Davlat tili birligimiz, borligimiz ramzidir

10:47 19 Oktyabr 2020 Jamiyat
16947 0

Turkiy tillarning katta oilasiga mansub boʻlgan oʻzbek tilining tarixi xalqimizning koʻp asrlik orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari bilan uzviy bogʻliq. Oʻzbek tilining jozibasi momolarimiz allasi, maqomlarimiz, ertak va afsonalarimiz, romanu dostonlarimizning sehrli satrlarida, jiloli ohanglarida aks etgan. Tarixga nazar solsak, buyuk ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga oʻz soʻzini aytgan hamda nodir maʼnaviy meros, qadriyatlarimizga asos solganligiga guvoh boʻlamiz.

Jasur va matonatli xalqimiz har qanday zulm va zoʻravonliklarga qaramasdan, oʻz ona tilini — milliy gʻururini saqlab qoldi. Qanchalik ogʻir boʻlmasin uni rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.

Ushbu qutlugʻ ayyom, 1989-yil 21-oktyabr sanasi— “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun maʼnaviy jasorat, ezgu maqsadlar roʻyobi boʻlgan kunligi bilan ahamiyatlidir. Ilm-fan, texnika aqlbovar qilmas darajada rivoj topganiga qaramasdan, dunyo hamjamiyati sayyoramizda nechta til borligi haqida aniq maʼlumotga ega emas. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, dunyo tillarining soni 7 mingdan oshadi. Mazkur tillardan 14 tasida insoniyatning uchdan ikki qismi gaplashadi. Ushbu tillarning har birida soʻzlashadiganlar soni esa 50 milliondan ziyod. Dunyodagi 70 tilda gaplashadiganlar 5 milliondan koʻp boʻlsa, qolgan tillarda muloqot qiladiganlar 1 milliondan kam.

Ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Shu nuqtayi nazardan qaraganda oʻzbek tiliga davlat tili maqomini huquqiy jihatdan muhrlab bergan mazkur qonunning xalqimiz hayotidagi oʻrni beqiyosdir. Bunday nufuzga ega boʻlgan oʻzbek tili asrlar sinovidan oʻtgan, qiyomiga yetgan va boshqalarga ibrat boʻla oladigan til sanaladi. Bugun Oʻzbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan siyosat buni amalda koʻrsatmoqda.

Mamlakatimizning Asosiy qonuni — Konstitutsiyamizning oʻzbek tilida yaratilishi uning nufuzini yana-da yuksaltirdi. Yurtimiz boʻylab va xalqaro maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan tuygʻusini joʻsh urdiradi. Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan oynai hayoti — bu uning milliy tili va adabiyotidir.

Oʻzbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda faol qoʻllanmoqda, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Oʻzbek tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bagʻishlangan yodgorliklar majmuasi Adiblar xiyoboni farzandlarimizning goʻzal tarbiyalarida, maʼnaviy, axloqiy ahamiyatga egadir. Dunyoga nazar solsak, oʻzbek tili rivojlangan bir necha davlatlarining 60 ga yaqin universitetlarida va 100 dan ziyod maktablarida oʻrganilib kelinayotgani quvonarli xoldir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» gi Farmoniga binoan “Davlat tili haqida” gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilanishi xalqimizning milliy ruhi va gʻururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda toʻlaqonli joriy etishga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda XX asr boshida olti tilli-oʻzbek, arab, fors, hind, turk, va rus tillarida lugʻat tuzgan Isʼhoqhon Ibratning «Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat-bu vataniy ishdir» degan purmaʼno soʻzlariga ortiqcha izohning hojati yoʻq. Oʻzbek tili dunyodagi eng boy va chuqur tarixiy ildizlarga ega boʻlgan buyuk tillardan.

Bu jihatdan Alisher Navoiy ijodi va faoliyati barcha avlodlarga yuksak namuna. Buyuk mutafakkir «Muhokamat ul-lugʻatayn» asarida bu muhim muammo xususida shunday yozadi: “xalq orasidan chiqqan isteʼdod ahli salohiyat va qobiliyatlarini oʻz tillari turganda oʻzga til bilan zohir qilmasalar va ishga solmasalar edi. Agar ikkala tilda ijod etish qobiliyatlari boʻlsa, oʻz tillarida koʻproq yozsalar edi”. Navoiy haqiqiy millatparvar shoir sifatida oʻzbek tili va adabiyotimizning nechogʻlik boy, rang-barangligi va cheksiz imkoniyatlarini butun ijodi va serqirra faoliyati bilan isbotlab, uning nufuzini jahon miqyosiga olib chiqdi.Hazrat Navoiy ona tilining taqdiri uchun ana shu tarzda kuyundi, uning mavqeini koʻtarmoq, millatning shaʼnini yuksaltirmoq uchun bor salohiyatini safarbar etdi. Bu millatdan yetishib chiqqan taʼb ahlini – ijodkorlarni oʻzga lisonda emas, ona tilida bebaho badiiy asarlar bitmoqqa chorladi.

Til — millatning koʻzgusi boʻlib, unda tarix - oʻtmish va kelajak jonlanadi. Maʼlumki, eng katta xiyonat eʼtiqodga boʻlgan xiyonatdir. Bizning eʼtiqodimizning uzviy bir jihati ham tilimizga boʻlgan eʼtiborimiz bilandir. Ona tilimiz yurtimizdagi qadim va muqaddas, moʻjizaviy buloqlardek toza va musaffo, isteʼmolga doim yaroqli boʻlishi shart. Uning ichki imkoniyatlari cheksiz va mislsizdir. Ona tilimizning tabiiyligi uchun kurashish, ogʻzaki va yozma nutqda til meʼyorlariga rioya qilish, uning tarovatini saqlab qolish barchamizning eng muqaddas va sharafli burchimizdir.

Shahnoza XOLMAXAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер