“Bu Baydenning urushi, lekin men uni tugatmoqchiman” — Tramp Alyaska sammitidan oldan yevropaliklar bilan maslahatlashib oldi

Foto: Reuters
Xalqaro inqiroz guruhining Ukraina boʻyicha katta tahlilchisi Lutsian Kimning aytishicha, AQSH prezidenti yevropaliklarsiz Ukrainada biron bir yechimga erishish juda qiyin boʻlishini tushunib yetgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan sammitni davom ettirishga xayrixohligini bildirdi. Shuningdek, u agar Rossiya oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlmasa, ogʻir oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 13-avgust kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers tomonidan tashkil qilingan Yevropa Ittifoqi rasmiylari va AQSH prezidenti Donald Tramp bilan onlayn sammitda qatnashish uchun Berlinga keldi. Bu muloqot 15-avgust kuni boʻlib oʻtadigan Alyaska boʻlib oʻtadigan Tramp va Putin sammiti oldidan oʻziga xos mashvarat vazifasini bajardi.
Onlayn muloqotda Germaniya kansleri Fridrix Mers, AQSH prezidenti Donald Tramp, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Gollandiya bosh vaziri Dik Shof va boshqa rasmiylar qatnashdi.
Ular nimalar haqida gaplashdi?
Trampning Putin bilan yakkama-yakka uchrashishi Yevropa yetakchilarini xavotirga solmoqda. Yigʻilish ham shu sabab bilan tashkil etilgan. Avvaliga Yevropa yetakchilari va NATO aʼzolari Zelenskiy bilan videokonferensiya orqali gaplashgan. Taxminan, bir soat oʻtgach Tramp va AQSH vitse-prezidenti muhokamaga qoʻshilgan. Keyin Mers va Zelenskiy qoʻshma bayonot bilan chiqqan. Shundan soʻng Tramp Vashingtondagi Kennedi markazida alohida murojaatini eʼlon qildi. Shu kunning oʻzida Rossiya agressiyasiga qarshi Ukrainani qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish tarafdori boʻlgan 31 davlatdan iborat “Koʻngillilar koalitsiyasi” alohida virtual sessiyada yigʻilib, bayonot bergan.
“Ukraina stolda boʻlishini aniq aytdik” — Germaniya kansleri
Germaniya kanslerining aytishicha, juma kuni Alyaskadagi sammitda Yevropa va Ukraina xavfsizlik manfaatlari hurmat qilinishi kerak. U Ukrainaning har qanday tinchlik muzokaralarida oʻt ochishni toʻxtatish bilan bir stolda oʻtirish muhimligini taʼkidladi.
“Biz keyingi uchrashuv boʻlishi bilanoq Ukraina stolda boʻlishini aniq aytdik. Prezident Tramp oʻt ochishni toʻxtatishni ustuvor vazifa sifatida qoʻymoqchi”, — deya qoʻshimcha qilgan Mers Berlinda Zelenskiy bilan birga jurnalistlarga.
Fransiya prezidentining qayd etishicha, Ukrainadagi har qanday hududiy almashinuv faqat Ukraina bilan muhokama qilinishi kerak.
“Tramp AQSH Alyaskadagi ushbu uchrashuvda oʻt ochishni toʻxtatishga erishmoqchi ekanligini aytdi. Biz Ukrainani qoʻllab-quvvatlashda davom etishimiz kerak, men “biz” deganimda, yevropaliklar va amerikaliklarni nazarda tutyapman”, — dedi Makron jurnalistlarga.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning matbuot kotibining aytishicha, Ukraina har qanday tinchlik bitimining bir qismi sifatida ishonchli xavfsizlik kafolatlariga muhtoj. Shu oʻrinda u Birlashgan Qirollikning Ukrainani qoʻllab-quvvatlashi toʻxtamasligini qoʻshimcha qilgan.
“Ukrainaga tegishli hamma narsani faqat Ukraina bilan muhokama qilish kerak” — Zelenskiy
Zelenskiy Mers bilan boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Rossiya oʻzini butun Ukrainani bosib olishga qodir, deb koʻrsatishga harakat qilayotganiga urgʻu berdi. Ukraina rahbari, shuningdek, Ukraina haqida gaplashish Ukrainasiz boʻlishi mumkinmasligidan ogohlantirgan.
“Ukrainaga tegishli hamma narsani faqat Ukraina bilan muhokama qilish kerak. Muzokaralar uchun uch tomonlama formatni tayyorlashimiz kerak. Otashkesim boʻlishi kerak. Ishonchli xavfsizlik kafolatlari boʻlishi shart”, — deya qoʻshimcha qildi Zelenskiy.
Zelenskiyning taʼkidlashicha, kelishilgan tamoyillar orasida Rossiyaga Ukrainaning Yevropa Ittifoqi yoki NATOga qoʻshilish yoʻlini toʻsib qoʻyishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Tinchlik muzokaralarini esa Rossiyaga bosimni saqlab qolish bilan birga olib borilishi kerak.
Ukraina rahbari, shuningdek, Rossiya Alyaskadagi sammitda oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlmasa, sanksiyalarni kuchaytirish kerakligini taʼkidladi. “Bu samarali tamoyillar. Ularning ishlashi muhim”, — deydi Zelenskiy.
Tramp sammitdan nimalarga umid qilmoqda?
Muloqotdan soʻng Tramp Vashingtondagi Kennedi markazida nutq soʻzladi.
“Biz yaxshi suhbat oʻtkazdik. Menga bunga 10 baho qoʻyaman”, — dedi Tramp. Shundan soʻng AQSH rahbari juma kungi uchrashuv oldidan potensial keyingi qadamlarni muhokama qildi.
“Ikkinchi uchrashuvni oʻtkazishimiz uchun juda yaxshi imkoniyat bor, u birinchisiga qaraganda samaraliroq boʻladi. Chunki birinchisida men nima qilayotganimizni bilib olaman”, — dedi u.
Tramp, shuningdek, u bilan Putin oʻrtasidagi birinchi uchrashuvdan soʻng Zelenskiy ishtirokida ham uch tomonlama uchrashuv oʻtkazish ehtimolini bildirdi.
AQSH yetakchisi Putin bilan juma kungi muzokaralardan soʻng Zelenskiy va boshqa Yevropa yetakchilariga qoʻngʻiroq qilishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.
Oq uy rahbariga koʻra, agar Putin juma kungi uchrashuvdan keyin urushni tugatishga rozi boʻlmasa, Rossiya uchun “juda ogʻir oqibatlar”ga olib keluvchi voqealar boʻladi.
“Siz uni Ukrainadagi tinch aholini nishonga olishni toʻxtatishga ishontira olishingizga ishonasizmi?”, — deb soʻradi bir jurnalist Trampdan. U esa “Men u bilan bu haqda gaplashganman”, dedi.
“Men urushni tugatishni xohlayman. Bu Baydenning urushi, lekin men uni tugatmoqchiman. Men tugatgan boshqa beshta urush bilan birga bu urushni tugatishdan juda faxrlanaman”, — dedi Tramp. Biroq u qaysi mojarolarni nazarda tutayotganini tushuntirmadi. U may oyida Hindiston va Pokiston, iyun oyida Isroil va Eron oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish uchun daʼvo qilgan va Ozarbayjon hamda Armaniston, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruanda oʻrtasidagi sulh bitimlariga vositachilik qilgan. Shuningdek, u Tailand va Kambodja nizosini hal qilganini aytadi. Bundan tashqari, Tramp, shuningdek, bir necha bor tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini olishni orzu qilishini va oʻzini mukofotga loyiq deb bilishini bir necha bor ochiq aytgan.
“Koʻngillilar koalitsiyasi”da nima gaplar?
Koalitsiya juma kungi muzokaralar uchun asos boʻlishi kerak deb hisoblagan toʻrtta asosiy talabni bayon qilgan bayonotni eʼlon qildi.
Unga koʻra, mazmunli muzokaralar faqat oʻt ochishni toʻxtatish yoki harbiy harakatlarni doimiy va sezilarli darajada toʻxtatish sharoitida boʻlishi mumkin. Ikkinchidan, agar Rossiya Alyaskada oʻt ochishni toʻxtatishdan bosh tortsa, urush iqtisodiyotini yanada keskinlashtirish uchun sanksiyalar va boshqa iqtisodiy choralarni kuchaytirish kerak. Uchinchidan, xalqaro chegaralar kuch bilan oʻzgartirilmasligi kerak. Toʻrtinchidan, Ukraina kuchli xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak, bunda “Koʻngillilar koalitsiyasi” yordam berishga tayyor, jumladan, jangovar harakatlar tugagandan soʻng tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish masalasida.
“Ukraina qurolli kuchlariga yoki uning uchinchi davlatlar bilan hamkorligiga hech qanday cheklovlar qoʻyilmasligi kerak”, — deyiladi bayonotda. Rossiya esa Ukrainaning Yevropa Ittifoqi yoki NATOga aʼzo boʻlish yoʻliga veto qoʻya olmaydi.
Yevropa aralashuvi Alyaskadagi sammitga taʼsir qiladimi?
Bu noaniq, biroq tahlilchilarning aytishicha, chorshanba kungi suhbatlar Yevropa Trampning qitʼani eʼtiborsiz qoldira olmasligiga ishonch hosil qilishga muvaffaq boʻlganini koʻrsatadi.
“Agar maʼlum majburiyatlar berilgan boʻlsa ham, biz Putin va Tramp bir xonada boʻlishsa, nima boʻlishini bilmaymiz”, — dedi Xalqaro inqiroz guruhining Ukraina boʻyicha katta tahlilchisi Lutsian Kim “Al Jazeera” telekanaliga.
“Tramp birinchi marta lavozimga kelganida yevropaliklarni tinglashi maʼlum emas edi. Tramp yevropaliklarsiz Ukrainada biron bir yechimga erishish juda qiyin boʻlishini tushundi”, — dedi u. Kim, shuningdek, Yevropa oʻz kuchi va taʼsiridan foydalanib, urush yuzasidan Rossiyaga bosim oʻtkazganini taʼkidladi.
Rossiya tinchlik shartnomasi haqida qanday fikrda?
Chorshanba kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aleksey Fadeyev matbuot anjumanida Moskvaning pozitsiyasi prezident Putin 2024-yil iyun oyidagi bayonotidan farq qilmasligini aytdi.
Oʻshanda Putin Ukraina hukumati Ukrainaning Rossiya tomonidan qisman bosib olingan toʻrtta viloyatidan – Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporojyedan chiqib ketsa, sulh darhol kuchga kirishini aytgan edi. U, shuningdek, Ukraina NATO harbiy ittifoqiga qoʻshilishdan rasman voz kechishi kerakligini taʼkidlagan.
Rossiya hozirda Ukrainaning qariyb 19 foizini, jumladan butun Qrim va Luganskni, Donesk, Zaporojye va Xersonning 70 foizdan ortigʻini, qolaversa Xarkov, Sumi, Nikolay va Dnepropetrovsk viloyatlarining kichik qismlarini nazorat qilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring