Davlat xaridlarida 28 300 dan ortiq raqobatga zid harakatlar aniqlandi

10:12 10 Mart 2026 Iqtisodiyot
245 0

Raqobat qoʻmitasi oʻtgan yilda davlat buyurtmachilari tomonidan oʻtkazilgan davlat xaridlarida aniqlangan raqobatga zid holatlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Unda aytilishicha, 2025-yilda davlat buyurtmachilari tomonidan oʻtkazilgan jami boshlangʻich qiymati 18,8 trillion soʻm boʻlgan 23 mingdan ortiq davlat xaridlari boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazilgan. Aniqlanishicha, buyurtmachi va ishtirokchilar tomonidan 16 135 ta savdolar jarayonida 28 304 ta raqobatga zid harakatlar aniqlangan.

Xususan, 16 017 ta holatda savdolarni oʻtkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibi buzilgan, 1 145 ta holatda savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish holatlari aniqlangan. 801 ta holatda savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish holatlari kuzatilgan, 8 647 ta holatda savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berilgan.

Bundan tashqari, 685 ta holatda ishtirokchilar oʻrtasida, 61 ta holatda buyurtmachi va ishtirokchilar oʻrtasida affillanganlik holatlari aniqlangan. 948 ta holatda boshqa raqobatga zid holatlar fosh qilingan.

Yuqorida keltirilgan holatlar huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlikda oʻrganilib, 11 427 ta xaridlarda aniqlangan holatlar yuzasidan belgilangan tartibda mazkur organlarga maʼlumotlar taqdim etilgan.

Shuningdek, 4 708 ta xaridlar boʻyicha vakolat doirasida ishlar qoʻzgʻatilib, davlat xaridlari subyektlari mansabdor shaxslarga nisbatan 714 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudlarga yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер