Boks. Murodjon Ahmadaliyev va Naoya Inoue oʻrtasidagi tarixiy jangga 2 kun qoldi

Joriy yilning 14-sentyabr kuni Yaponiyaning Nagoya shahridagi “IG arena” sport majmuasida professional boks oqshomi boʻlib oʻtadi. Ushbu kechaning markaziy jangida ikkinchi eng yengil vazn toifasida mutlaq Jahon chempioni, yaponiyalik Naoya Inoue Oʻzbekiston vakili Murodjon Ahmadaliyevga qarshi ringga koʻtariladi.
Ushbu toʻqnashuv shunisi bilan ahamiyatliki, unda WBA chempionlik kamari uchun majburiy daʼvogar boʻlgan oʻzbekistonlik charmqoʻlqop ustasi oʻz vazn toifasida boksdagi barcha nufuzli tashkilotlarning kamarlariga bitta jangning oʻzidayoq ega chiqishi mumkin. Bu — mutlaq chempionlik (undisputed champion) degani. Bunaqasi Oʻzbekiston tarixida hech qachon boʻlmagan. Hatto butun Markaziy Osiyoda ham hali biror professional bokschi mutlaq chempionlikka ega chiqmagan.
Aytish joiz, Murodjon Ahmadaliyev Naoya Inoue bu jangni qabul qilishi uchun uni tom maʼnoda, ancha vaqt taʼqib etdi. Oʻtgan vaqt davomida sportchilar hamda ularning jamoalari ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab treshtoklarga kirishdi. Xususan, oʻzbek bokschisi “Fights Around The World” nashriga bergan intervyusida ayni damda oʻzini juda yaxshi his qilayotgani va chempionlikka tashna ekanini aytdi.
“Men nihoyat Inouega qarshi jang qilish imkoniga ega boʻldim. Bu maqsadga erishish uchun katta mehnat qildim va jang kunida oʻzimning eng yaxshi versiyamni namoyish etaman. Ushbu jangga tayyorgarlik jarayonida oʻzimning butun faoliyatimdagi eng yaxshi sport formamga kiryapman, deb hisoblayman.
Men zarbalarim bilan har qanday raqibni buzib tashlay olaman, kuchimga ishonaman va uni amalga oshirishga tayyorman. Inoue ham bundan mustasno emas. Mening vazifam — uni magʻlub qilish, va bu uchun barcha imkoniyatimdan foydalanaman”, degan Murodjon.
Naoya Inoue MJning soʻzlariga quyidagicha javob berdi:
“Men uning fikrlarini oʻqidim, lekin oʻylaymanki, u biroz noaniq bayonot berdi. Umumiy kuch jihatidan men Ahmadaliyevdan qolishmayman. Ammo meni uning jismoniy imkoniyatlari va kuchli zarbalari tashvishga solmoqda”.
Ahmadaliyev bugun, 12-sentyabr kuni Nagoya shahrida boʻlib oʻtgan jangdan oldingi matbuot anjumanida ham asosiy maqsadi mutlaq jahon chempioni boʻlish ekanini aytib oʻtdi.

“Men bu yerga chempionlik kamarlarini olib ketish uchun kelganman. Maqsadim — mutlaq jahon chempioni boʻlib, tarixga kirish. Buning uchun 14-sentyabrdagi jangda ringga borimni tashlab chiqib ketaman. Bu yerga Yaponiyaning chiroyli, tarixiy, diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish uchun kelmaganman.
Jangda har bir raundni yutishim kerak. Buning uchun bahs davomida ringda chiroyli, toza va aql bilan ishlashga astoydil harakat qilaman. Bu jangni ikki yil kutdim. Berilgan imkoniyatdan maksimal darajada foydalanib qolishim shart. Buning uchun 100 foiz kuch bilan jang qilaman.
Fursatdan foydalanib, ushbu jangni oʻtkazayotgan tashkilotchilar, homiylar, promouterlarga oʻz minnatdorligimni bildiraman. Ertaga tarozi marosimi, indinga jang, demak, tarix yozilishiga oz fursat qoldi”, dedi Murodjon.

Shuningdek, u anjuman davomida Naoya Inoue va uning barcha jamoadoshlariga oʻzbek choponlarini sovgʻa tariqasida kiydirdi. Yaponiyalik sportchi ham buni oʻta samimiy qabul qildi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu holatni: “Endi choponlar evaziga kamarlarni berishsa boʻldi”, deya hazilomuz tarzda talqin qildi.

Ahmadaliyevning murabbiyi Joel Dias “Ring Magazine” nashriga bergan intervyusida MJning Inouega qarshi imkoniyatlari, jang strategiyasi va hatto Yaponiyada ochkolarga umid qilish qiyinligi haqida fikr bildirdi.
«Biz oʻzimizga ishonch bilan keldik va qattiq tayyorlandik. Naoya ajoyib jangchi — buni rad etmayman, ammo Murodjon Inoueni magʻlub etishiga ishongani uchun bu jangni oʻz xohishi bilan oldi. Murodjonda katta tajriba bor: u har xil uslublarni koʻrgan va zarba berishni biladi. Kardenas Inouega qarshi besh raund davomida biroz qiyinchilik tugʻdira oldi, ammo unda Murodjonga xos tajriba va imkoniyat yoʻq.
Biz Inoueni nokaut qilish mumkinligini bilamiz. Agar Murodjon unga kuchli va aniq zarba bersa, u albatta qulashi mumkin. Farqi shundaki, Murodjon raqibini qayta tiklanishiga yoʻl qoʻymaydi. Realist sifatida aytsam, Yaponiyada Inoueni ochkolar hisobida magʻlub etish juda qiyin. Shuning uchun uni nokaut qilishimiz shart. Inoueni nokautga uchratish mumkin — bu faqat vaqt masalasi», deydi Joel Dias.

Maʼlumot uchun, 30 yoshli oʻzbekistonlik bokschi profboksda bungacha 15 ta jang oʻtkazgan boʻlib, ularning faqatgina bittasida magʻlubiyatga uchragan. Ahmadaliyev gʻalabalarining 11 tasiga raqiblarini nokaut qilish orqali erishgan.
Uning boʻlajak raqibi 32 yoshli Naoya Inoue esa shu vaqtgacha 30 ta jangda qatnashib, barchasida zafar quchgan. Eʼtiborlisi shundaki, Yaponiya vakilining 27 ta jangi muddatidan oldin yakunlangan. 14-sentyabr kuni boʻlib oʻtadigan toʻqnashuv Inoue uchun WBC va WBO kamarlari boʻyicha oltinchi, WBA, IBF va “The Ring” kamarlari boʻyicha beshinchi himoya jangi boʻladi.
“Salary Leaks” maʼlumotiga koʻra, Inoue – Ahmadaliyev jangi uchun mukofot jamgʻarmasi 20 million dollarni tashkil qiladi. Ushbu pullarning 75 foizini Inoue, qolgan 25 foizini Ahmadaliyev oladi. Agar PPV savdosi kutilganidan yuqori boʻlsa, Inoue yana 4 million dollar, Ahmadaliyev esa qoʻshimcha 1 million dollarga ega chiqishi mumkin.
Muhsin Umurzoqov,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring