Tarixi miloddan avvalgi IV asrga borib taqaladigan qalʼada taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda
Istam IBROHIMOV/«Xalq soʻzi». Manbalarda aytilishicha, koʻhna Buxorodagi Ark qalʼasi 1,5 ming yil avval, balki undan ham oldinroq mamlakat hukmdorlarining yashash manzili vazifasini oʻtagan. Qoʻrgʻon maydoni toʻrt gektar atrofida. Arxeologlar xulosasiga koʻra, qalʼaga asos solingan davr miloddan avvalgi IV asrga borib taqaladi.
Ne-ne kechmishlarning tilsiz guvohi boʻlgan qalʼa devorining shimoli-sharqiy qismi qor, yomgʻir sabab yemirilib borayotgan edi. Devorning chamasi 220 metrli shu yoʻnalishida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
— Qalʼa pasxasi yemirilib, aftoda holga kelib qolgan edi, — deydi mazkur yumushlarni bajarayotgan “Usta Rangrez meʼmor” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Baxtiyor Yodgorov. — Jamoamiz tarixiy yodgorliklarni taʼmirlash borasida boy tajribaga ega. Restavratsiya va konservatsiya ishlarini nihoyasiga yetkazayapmiz. Madaniy meros agentligi buyurtmasi asosida bajarilayotgan bu loyiha uchun 27 milliard soʻmga shartnoma tuzilgan.
Loyihaga muvofiq, taʼmirlovchi ustalar yogʻochni shaxmat usulida yotqizish orqali pishiq gʻisht terish ishlarini bajardi. Bunda aspen yogʻochidan foydalanildi. Nisbatan uzun sanalgan yogʻoch devor oʻzak qismigacha kiritildi. U ichkaridagi namlikni tashqariga chiqarish xususiyatiga ega. Boshqacha aytganda, devorning zax tortmay, nafas olishiga imkon beradi. Aytish kerakki, aspen juda mustahkam yogʻoch sanaladi. Uni hatto betonga qiyoslashadi. Vaqt oʻtishi bilan yanada pishiq boʻladi.
Qalʼa devorining shu qismi tepasida ikkita guldasta ham bor. Restavratsiya ishlari tugagach, u yerdan turib koʻhna shaharning betakror manzarasidan bahramand boʻlish mumkin.
Shu oʻrinda qoʻrgʻon haqida qisqacha toʻxtalish foydadan xoli emas. Buyuk ajdodimiz Muhammad Narshaxiyning yozishicha, “Buxoro hisori” deb atalgan bu goʻsha turkiy xalqlar davlatchiligi asoschisi Alp Er Toʻnga yoki Afrosiyob nomi bilan bogʻliq. Manbalarda uni Siyovush barpo etgani haqida soʻz boradi.
Yuqorida aytganimizdek, qalʼa asrlar davomida koʻp savdolarni boshdan kechirdi. Ayniqsa, 1920-yilgi bedodlik hammasidan oshib tushdi. Oʻshanda Mixail Frunze boshchiligidagi shoʻro qoʻshinlari Buxoroni toʻplar va aeroplanlardan oʻqqa tutishgan. Bundan Ark ham katta ziyon koʻrgandi. Uning vayrona qismi 103-yil davomida odamlardan ihotalangan holda turdi. Bir yil muqaddam bu yerda YUNESKO xayrixohligi ostida arxeologik park barpo etildi. Biz tilga olgan shimoli-sharqiy devordagi ikki guldasta shu noyob parkning ajralmas bir qismiga aylanishi kutilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring