Buxoroda zamonaviy zoopark ochiladimi?

11:58 01 Dekabr 2021 Jamiyat
982 0

Foto: "Xalq so'zi"

Buxoro shahar markaziy madaniyat va istirohat bogʻida sayr qilayotgan xorijlik talabaning koʻzi “Zoopark” degan yozuvga tushdi. Unda beixtiyor zooparkni ham tomosha qilish fikri tugʻildi.

– Buxoro davlat tibbiyot institutida tahsil olaman,– deydi oʻzini Hamza deya tanishtirgan pokistonlik bu talaba.  – Saboqdoshlarim Fezan va Rahima bilan zooparkdagi  noyob hayvonlaru qushlarni koʻrib, oʻzimizni yovvoyi tabiat qoʻynida yurgandek his etdik. Juda ajoyib. Bu yerga, albatta, tez-tez kelib turish kerak.

Bu soʻzlarni eshitgan aksariyat buxoroliklar “Nahotki, bizda shunday zoopark bor?”, deya ajablanishlari mumkin. Ha, zoopark bor. Faqat...

– Shu yerda, mana, sakkiz yildirki faoliyat olib boryapmiz,– deydi tabiat jonkuyarlaridan biri Hikmat Hamidov. – Koʻrib turganingizdek, zooparkimiz dam olish bogʻining chekkasi, markaziy dehqon bozori yonidagi 70 sotix yerda joylashgan. 20 turdagi hayvon va qushlarni parvarish qilamiz.

Bu moʻjaz zooparkda juda noyob jonivorlarni koʻrish mumkin. Tibet qoʻtosi, sher, dengiz choʻchqasi, ayiq, yenot shular jumlasidan. Boʻri, tulki, shoqol, maymun, burgut, Pokiston echkisi va hatto bir paytlar Buxoroi sharif osmoni uzra emin-erkin parvoz qilib yurgan laylaklarning ajdodini ham uchratasiz.

– Bu hayvonu qushlarni parvarishlashning oʻzi boʻlmaydi, shunday emasmi?,– deya yuzlanamiz Hikmat akaga.

– Albatta,– deydi u. – Mana bu bir juft sherni olib koʻring. Uch yoshli erkagi kuniga 15 kilogrammgacha goʻsht yeydi. Lekin bizni bundan ham koʻproq  oʻylantirayotgan masala bor. Zooparkni zamonaviy loyiha asosida barpo etish kerak. Dastlabki hisob – kitobga koʻra, uni roʻyobga chiqarish uchun 2 milliard 200 million soʻm sarflanadi. Ammo loyihani amalga oshirish uchun, avvalo,  shu 70 sotix yerni hujjatlashtirib olishimiz kerak. Viloyatimizning avvalgi rahbari, rahmatli Oʻktam Barnoyev zooparkimizni koʻzdan kechirib, shu masalada yordam berishini aytgandi. Ammo pandemiya boshlandi-yu, hammasi algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Vaholanki, Buxoroga zamonaviy zoopark kerak.

Bu fikrda jon bor, albatta. Buxoro shahri va  viloyat tumanlaridagi necha yuz minglab bolalarning qay biri noyob hayvonlaru qushlarni yaqindan koʻrishni istamaydi, deysiz?! Bu farzandlarimizning ona – tabiatga boʻlgan mehr-muhabbatlarini oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, 600-700 kilometr yoʻl bosib, poytaxtdagi zooparkni koʻrgani borishga hammaning ham imkoniyati yetmaydi. Shunday ekan, viloyat va shahar mutasaddilari, deputatlarimiz Hikmat akaga oʻxshagan fidoyi insonlarga yordam qoʻlini choʻzishsa ziyon qilmas edi.

Bu haqida alohida toʻxtalishimizning boisi bor. Ayni paytda Buxoro viloyatidagi eng yirik dam olish maskani sanalgan markaziy istirohat bogʻi qarovsiz ahvolga kelgan. Yaydoq dalani eslatuvchi ekin yerlarini koʻrib, “Qarasang bogʻman, qaramasang – dogʻ” degan naql yodga keladi. Zoopark yonida joylashgan  bogʻ va markaziy dehqon bozorining chiqindixonasidan yozda shunaqa badboʻy hid  taraladiki, aslo chidab boʻlmaydi. Vaholanki, undan nari borsa 50 – 60 metr narida sayyohlik manzili – Buxoroning qadimiy devori qoldiqlari, chamasi 200 – 300 metr narida esa dunyoning eng nodir yodgorliklaridan biri Ismoil Somoniy maqbarasi joylashgan.

Buyogʻiga xulosa yasash oʻzingizga havola.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер