Bugundan “Kontrafaktsiz oy” oyligiga start berildi

21:48 15 Fevral 2024 Jamiyat
271 0

Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan respublikamiz boʻylab har yili bir marta 15-fevraldan 15-martga qadar kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasiga qarshi real samarali kurashishni koʻzda tutuvchi hamda targʻibot-tashviqot ruhi bilan sugʻorilgan “Kontrafaktsiz oy” oyligi oʻtkaziladi.

Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan joriy yilda ham Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan 20 ta banddan iborat “Kontrafaktsiz oy” oyligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, dasturning 1-bandiga muvofiq 15-fevral sanasida intellektual mulk himoyasi va kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar va boshlanayotgan oylik boʻyicha “Kontrafaktsiz oy” oyligini samarali tashkil etish boʻyicha brifing tashkil etildi.

Brifingni Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti boshligʻi E. Kanyazov kirish soʻzi bilan ochib berib, kontrafakt mahsulotlarning realizatsiya qilinishi butun dunyo boʻylab isteʼmolchilar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari buzilishiga, yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga, yillar davomida muttassil mehnat evaziga yaratilgan brendlarga nisbatan xaridorlar ishonchining yoʻqolishiga sabab boʻlishi xususida oʻz fikrini bildirdi.

E. Kanyazov oʻz soʻzini davom ettirib, Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirishga oid amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berib oʻtdi.

Shundan soʻng, Adliya vazirligi Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshligʻi B. Roʻziyev soʻzga chiqib, joriy yilgi chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar va ularning ijrosi yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha maʼlumot berib oʻtdi.

Mazkur tadbirda Adliya vazirligi masʼul xodimlari bilan bir qatorda soha boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar vakillari, xususan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bojxona qoʻmitasi, Soliq qoʻmitasi va "Oʻzkomnazorat» inspeksiyasidan vakillari, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, ushbu oylik davomida Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan yirik bozorlar, savdo majmualari va koʻchma savdo maskanlarida kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari oʻtkaziladi.

Bunda asosan tadbirkorlik subyektlariga kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish uchun javobgarlik mavjudligi haqidagi targʻibotlar kuchaytiriladi. Shuningdek, isteʼmolchilarga kontrafakt tovarni aslidan farqlashga oʻrgatish va koʻnikmalar hosil qilish maqsadida tushuntirish ishlari amalga oshiriladi. Qolaversa, fuqarolarning mazkur sohada huquqiy ongini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi.

Vazirlik ushbu oylikni oʻtkazish orqali tadbirkorlarni halol raqobatga kirishishni taʼminlash, oʻz brendiga ega ishlab chiqaruvchilar biznesini himoyalash, savdo rastalarida kontrafakt mahsulot aylanmasini cheklash hamda aholi orasida sifatli, ishonchli mahsulotlarni xarid qilishni targʻib qiladi.

Eng muhimi, savdo doʻkonlarida savdo va xizmatlar koʻrsatish jarayonida asl mahsulot ishlab chiqaruvchisi toʻgʻrisida isteʼmolchilar toʻgʻri maʼlumotga ega boʻlishi va isteʼmolchini chalgʻituvchi kontrafakt mahsulotlarning realizatsiyasini oldini olishga erishiladi.

Joriy yilgi oylik davomida ham bir qator targʻibot tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, oliy taʼlim muassasalari, professional taʼlim muassasalari va akademik litseylarda “Intellektual mulk himoyasi va kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish” mavzusida seminar-trening va davra suhbatlarini tashkil etish, shuningdek Oliy sud, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bojxona qoʻmitasi xodimlari uchun intellektual mulk sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan mutaxassislarni jalb etgan holda seminar-treninglar tashkil etish ham koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, oylik davomida kontrafakt mahsulotlar katalogining doimiy yangilanib boruvchi elektron shakliga yoʻnaltiruvchi QR-kodli stikerlarni respublikaning barcha hududlaridagi bozorlar, yirik savdo majmualari, chegara va TIF bojxona postlariga joylashtirish hamda vakolatli organlar xodimlari uchun xorijiy huquq egalari yoki ularni vakolatli vakillarini jalb etgan holda kontrafakt mahsulotlarni aniqlashning maxsus usullari boʻyicha master-klasslar tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Vazirlik kontrafakt mahsulotlarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyish maqsadida nafaqat “Kontrafaktsiz oy” oyligi davomida, balki doimiy ravishda chora-tadbirlarni amalga oshirib boradi.

Diyora SAIDOVA,

OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?