Samarqandim.uz veb-saytiga asos solindi

Bugun, 18-oktyabr — Samarqand shahri kuni. Mazkur sana munosabati bilan Samarqand davlat universitetida “O‘tmishi sharafli, buguni saodatli, kelajagi nurafshon abadiy shahar” mavzuida anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda SamDU rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov, filologiya fanlari doktori, professor Jo‘liboy Eltazarov so‘zga chiqib, Samarqandning buguni, ertasi haqida ma’ruza qilishdi. Anjumanda viloyat hokimi o‘rinbosarlari Husan To‘xtayev, Rustam Qobilov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab “Suratlardagi Samarqand” fotoko‘rgazmasi ochildi. Ushbu ko‘rgazmada 50 dan ortiq fotosuratlar jamlangan bo‘lib, bir surat tarixga sayohat bo‘lsa, ikkinchisi bugungi Samarqand haqida hikoya qiladi. Uchinchi surat Samarqandning qalbi daryo, mard va tanti farzandlari hayotidan hikoyadir.
Xabaringiz bor, mamlakatimiz mustaqilligining 33-yilligi bayrami arafasida “Samarqandim” jurnali chop etilib, o‘quvchilarga taqdim etilgan edi. Bugun esa sana munosabati bilan mazkur loyihaning davomi sifatida samarqandim.uz veb-saytiga asos solindi. Mazkur sayt o‘zbek, xitoy, ingliz tillarida faoliyat yuritadi.
“Samarqandim” jurnali va samarqandim.uz veb-saytidan ko‘zlangan maqsad Samarqandimiz tarixini chuqurroq o‘rganish hamda o‘zgalarga o‘rgatishdir.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori:
— Men Samarqand farzandi sifatida bu muqaddas tuproqdan qarzdorlik hissi bilan yashayman. Samarqand nomi, Samarqand shoni, uning buyuk o‘tmishi millatimizni dunyo oldidagi o‘rnini, obro‘-e’tiborini belgilaydigan omillardan biridir. SamDU tomonidan katta loyihaga qo‘l urildi. Dastlab “Samarqandim” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy, tarixiy, ommabop jurnaliga asos solindi. Dunyoning eng qadimiy shaharlarining o‘z jurnallari bor. Bunga misol qilib, Rim va Istanbulni keltirish mumkin.
Bugun mazkur loyihaning davomi sifatida samarqandim.uz veb-saytini ishga tushirishday tarixiy voqeaga guvohi bo‘ldik. Alohida ta’kidlashni istardimki, veb-sayt ayni paytda o‘zbek, xitoy, ingliz tillarida yuritilayotgan bo‘lsa, kelgusi yildan boshqa tillarda ham ma’lumotlar joylashtirib borishni yo‘lga qo‘yamiz.
“Samarqandim” jurnali, samarqandim.uz veb-sayti yaratilishidan ko‘zlangan maqsad Samarqandimiz tarixini o‘zimiz ham chuqurroq o‘rganish, o‘zgalarga ham o‘rgatishdir. Samarqandimizning dunyo oldida namoyish qilish, jahon xalqlarini Samarqandga chorlashdir. Bugun biz istaymizmi yo‘qmi internet zamonida yashayapmiz. Shu bois “Samarqandim” jurnalining o‘zbek va ingliz tillarida chop etilayotgan bosma nashri bilan chegaralanmasdan samarqandim.uz veb-saytiga ham asos solindi. Loyihalarimizni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelayotgan viloyat hokimligiga va boshqa tashkilotlarga minnatdorligimizni bildiramiz.
Tadbir yakunida Samarqand davlat universitetida faoliyat ko‘rsatayotgan va tahsil olayotgan Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya hamda yaponiyalik professor-o‘qituvchilar, talabalar bayram bilan barchani tabrikladi.
Emrah YILMAZ,
Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti dotsenti:
— Samarqand — san’at tarixi jihatidan o‘ziga xos shahar. Registon, Shohi Zinda, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim kabi madaniy boyliklar bunga to‘la asos bo‘ladi. Dunyoga mashhur Toj Mahal o‘zining ilhomini mahobatli Amir Temur maqbarasidan olgan.
Shuni ta’kidlashni istardimki, Samarqand — mehr bulog‘i, go‘zallik yodgorligi hamdir. Samarqand Ipak yo‘li savdo markazida bo‘lgani uchun boy madaniy havzaga ega va butun dunyo uchun haqiqiy sayyohlik markaziga aylangan. Siyob bozori ko‘plab sayyohlik shaharlarida uchramaydigan xususiyatga ega. U mahalliy aholi tomonidan ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini ham tatib ko‘rish, ham xarid qilish imkoniyatini beradi.
Moviy gumbazlar bilan qoplangan madrasalari, koshinlar bilan bezatilgan karvonsaroylari, masjidlari, ijtimoiy majmualari bilan Samarqand ochiq osmon ostidagi muzeyni eslatadi. Turkiyada bu go‘zal ranglarni tasvirlash uchun “Samarqand moviysi” yoxud “Samarqand feruzasi” kabi iboralar qo‘llaniladi.
Qisqasi, go‘zal Samarqand — o‘z mehmonlarini bir soniya bo‘lsa ham ko‘z uzmay tomosha qilishga chorlaydigan shahar. Samarqand g‘arb sayyohlari tomonidan manbalarda “Dunyo ko‘zgusi”, “Ruh bog‘i”, “Sharq gavhari”, “Islom gumbazi” sifatida tasvirlangan.
Eva ORTMANN,
Gyottingen universiteti eronshunoslik instituti direktori, professor:
— Tarixchi bo‘lganligim bois ko‘p shaharlarda bo‘lganman. Qadimiy shaharlar tarixini o‘rganganman. Har bir davrda Samarqand sivilizatsiya hamda madaniyat markazi bo‘lib kelgan. Men uchun Samarqandda bo‘lish sharaf, bundan faxrlanaman. Samarqandga ko‘p marta kelganman.
Bugun menga Samarqand shahri kunini nishonlash ham nasib qildiki bundan g‘oyatda xursandman. Menga biror-bir shaharda yashash imkoniyati berilsa, Samarqandni tanlagan bo‘lardim. Barcha samarqandliklarni qutlug‘ kun bilan tabriklayman.
SamDU axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring