“Bolalarga bering dunyoni...”

10:52 02 Iyun 2025 Jamiyat
77 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyatida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekistonning baxtli bolalari” shiori ostida bayram tadbirlari boʻlib oʻtdi. Fargʻona shahri markazida joylashgan Ahmad Fargʻoniy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida oʻtkazilgan asosiy bayram tadbiri ham bolajonlarga olam-olam quvonch ulashdi.

Bayram shodiyonasiga viloyatning barcha hududlaridan kelajagimiz vorislari taklif etildi. Shuningdek, tadbirda shahar va tumanlardan tashrif buyurgan 160 nafardan ziyod nogironligi boʻlgan hamda kam taʼminlangan oilalar farzandlari, oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari ham ishtirok etdi.

Tadbirlar doirasida Kashtanzor koʻchasi boʻylab bolajonlar, ularning ota-onalari va ertak qahramonlari ishtirokida yurish marafoni oʻtkazildi. Madaniy-maʼrifiy uchrashuvlar, teatrlashtirilgan badiiy tomoshalar namoyish etildi.

Bolajonlarga Fargʻona viloyati hokimligi, tegishli mutasaddi idoralar nomidan esdalik sovgʻalari topshirildi. Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Sherzod Polvonov yigʻilganlarni bayram bilan qutlab, yurtimizda yosh avlodning taʼlim-tarbiya olishi hamda isteʼdodini namoyon etishi uchun yaratilgan qulay sharoitlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

— Shu yilning 15-may kuni Prezidentimiz rahbarligida maktab taʼlimi tizimidagi islohotlarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida “Dolzarb 90 kun” dasturi eʼlon qilindi, — deydi Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Dolimov. — Dastur doirasida 1-iyundan 30-avgustgacha maktab oʻquvchilari va uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sogʻlomlashtirish hamda har tomonlama rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilishi belgilab olindi.

Demak, kelajagimiz vorislari taʼlim-tarbiyasi jarayonida yozgi taʼtil davrida ham tanaffus boʻlmaydi. Bugundan “Dolzarb 90 kun” loyihalari mamlakatimizning barcha hududlarida bir vaqtning oʻzida boshlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?