AQSH, Ukraina va Rossiya oʻrtasidagi muzokaralar kelasi hafta qayta boshlanadi

13:29 25 Yanvar 2026 Dunyo
381 0

AQSH, Ukraina va Rossiya ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralar 23–24-yanvar kunlari Abu-Dabida boʻlib oʻtgan boʻlib, ular kelasi hafta oʻsha yerda davom ettiriladi.

Muzokaralar kelasi yakshanba, 1-fevral kuni qayta boshlanishi haqida 24-yanvar kuni Axios muxbiri Barak Ravid manbaga tayanib xabar berdi.

AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonlar kelasi hafta Abu-Dabida muloqotni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishganini tasdiqladi. Uning aytishicha, oʻtgan muzokaralar “juda konstruktiv” ruhda oʻtgan.

Axios manbalarga tayanib yozishicha, muzokaralar davomida barcha bahsli masalalar — Donbass, Zaporojye atom elektr stansiyasini boshqarish hamda har ikki tomon uchun deeskalatsiya boʻyicha zarur qadamlar muhokama qilingan. “Hamma masalalar koʻrib chiqildi. Hech bir tomon muhokamalardan chetlatilmadi”, — deydi nashr suhbatdoshi. Manbalardan birining soʻzlariga koʻra, tomonlar “Putin va Zelenskiy uchrashuviga juda yaqin”. U qoʻshimcha qilishicha, agar kelasi uch tomonlama muzokaralarda yanada katta ilgarilashga erishilsa, uchrashuv Moskva yoki Kiyevda boʻlib oʻtishi mumkin.

Muzokaralarning ikkinchi kuni yakunlangach, uchala delegatsiya birga tushlik qildi. “Bir paytda hamma deyarli doʻstlarga oʻxshab qoldi. Menda umid paydo boʻldi”, — deya amerikalik amaldorning soʻzlarini keltiradi Axios.

Abu-Dabidagi ikki kunlik muzokaralar yakunlariga koʻra, Ukraina rasmiylari ularni “ijobiy”, Vladimir Zelenskiy esa “konstruktiv” deb baholab, uchrashuvda urushni yakunlash parametrlari muhokama qilinganini taʼkidladi. Rossiya tomoni esa muzokaralar natijalari boʻyicha hozircha rasmiy bayonot bermagan. BAA Tashqi ishlar vazirligi esa Abu-Dabidagi muzokaralar chogʻida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari oʻzaro toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilganini maʼlum qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?