Bolalarni himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi qoʻmitaga qaytardi

17:14 17 Dekabr 2025 Hujjatlar
437 0

Illyustrativ foto

Bugun, 17-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Qonun loyihasida taʼlim tashkilotida bolalarni tarbiyalash, ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va taʼlim berish jarayonida bolaga nisbatan zoʻravonlik holatlari sodir etilganligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, vasiy yoki homiy oʻz yashash joyini oʻzgartirmoqchi, shu jumladan boshqa mamlakatga koʻchib ketmoqchi boʻlsa, vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va vasiylikka olingan 10 yoshga toʻlgan bolaning roziligi talab etilishi hamda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish boʻyicha ishlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakilining ishtiroki belgilanmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boʻlinmalari ota-ona yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bolaning sogʻligʻini tiklash va reabilitatsiya qilish uchun qilingan qoʻshimcha xarajatlarni bola foydasiga undirish haqida kiritilgan arizalar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod etilmoqda.

Shu bilan birga, yetim bola yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolani vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi yashaydigan joyga roʻyxatga qoʻyganda ham davlat boji toʻlashdan ozod etish taklif qilinmoqda.

Majlisda deputatlar loyiha yuzasidan ayrim eʼtirozlarini bildirib, undagi baʼzi moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish boʻyicha takliflar ilgari surildi. Uzoq davom etgan muhokamalar va savol-javoblardan soʻng, qonun loyihasi masʼul qoʻmitaga qaytarilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?