6-Mehrobod saylov okrugi hududida avvalo saylovchilar bilan ishlash tizimini tashkil etish maqsadida partiyadoshlarimiz bilan maslahatlashib deputat qabulxonasini tashkil etish qaroriga keldik va hududda deputatlik qabulxonasini tashkil etdik. Qabul kunlari va vaqtini belgiladik. Ishni tashkil etish jarayonida okrugim hududidagi 25 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan mustahkam va doimiy aloqani oʻrnatish maqsadida barcha mahallalarda boʻlib muammolarni oʻrgandim, har bir mahallaning pasportini, muammolar roʻyxatini va ularni hal etish boʻyicha shaxsiy ish rejamni belgilab oldim.
Aytish joizki, kundalik hayot kundalik muammolar bilan toʻla. Bu masalalar oʻzini saylovchilari xizmatiga bagʻishlagan deputat uchun ham birdek taalluqli. Shu bois, saylovchilar tomonidan ochiq va tezkorlikda murojaatlarini bildirishlari uchun telegram tarmogʻida shaxsiy sahifamiz va guruhimizni tashkil etdik. Guruhda barcha fuqarolar yigʻinlari rahbaridan tortib “yettilik” vakillari-yu koʻcha boshilargacha jamladik. Nazarimda, bu ishlarimiz saylovchilarimizga ham qolaversa, maslakdoshlarimizga ham maʼqul boʻldi.
Hududlarda saylovchilar koʻtarayotgan muammolarni aniqlash va ularni hal etishda mahalliy Kengashlar deputatlarining faolligi muhim ahamiyatga ega. Saylov okrugimda 25 ta mahalla boʻlib, 30010 nafar saylovchilar roʻyxatga olingan. Ushbu qabulxona ularga qulaylik yaratish, ularning murojaatlarini qabul qilish va belgilangan tartibda hal etishga xizmat qilmoqda. Shu paytgacha okrug boʻyicha yuzga yaqin muammolar oʻrganilib, yechim topish boʻyicha yoʻl xaritasi tuzildi. Manzilli ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston Liberal Demokratik partiyasidan saylangan deputatlar va partiyamizning tuman, shahar kengashlari apparat rahbarlari ishtirokida ushbu qabulxonada oʻquv-seminari oʻtkazildi. Partiya viloyat Kengashi rahbarlari, partiya faollari deputatlarning ishini jonlantirish, saylovchilar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida bunday qabulxonalarni ochish muhim ahamiyatga egaligini taʼkidlashdi. Deputatlik soʻrovi yuborish, saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, oʻz okrugimdagi mahallalarda ham aholi bilan muloqotlar oʻtkazyapman. Mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar bilan yaqindan tanishib, yechimini kutayotgan masalalarni bartaraf etish maqsadida alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash hamda muammolarni bosqichma-bosqich hal etish boʻyicha manzilli rejalar tuzib boryapman.
Xususan, “Shukrona” mahallasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda fuqarolar qishda gaz bosimining pasayib ketishi, koʻp qavatli uylar oldidagi sport maydonchalarining talabga javob bermasligi, “Dargʻom” kanali atrofini obodonlashtirish, Sayqal koʻchasining 500 metr qismi taʼmirtalab ahvolga kelib qolganini maʼlum qilishdi. Mahalla yonidagi boʻsh turgan yerni obod qilish, mahalla binosi xodimlarga torlik qilayotgani, yangi xonalarga ehtiyoj borligi ham aytildi. Mazkur masalalarni joyida oʻrganib, har bir muammoni hal qilish boʻyicha alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib va mutasaddi tashkilotlarga deputatlik soʻrovlari yubordim.
Umuman aytganda, saylovchilarning ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqadigan murojaat, talab va takliflarini ijobiy hal etish, muammolarga oʻz vaqtida yechim topish deputatga katta masʼuliyat yuklaydi. Chunki, deputat hamisha xalq tomonida boʻlib, aholiga qaysi masala qay darajada hal boʻlishini tushuntirsa, saylovchilarning siyosiy faolligini oshirishga eʼtibor qaratsagina oʻziga bildirilgan ishonchni toʻliq oqlaydi.
Akbarali QAYUMOV,
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring