Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

16:03 18 Dekabr 2025 Siyosat
229 0

Senatning yalpi majlisida “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

Muhokama mobaynida fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish orqali byudjet mablagʻlarini taqsimlashda shaffoflikni taʼminlash, ularning maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Bundan tashqari, Qonunda byudjet mablagʻlaridan foydalanishda rahbarlarning vakolatlarini kengaytirish hamda moliyaviy mustaqilligini taʼminlash ham nazarda tutilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun asosida byudjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida hisobot turlari kengaymoqda. Davlat byudjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot tarkibiga byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi hamda davlat qarzi toʻgʻrisidagi hisobotlar kiritilmoqda.

Qonun bilan amaldagi qonunchilikka byudjet jarayonini takomillashtirishga, byudjet intizomiga rioya etilishiga doir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tuman va shaharlar hokimliklari zimmasiga har chorakda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirish majburiyati yuklanmoqda.

Shu bilan birga, byudjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq maqsadli indikatorlarning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida har chorak yakunida eshitib borish amaliyoti joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot hamda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining yarim yillik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining birinchi chorak va 9 oylik hisobotlari esa Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitasi qarori asosida qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.

Oʻz navbatida, byudjet tashkilotlari va byudjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan xarajatlar smetasiga yiliga koʻpi bilan toʻrt marta oʻzgartirish kiritish amaliyotiga chek qoʻyilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatorlar ushbu Qonun mamlakatimizda fuqarolarni byudjet jarayoniga keng jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish, byudjet mablagʻlarini taqsimlashda shaffoflikni taʼminlash, byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?