“Chelsi”dan super kambek, “Arsenal”dan yirik gʻalaba

11:01 01 Fevral 2026 Sport
170 0

Kecha, 31-yanvar kuni Angliya Premyer ligasining 24-turidan oʻrin olgan bahslar start oldi. Kun doirasida 5 ta oʻyin tashkil etildi.

Turni ochib bergan oʻyinda “Bornmut” klubi safarda “Vulverhempton” jamoasi mehmoni boʻldi. Taʼkidlash joizki, “boʻrilar” bu mavsumni yaxshi oʻtkaza olayotgani yoʻq. Rob Edvards boshchiligidagi jamoa butun mavsum davomida 8 ochko jamgʻargan holda, musobaqa jadvalining soʻnggi pogʻonasini egallab turibdi.

“Bornmut”da esa holat nisbatan yaxshiroq edi. Jamoa bu oʻyindan soʻng oʻz holatini yanada yaxshilab oldi. Bahs mehmonlarning 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda kiritilgan gollarga Aleks Skott va Junior Krupi mualliflik qildi. Ushbu gʻalabadan soʻng Andoni Iraola boshchiligidagi jamoa musobaqa jadvalida 12-oʻringa koʻtarilib oldi.

Turdagi yana bir intrigaga boy oʻyin Brayton shahrida tashkil etildi. Unda xuddi shu nom bilan ataluvchi klub oʻz maydonida “Everton” jamoasini qabul qildi.

Ushbu oʻyinda qozonilajak gʻalaba “Brayton” klubini musobaqa jadvalida 13-oʻrindan 7-oʻringacha koʻtarishi mumkin edi. Oʻz navbatida, “Everton” ham bu bahsda gʻalaba qozonib, “Manchester Yunayted” bilan ochkolari sonini 2 ochkogacha qisqartirib olishi mumkin edi. Ammo amalda bunday boʻlmadi.

Uchrashuv 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Oʻyinda kiritilgan gollarga mezbonlardan Paskal Gross, mehmonlardan Beto mualliflik qildi.

Tur doirasida musobaqa peshqadami “Arsenal” jamoasi turnir jadvalida 16-oʻrinni egallab turgan “Lids Yunayted” jamoasi mehmoni boʻldi. Bahs Mikel Arteta boshchiligidagi jamoaning toʻliq ustunligi ostida oʻtdi va London klubi oʻyinni 4:0 hisobidagi gʻalaba bilan yakunladi.

Uchrashuvda kiritilgan gollarga Gabriel Jezus, Viktor Dyokeresh va Martin Subimendi mualliflik qildi. Yana bir gol avtogol sifatida “Lids Yunayted” posboni Karl Darlou hisobiga yozildi.

24-tur doirasida kichik London derbisi tashkil etildi. Unda “Chelsi” klubi oʻz maydonida turnir jadvalida 18-oʻrinni egallab turgan “Vest Hem” jamoasini qabul qildi.

Oʻyinda hisob 7-daqiqada mehmonlar futbolchisi Jarrod Bouen tomonidan ochildi. 36-daqiqada Krisensio Sammervill hisobni 0:2 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimda esa “aristokratlar” oʻzlariga keldi. 57-daqiqada Joau Pedru hisobni qisqartirdi. 70-daqiqada Mark Kukurelya “Chelsi”ning ikkinchi golini kiritdi. Hakam tomonidan ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan ikkinchi daqiqada Enso Fernandes mezbonlarga gʻalaba keltirgan golga mualliflik qildi. Shu tariqa “Chelsi” super kambekni amalga oshirdi.

APLda 5 ta oʻyindan beri gʻalaba nimaligini bilmay kelayotgan “Liverpul” klubi ushbu turda “Nyukasl” jamoasini qabul qildi. Oʻyin jadvaldagi oʻrinlar nuqtayi nazaridan har ikki jamoa uchun juda muhim edi. Amalda gʻalaba mezbonlarga nasib etdi.

“Liverpul” jamoasidan gollarga Yugo Ekitike (2 ta), Ibrahima Konate va Florian Virts mualliflik qildi. Mehmonlarning yagona javob goli esa Antoni Gordon hisobiga yozildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?