Sogʻlom xalq, sogʻlom millat buyuk ishlarga qodir boʻladi

09:13 09 Noyabr 2020 Jamiyat
2420 0

Insonning nazdida salomatlikning bahosi yoʻq, chunki salomatlik boʻlmasa, na farogʻat va na xashamat tatiydi. Sogʻlik hayotning shunday neʼmatidirki, chindan ham betob podshodan sogʻlom gado ming karra baxtiyordir. Zero, baxtimizning oʻndan toʻqqiz ulushi sogʻligʻimizga bogʻliq.

Xalqimizda “Sogʻ tanda sogʻlom aql” degan hikmat bejizga aytilmagan. Boisi, inson hayotda sogʻlom yashashi uchun albatta, jismoniy tarbiya bilan shugʻullanib turishi kerak. Jismoniy harakatlar inson organizmidagi ish faoliyatini yaxshilaydi. Tana sogʻlom boʻlsa, insonning fikrlashi ham yaxshi boʻladi. Sogʻlom xalq, sogʻlom millat esa buyuk ishlarga qodir boʻladi.

Jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori Oʻzbekistonda ham aholining sogʻligʻi, jismonan salomatligi, sogʻlom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini koʻrsatdi. Eng yomoni, bu ofat koʻplab yurtdoshlarimizni oramizdan bevaqt olib ketdi.

Toʻgʻri, pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab bu kurashga 100 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari safarbar etilib, ular oʻzlarini ayamasdan, jonlarini garovga qoʻyib, xalqimiz salomatligini saqlashda haqiqatda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. Lekin bugun qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarida bemorlar uchun sharoitlar talab darajasida emasligi sababli, aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish qiyin kechayotir.

Masalan, 2019-yilgi oʻlim holatlarining 60 foizi shu boʻgʻinda oldini olish mumkin boʻlgan yurak-qon tomir kasalliklari hisobiga toʻgʻri kelgan. Onkologiya yoʻnalishidagi bemorlarning yarmida kasallik ikkinchi va uchinchi bosqichga oʻtib boʻlganidan keyin aniqlanmoqda. Birinchi boʻgʻinda sifat pastligi uchun aholi toʻgʻridan-toʻgʻri markaziy shifoxonalarga borishga majbur boʻlmoqda.

Negaki, sharoit bilan talab, ish hajmi mutanosib emas. Xususan, qishloq vrachlik punktining umumiy amaliyot shifokori zimmasiga 146 turdagi kasallikka diagnoz qoʻyish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qoʻyish va yoʻllanma berish, shuningdek, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika boʻyicha juda koʻp vazifalar yuklatilgan. Shu jihatdan qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini toʻliq qayta koʻrib chiqish zarur.

Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq barcha sohalar qatorida sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratib kelayotgani hammamizga yaxshi maʼlum. Ayniqsa, soʻnggi toʻrt yilda sohaga koʻplab imkoniyatlar yaratilib, dolzarb masalalar hal qilib berildi. Lekin shunga qaramay, sogʻliqni saqlash tizimida kutilgan natijalar koʻrinmayapti.

Prezidentimiz raisligida sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham tizimda olib borilayotgan ishlar tanqidiy, tahliliy muhokama qilindi.

Endi sohada uzoq yillardan buyon toʻplanib qolgan, odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan barcha muammolarga barham beriladi. Chunki ilgʻor xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish choralari belgilanib, ularga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj boʻyicha tibbiyot brigadalari tashkil etiladi. Bu brigadalar oʻzlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”lar shakllantirib, manzilli ish olib boradi.

5 yoshgacha boʻlgan bolalar, homilador, tugʻish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shasxlar doimiy nazoratga olinib, skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi. Kasallikka moyil boʻlganlar individual patronajga olinadi.

Sohada yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy taʼlim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot tashkilotlari, ayniqsa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini professional mutaxassislar bilan taʼminlash bugun har qachongidan ham muhimroq. Sababi qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod shifokor shtati bor, lekin atigi 12 ming mutaxassis ishlamoqda.

Videoselektor yigʻilishida kadrlar masalasi ham atroflicha koʻrib chiqilib, shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni eng quyi boʻgʻin – qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish zarurligi taʼkidlandi. Olis hududlardagi birlamchi boʻgʻinga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million soʻm miqdorida bir martalik pul mablagʻi berilishi hamda xizmat uyi bilan taʼminlanishi salomatlik posponlariga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning yana bir yorqin ifodasidir.

Yana ham muhim bir jihat borki, bu haqda alohida aytib oʻtish ayni muddaodir. Yaʼni, toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy faollik orqali qanchadan-qancha kasalliklarning oldini olish, insonlar hayotini saqlab qolish mumkin. Yigʻilishda birlamchi boʻgʻin xodimlari aholini toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy tarbiyaga oʻrgatish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berilgani, muhim voqelik boʻldi. Boisi 40 foiz ayollarda foliy kislotasi va temir moddasi yetishmaydi, 5 yoshgacha boʻlgan bolalarning 55 foizida temir moddasi yetishmasligi sababli kamqonlik kelib chiqyapti. Bu muammoni faqat toʻgʻri ovqatlanish va doimiy ravishda jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish orqali hal etish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, hozirgi kunda hayotimizning mazmunini tashkil etuvchi asosiy narsa – sportdir. Chunki, sport – bu avvalo sogʻlom avlod, sogʻlom kelajak degani. Demak, endi har birimiz sogʻlom turmush tarzini kundalik hayotimizga aylantirishimiz zarur, deb hisoblayman.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер