Butun dunyodan qarzdor AQSH. Uni qanday toʻlaydi?

Yakshanba kuni AQSH Kongressining asosiy qoʻmitalaridan biri prezident Donald Trampning yangi soliq imtiyozlari toʻgʻrisidagi qonun loyihasini maʼqulladi. Ushbu qonun shu haftaning oʻzidayoq Vakillar palatasi tomonidan qabul qilinishi mumkin.
Qonun Trampning 2017-yildagi soliq imtiyozlarini uzaytiradi, natijada davlat qarziga yana 5 trillion dollar qoʻshishi mumkin. Bu Moodyʼs agentligi tomonidan AQSH kredit reytingi pasaytirilganidan keyin xavotirlarni kuchaytirdi. Agentlik qarorning sabablaridan biri sifatida mamlakatning 36 trillion dollarlik qarzini koʻrsatgan. Bugunga kelib AQSH dunyodagi eng katta qarzdor davlatga aylangan. Bu mamlakatning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligi haqida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
AQSHning qancha qarzi bor?
Davlat qarzi — bu AQSH hukumati qarz beruvchilarga berishi kerak boʻlgan jami mablagʻ. Ayni paytda bu raqam 36,2 trillion dollarni tashkil etadi. Bu raqam mamlakatning yillik yalpi ichki mahsuloti (YAIM)ning 122 foiziga teng va har uch oyda taxminan 1 trillion dollarga oshmoqda.
Qarzning eng yuqori YAIM nisbati 2020-yil pandemiya davrida kuzatilgan boʻlib, oʻsha vaqtda bu koʻrsatkich 133 foizga chiqqan. AQSH eng yuqori qarz — yalpi ichki mahsulot nisbati boʻyicha dunyodagi yetakchi 10 davlat qatorida.
Qarz chegarasi bormi? Boʻlsa nega u doimiy ravishda oshib bormoqda?
Hukumat yigʻganidan koʻra koʻproq pul sarflasa, defitsit hosil qiladi. Ushbu kamomadni qoplash uchun hukumat koʻproq qarz oladi. Qarz olish qonunchilik tomonidan tasdiqlanishini taʼminlash uchun AQSH Kongressi hukumat ijtimoiy xavfsizlik, sogʻliqni saqlash va mudofaa kabi mavjud majburiyatlarni moliyalashtirish uchun qancha qarz olishi mumkinligiga cheklov qoʻyadi. Ushbu chegara qarz shifti deb nomlanadi.
Shiftga erishilgandan soʻng, Kongress limitni oshirmasa yoki toʻxtatmasa, hukumat koʻproq qarz ololmaydi. 1960-yildan beri Kongress 78-marta qarz shiftini koʻtardi, toʻxtatdi yoki oʻzgartirdi, bu esa AQSHga koʻproq qarz olish imkonini berdi.
Turli prezidentlar davrida kamomadlar qanday oʻzgargan?
Federal defitsit — bu hukumat bir yil davomida topganidan koʻp pul sarflaganini anglatadi. Federal profitsit esa AQSH sarflaganidan koʻra koʻproq pul olib kelishini anglatadi.
Defitsit Trampning birinchi muddatida, ayniqsa 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi davrida, hukumat katta mablagʻ sarflaganida, soliq tushumlari ish joylarini yoʻqotish tufayli kamayganida keskin oʻsdi. Oʻsha yili defitsit yalpi ichki mahsulotning deyarli 15 foizini tashkil etdi.
Sobiq prezident Bill Klinton davrida federal profitsit mavjud edi. Bunga iqtisodiy sharoitlar, shuningdek, koʻproq daromad keltirgan soliqlarning oshishi natijasida erishilgan.
AQSH qarz olmoqchi boʻlsa, moliyaviy vositalarni ishga soladi. Ular qoʻyidagilardir:
- Xazina vekseli (T-bills) — qisqa muddatli, 1-yil ichida toʻlanadi;
- Xazina notasi (T-notes) — oʻrta muddatli, 2–10-yil ichida toʻlanadi;
- Xazina obligatsiyasi (T-bonds) — uzoq muddatli, 20–30-yil ichida toʻlanadi.
Bu vositalar investorlar tomonidan AQSHga berilgan qarz boʻlib, foizlari bilan qaytariladi. Ular xavfsiz investitsiya hisoblanadi.
AQSH qarzini kim ushlab turibdi?
36,2 trillion dollarlik qarzning toʻrtdan uch qismi (27,2 trillion dollar) AQSH ichida joylashgan subyektlar tomonidan ushlab turiladi:
- 15,16 trillion dollar (42 %) — xususiy investorlar va tashkilotlar, pensiya jamgʻarmalari, investitsiya fondlari va boshqalar
- 7,36 trillion dollar (20%) — AQSHdagi davlat idoralari va ichki jamgʻarmalar
- 4,63 trillion dollar (13%) — Federal zaxira tizimi (AQSH markaziy banki)
Mashhur investor Uorren Baffet oʻzining “Bekshire Hathaway” kompaniyasi orqali 314 milliard dollarlik xazina veksellariga ega boʻlib, eng yirik nodavlat investor hisoblanadi.
Qolgan 9,05 trillion dollar (25%) xorijiy investorlar qoʻlida. Soʻnggi 50-yilda xorijiy investorlar ulushi 5 barobarga oshgan: 1970-yilda bu koʻrsatkich 5 foiz edi, hozir esa 25 foiz.
AQSHning kimdan qancha qarzi bor?
Davlatlar valyuta zaxiralari uchun xavfsiz va barqaror investitsiya boʻlganligi uchun AQSHga qarz beradi, bundan tashqari valyuta kurslarini boshqarishda yordam beradi hamda ishonchli foiz daromadiga ega boʻladi.
Ayni paytda AQSHga eng koʻp qarz bergan davlatlar reytingini quyidagi mamlakatlar boshqarib turibdi:
- Yaponiya — 1,13 trillion dollar
- Buyuk Britaniya — 779,3 milliard dollar
- Xitoy — 765,4 milliard dollar
- Kayman orollari — 455,3 milliard dollar
- Kanada — 426,2 milliard dollar
Tramp hokimiyati joriy qilgan boj tariflaridan soʻng Yaponiya va Xitoy oʻziga tegishli AQSH qarzlarini savdo muzokaralarida bosim vositasi sifatida ishlatishini bildirgan.
Joriy oy boshida Yaponiya moliya vaziri Katsunobu Kato Yaponiyada mavjud katta miqdordagi AQSH gʻaznachilik obligatsiyalari savdo masalalarida “muzokara quroli” boʻlishi mumkinligini aytdi.
Shuningdek, Xitoy ham bir necha yildan beri AQSH obligatsiyalarini bosqichma-bosqich sotmoqda. Shu yilning fevral oyida Xitoyning AQSH gʻaznachilik obligatsiyalaridagi ulushi 2009-yildan beri eng past darajaga tushdi. Bu esa Xitoyning valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishga intilayotganini va davom etayotgan savdo keskinliklarini aks ettiradi.
Katta qarzi fuqarolar uchun nimani anglatadi?
Davlat qarzi oʻsishi bilan hukumat qarz foizlarini toʻlash uchun koʻproq mablagʻ sarflashi tabiiy jarayon. Bu esa boshqa sohalarga ajratiladigan byudjet mablagʻlarini keskin qisqartiradi. Shuningdek, vaziyatni yumshatish uchun choralar koʻrish zarurati ham paydo boʻladi. Masalan, soliq stavkalari oshirish.
Tabiiyki, bu oʻrtacha turmush tarziga ega fuqarolarning xarajatlarini oshiradi. Qolaversa, davlat qarzi oshgani sari bozorda foiz stavkalari ham koʻtariladi. Bu esa ipoteka va boshqa kreditlarni oshishiga olib keladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring