Davlat byudjeti mablagʻlari qanday maqsadlarga sarflandi?
Keyingi paytda ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda “Byudjetdan shuncha mablagʻ ajratiladi”, “Oliy Majlis byudjetni qabul qildi”, degan xabarlarni koʻp oʻqiyapmiz, eshityapmiz.
Sir emaski, davlat belgilangan vazifalarni hal qilishi uchun pul mablagʻlari kerak. Davlatning ixtiyorida boʻlgan eng yirik pul jamgʻarmasi Davlat byudjeti deb ataladi.
Byudjet daromadlari esa byudjetga begʻaraz tushgan va qaytarib olinmaydigan pul mablagʻlaridir. Davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismi soliqlar hisobiga shakllantiriladi. Yigʻilgan mablagʻlar jamiyat manfaati uchun, xalq hayotini yaxshilash uchun ishlatiladi.
Ayni damda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil uchinchi choragidagi ijrosi yakunlarini koʻrib chiqish uchun kiritilgan. Hozir bu masala parlament qoʻyi palatasidagi qoʻmitalar, siyosiy partiyalar fraksiyalarida koʻrib chiqilmoqda.
Unda keltirilishicha, joriy yil toʻqqiz oylik Davlat byudjeti daromadlari 94 457,2 mlrd soʻmni tashkil etib, belgilangan 91 795,9 mlrd soʻm prognoz 102,9 foizga yoki 2661 mlrd soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar 2019-yil mos davriga nisbatan solishtirganda 15 297, 4 mlrd soʻmga oʻsgan.
Hisobot davrida byudjet daromadlari Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan 72 783,9 mlrd soʻm, Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan 16 185mlrd soʻm va boshqa daromad manbalari hisobiga 5 475 mlrd soʻm shakllantirilgan.
Davlat byudjeti daromadlari tarkibida bilvosita soliqlar ulushi 35,1 foizni, bevosita soliqlar ulushi 33,2 foizni, resurs soliqlari 16,2 foizni va boshqa daromadlar 15,5 foizni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, respublika hududida ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlar boʻyicha tushumlarning kamayib ketishi sanoat mahsulotlari hajmining oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga kamayib ketishi (2018-yildagi mos koʻrsatkich 9.5 foiz, 2019-yil 5.3 foiz qurilish hajmining oʻtgan yillardagidek (2018-yil 17,0, 2019-yilda 24,2 foiz) kamroq yaʼni, 8,6 foizga oʻsganligi sharoitida yuz berdi.
Oʻz navbatida, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar soni yil boshiga nisbatan 82 405 ta boʻlib, joriy yil oktyabr holatiga 22 825 taga oshib, 105 230 tani tashkil etdi.
Davlatning vazifalari va funksiyalarini moliyaviy taʼminlash uchun yoʻnaltiriladigan pul mablagʻlari byudjet xarajatlari hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan davlat byudjetini tuzishda daromadlar va xarajatlar funksional, iqtisodiy, tashkiliy va boshqa mezonlar boʻyicha guruhlarga boʻlinadi. Ushbu maqsadlar uchun byudjet tasnifidan foydalaniladi.
Davlat byudjetining joriy yil 9 oylik xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 102 164,8 mlrd soʻmni (aniqlangan reja koʻrsatkichlariga nisbatan 94, 5 foiz) yoki YAIMga nisbatan 25,0 foizni tashkil etdi. Eʼtiborlisi, byudjet tashkilotlarining qariyb 33,6 trln soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari hamda 7,1 trln soʻmlik ish haqiga nisbatan ajratmalari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirilishi taʼminlandi.
Hisobot davrida iqtisodiyotga amalga oshirilgan xarajatlar joriy yilning 9 oyida 12 593,6 mlrd soʻmni tashkil qilib, ushbu xarajatlar jami davlat byudjeti toʻqqiz oylik xarajatlarining 12,3 foizini tashkil etgan. Shuningdek, joriy yilning 9 oyida iqtisodiyotning turli yoʻnalishlarida qator dolzab vazifalar amalga oshirilishi taʼminlandi.
Masalan, erkin iqtisodiy zonalar industrial zonalar, erkin iqtisodiy farm-zonalar va boshqa maxsus erkin va kichik sanoat zonalariga olib boruvchi va ichki yoʻllarni qurilish taʼmirlash ishlariga 120,0 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishi nazarda tutilgan boʻlib, ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari va tasdiqlangan manzilli roʻyxatlarga muvofiq, 51,2 mlrd soʻmlik mablagʻlar moliyalashtirib berildi. Mazkur ajratilgan mablagʻlar hisobiga 55,1 km uzunlikdagi avtomobil yoʻllari foydalanishga topshirildi.
Byudjet xarajatlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash – hozirgi davr talabi. Shunday ekan, deputatlar tomonidan davlat byudjeti va uni ijrosini koʻrib chiqish jarayonlari, hozirgi murakkab vaziyatda mablagʻlardan oʻz oʻrnida, maqsadli sarflanishiga alohida eʼtibor qaratish, shuningdek, byudjet va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining kelgusi davr uchun oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish gʻoyat muhimdir.
Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring