Bosh vazirga “yolchimayotgan” Makron yaqinda isteʼfoga chiqqan Sebastyan Lekornyuni yana lavozimiga qaytardi

14:48 11 Oktyabr 2025 Dunyo
259 0

Foto: AP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron isteʼfoga chiqqanidan bir necha kun oʻtgach Sebastyan Lekornyuni qayta bosh vazir etib tayinladi va unga yangi hukumatni shakllantirish vazifasini yuklatildi. Bu haqda Yelisey saroyi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Lekornyuning oʻzi siyosiy inqirozni yengib oʻtish uchun “burch tuygʻusi tufayli” tayinlanishni qabul qilganini aytdi. U lavozimga tayinlanganidan bir oy oʻtib, 6-oktyabr kuni partiyadagi kelishmovchiliklar tufayli isteʼfoga chiqqan edi.

U X ijtimoiy platformasida bosh vazir lavozimiga qayta tayinlangani haqida fikr bildirdi.

“Fransiyaga yil oxirigacha byudjet olishi va yurtdoshlarimizning kundalik muammolari hal etilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha respublika prezidenti tomonidan menga topshirilgan vazifani “burch tuygʻusi” bilan qabul qilaman”, — deb yozadi u.

Lekornyuning qoʻshimcha qilishicha, “Fransiyaning obroʻsi va manfaatlariga putur yetkazadigan” siyosiy inqirozga barham berish zarur.

Uch yil ichida besh nafar Bosh vazir

Sebastyan Lekornyu 2025-yil sentyabr oyi boshida bosh vazir boʻldi, biroq bir oydan kamroq vaqt oʻtgach, 6-oktyabrda isteʼfoga chiqdi. Isteʼfoga chiqishidan bir kun oldin u yangi hukumatni taqdim etdi, unda bir necha muhim vazirlar oʻz oʻrinlarini saqlab qolishdi, bu esa muxolifatning tanqidiga sabab boʻldi. U hukumatdan ketishini tomonlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf eta olmagani bilan izohladi.

“Bosh vazir boʻlish qiyin vazifa, ayniqsa hozir... Har bir siyosiy partiya parlamentda oʻz koʻpchiligiga egadek harakat qilmoqda”, dedi u “The Washington Post” gazetasiga bergan intervyusida.

Lekornyu Makronning yangi prezidentlik muddati boshlangan 2022-yildan beri Fransiyaning beshinchi bosh vaziri hisoblanadi. Undan oldin bu lavozimda Fransua Bayru bir yildan kamroq muddat xizmat qildi. U hukumat xarajatlarini qisqartirish va byudjet taqchilligi tufayli parlamentda ishonchsizlik votumiga duch kelgandi. Bayrugacha Mishel Jan Barnye, Gabriel Nissim Attal de Kuris, Elizabet Born qisqa muddatlarda Fransiya hukumatini boshqargan edi.

Buyuk Britaniyaning “The Times” gazetasi Lekornyuning isteʼfosini sharhlar ekan, prezident Emmanuel Makronni “oqsoq oʻrdak” deb atadi. “U “oqsoq oʻrdak”, 2027 yil, muddati tugashicha oqsoqlanadi, ammo uning oʻsha paytgacha yetib borishiga ishonch yoʻq”, — deyiladi maqolada.

Sobiq bosh vazir Eduard Filipp (2017-2020-yillar) Fransiyada muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini oʻtkazish zarurligini aytdi. “Biz soʻnggi olti oy davomida boshdan kechirgan narsamiz yana oʻn sakkiz yilga choʻzilishiga yoʻl qoʻya olmaymiz — bu juda uzoq va Fransiya uchun zarar”, — deydi u.

Siyosiy inqirozning ildizi qayerda?

“Yengilmas Fransiya” partiyasi rahbari Matilda Panoning taʼkidlashicha, bir guruh parlament aʼzolari Makronning isteʼfosini talab qiluvchi rezolyutsiyani imzolagan va uni hokimiyatdan chetlatish boʻyicha ish qoʻzgʻatish taklifi tez orada koʻrib chiqiladi. Fransiya Milliy assambleyasi aʼzosi Jan-Lyuk Melanshon ham ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan. Biroq 8 oktyabr kuni Fransiya Milliy assambleyasi Makronga impichment eʼlon qilish taklifini rad etgani maʼlum boʻldi.

Fransiyadagi siyosiy inqiroz 2024-yilning yozidan, Makronning markazchi koalitsiyasi Yevropa parlamenti saylovlarida magʻlubiyatga uchragan va oʻng qanot partiyalar parlamentga kirgan paytdan beri davom etmoqda.

Bunga javoban Makron Milliy assambleyani tarqatib yubordi va navbatdan tashqari saylovlar oʻtkazishni eʼlon qildi, natijada hukmron koalitsiya oʻzining avvalgi taʼsirini yoʻqotib, hukumatni muxolifatga qaram qilib qoʻydi.

Parlamentdagi oʻng qanot pozitsiyasining mustahkamlanishi asosiy qarorlarni qabul qilishga toʻsqinlik qilmoqda. Hukumat 2025-yilning birinchi choragi yakuniga koʻra 3,346 trillion yevroga yetib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 114 foizidan oshib ketgan davlat qarzining oʻsishi fonida 2026-yilgi davlat byudjetini tasdiqlay olmayapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер